Qur'oni karim oyatlarini tafsir, sharhlashga ehtiyoj bormi? Binobarin Qur'oni karimning qator oyatlarida Alloh taolo oyatlarni tushunish va fahmlash oson, engil ekanligi ta'kidlangan-ku? Bundan go'yoki Qur'on oyatlarini tushuntirishga hojat yo'qdek ko'rinadi. Biroq, oyatlar diqqat bilan o'rganilsa, Qur'oni karimda ikki xil hodisa va narsalar bayon etilishi ma'lum bo'ladi.
Ulardan biri oddiy voqelikka taalluqli bo'lib, oldingi payg'ambarlar, ularning xalqlari bilan bog'liq tarixiy voqealar, Allohning ne'matlari, osmon va erning yaratilishi, ilohiy qudrat va hikmat, do'zax azoblari haqidagi hamda boshqa xabarlarni o'z ichiga oladi.
Ikkinchisi esa, shariat ahkomlari, ixtilofli masalalarni o'z ichiga oladi.
Qur'onda zikr (dars, va'z, nasihat) deb nomlangan birinchi turdagi mavzuni, shubhasiz, tushunish oson, hatto savodsiz dehqon ham undan o'zi manfaat topishi mumkin. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyilgan:
وَلَقَدۡ يَسَّرۡنَا ٱلۡقُرۡءَانَ لِلذِّكۡرِ فَهَلۡ مِن مُّدَّكِرٖ ٢٢
"Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!"(Qamar surasi, 22-oyat).
Oyatdagi "Zikr uchun" so'zi asosiy diqqatini Qur'ondan o'rganishga qaratadi va faqat shu maqsadda oson, degan ma'noni anglatadi, lekin hech qanday holatda bu osonlik qonunlar va ta'limotlarning talqini bilan bog'liq emas. Agar bu turdagi narsalar va hodisalarning ta'birini har kim bilsa edi, Alloh taolo Payg'ambarimizga Kitobni o'rgatish va tushuntirish vazifasini yuklamagan bo'lardi.
Yuqorida ta'kidlanganidek, Qur'on oyatlarini tushuntirish, sharhlashda Payg'ambar alayhissalomga muhtoj bo'linadi. Alloh taolo bu haqda bunday marhamat qiladi:
وَتِلۡكَ ٱلۡأَمۡثَٰلُ نَضۡرِبُهَا لِلنَّاسِۖ وَمَا يَعۡقِلُهَآ إِلَّا ٱلۡعَٰلِمُونَ ٤٣
"Ushbu misollarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar" (Ankabut surasi, 43-oyat).
Shunday qilib, birinchi turga oid oyatlarni tushunish osonligi, Qur'ondagi amrlarning qonuniy va amaliy xulosalarini aniqlab beradigan payg'ambarga ehtiyojni istisno qilmaydi.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism, 8-qism, 9-qism, Davomi bor...
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami yurtimizda milliy g‘urur va fidoyilik ramzi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu kun Vatan himoyasi yo‘lida halollik va jasurlik ko‘rsatgan barcha fuqarolarni qadrlash, ularning hissasini e’tirof etish kunidir.
Vatan himoyachilari nafaqat harbiylar, balki mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan barcha insonlardir. Ular sog‘lom, barqaror jamiyat qurish yo‘lida faoliyat olib borayotgan, ertangi kunning tinchligi uchun mehnat qilayotgan va boshqalarga namuna bo‘layotgan kishilardir.
Har bir kishi vatanparvarlikni o‘z oilasidan, mahallasidan boshlashi lozim. Otinoyilar, ustozlar va ziyolilar yosh avlodga Vatanga bo‘lgan muhabbatni, uni himoya qilish mas’uliyatini yoshlikdan o‘rgatmog‘i kerak. Chunki kelajak avlodning ma’naviyati va irodasi Vatan mustaqilligini yanada mustahkamlaydi.
Bugungi kunda yoshlar harbiy bilimlar bilan birga axloqiy va ma’naviy tarbiyaga ham katta ahamiyat berishi kerak. Shu yo‘l bilan ular Vatanga fidoyilik bilan xizmat qilishga tayyor, shijoatli va barkamol shaxslar bo‘lib yetishadi.
14 yanvar kuni nafaqat bayram, balki Vatanga sadoqat va mas’uliyatni eslatuvchi muhim sana bo‘lib, har birimizga milliy iftixor hissini uyg‘otadi. Tinchlikning qadrini bilish, uni asrash va kelajak avlodga sog‘lom yurt qoldirish barchamiz uchun muqaddas burchdir.
Rizvon Bahramova,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi