Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tafsir qilgan Qur'oni karim oyatlaridan misollar (9-qism)

5.08.2022   2930   9 min.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tafsir qilgan Qur'oni karim oyatlaridan misollar (9-qism)

Islom shariatda sunnatning tutgan o'rnini yanada yaxshiroq anglab olish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qur'oni karim oyatlarini qilgan tafsirlaridan misollar keltiraylik.

  1. Namoz – Islom shariatining besh ustunidan biri, farz sanalgan ibodatlardan, shahodatdan keyin turuvchi amal. Qur'oni karimning 70dan ortiq oyatlarida namoz o'qishga buyuriladi. Ammo birorta oyatda uni qanday ado etishning tartiblari bayon etilmagan.

To'g'ri, namozdagi: ruku, sajda, qiyom kabi ayrim harakatlar haqida oyatlar bor, ammo namozni to'liq ado etish tartibi haqida hech qanday oyat uchramaydi. Bu borada, faqatgina sunnat orqali namoz o'qishni o'rganish mumkin. Sunnatdan boshqa biror manba orqali uni o'rganib bo'lmaydi.

Demak, Alloh taolo 70 dan ortiq oyatlarda namoz o'qishga buyurib, uni qanday ado etishni to'liq bayon etmaganligining sababi bu – sunnatning ahamiyati va uning o'rnini bildirish uchundir. Zero, Qur'oni karimda ilmlarning asosi bayon etiladi, ularning mazmun-mohiyatini tushuntirish, izohlash Payg'ambar alayhissalomning vazifasidir. 

  1. Alloh taolo Qur'oni karimda namozni o'z vaqtida o'qishga buyuradi. Bu haqda Alloh talol bunday marhamat qiladi:

إِنَّ ٱلصَّلَوٰةَ كَانَتۡ عَلَى ٱلۡمُؤۡمِنِينَ كِتَٰبٗا مَّوۡقُوتٗا ١٠٣

Zero, namoz mo'minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir(Niso surasi, 103-oyat).

Ammo birorta oyatda namozni qachon o'qish kerakligining aniq vaqti bayon etilmagan. Hatto farz namozi besh mahal ekani ham Qur'onda kelmagan. Namozning besh mahalligi va bir kecha-kunduzda ularning o'qilish vaqtlarini faqatgina sunnat orqali bilish mumkin. 

  1. Qur'onda namozning rakatlarining sonini bildiruvchi birorta oyat yo'q. Faqatgina sunnat orqali bomdod namozi 2 rakat, peshin, asr, hufton namozlari 4 rakat, shom esa 3 rakat farzdan iborat ekanini bilish mumkin. Sunnatni o'rganmay turib hatto Islom dinining ustunlaridan bo'lgan – namozni ham to'g'ri ado etish mumkin emas. 
  1. Islom dinining uchinchi ustuni – zakot. Qur'oni karimda 30 dan ortiq oyatda ta'kidlangan farz amal. Ammo zakot kimlarga farz? Zakotni qachon berish kerak? Nimalardan zakot beriladi va nimalardan berilmaydi? Agar sunnat bo'lmaganda bu savollar ochiq qolardi. Aynan Nabiy alayhissalom kim va kimga zkaot berilishini aniq, ochiq-ravshan tushuntirib berganlar. 
  1. Islom dinining to'rtinchi ustuni – haj. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

وَلِلَّهِ عَلَى ٱلنَّاسِ حِجُّ ٱلۡبَيۡتِ مَنِ ٱسۡتَطَاعَ إِلَيۡهِ سَبِيلٗاۚ ٩٧

"Yo'lga qodir bo'lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir" (Oli Imron surasi, 97-oyat).

Ushbu oyatda haj amalini necha marotaba bajarish lozimligi bayon etilmagan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam banda umri davomida sog'lom va moliyaviy jihatdan qodir bo'lganda bir marotaba ado etishi farz ekanini ta'kidlaganlar. 

  1. Islom dinining navbatdagi ustuni – Ramazon oyining ro'zasi. Qur'oni karimda ro'zaning asosiy shartlari bayon etilgan oyatlar mavjud. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so'z va amallari orqali ushbu ibodat batafsil tushuntirilgan. Hususan, ro'zadorlar uchun eb-ichish va jinsiy yaqinlik qilishdan tashqari yana qanday amallarni bajarish taqiqlangan? Qaysi shartlarga ko'ra kunduz kuni ro'zani ochib yuborish mumkin? Ro'zadorning xulqi qanday bo'lishi kerak? Bu savollarga faqat sunnat orqali javob topish mumkin. 
  1. Qur'oni karimda junublikdan poklanish alohida ta'kidlanadi. Alloh taolo bunday buyuradi:

وَإِن كُنتُمۡ جُنُبٗا فَٱطَّهَّرُواْۚ ٦

"Agar junub bo'lsangiz, obdon poklaningiz (cho'milingiz)!" (Moida surasi, 6-oyat).

Boshqa oyatda esa, junub holatda namozga yaqinlashmaslik aytiladi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَقۡرَبُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَأَنتُمۡ سُكَٰرَىٰ حَتَّىٰ تَعۡلَمُواْ مَا تَقُولُونَ وَلَا جُنُبًا إِلَّا عَابِرِي سَبِيلٍ حَتَّىٰ تَغۡتَسِلُواْۚ ٤٣

"Ey, iymon keltirganlar! Toki gapirayotgan gapingizni (o'zingiz) biladigan bo'lguningizgacha, mast hollaringizda namozga yaqinlashmangiz! Yana junub (nopok) hollaringizda ham, to poklanmaguncha (namozga yaqinlashmangiz)" (Niso surasi, 43-oyat).

Ammo oyatlarda junubning ta'rifi va junub odam qanday poklanishi lozimligi bayon etilmagan. Albatta bu savollarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam batafsil javob beradilar. 

  1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

وَٱلَّذِينَ يَكۡنِزُونَ ٱلذَّهَبَ وَٱلۡفِضَّةَ وَلَا يُنفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ فَبَشِّرۡهُم بِعَذَابٍ أَلِيمٖ ٣٤

«Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo'lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida "xushxabar" bering!»(Tavba surasi, 34-oyat).

Ushbu oyatda mol-dunyoni Alloh rizoligi yo'lida sarflash maqtalmoqda, ammo ularni to'plab qo'yish, sarflamaslik qattiq qoralanmoqda. Lekin qancha mol-dunyoni yig'ish mumkin va uni qayerlarga sarflash kerakligi bayon etilmagan. Bu savollarga ham sunnat orqali javob topish mumkin. 

  1. Qur'oni karimda nikohi harom qilingan ayollarning birin-ketin ro'yxati keltirilib, unda ikki opa-singilni qo'shib nikohga olish harom ekani alohida ta'kidlanadi:

وَأَن تَجۡمَعُواْ بَيۡنَ ٱلۡأُخۡتَيۡنِ ٢٣

"Ikki opa-singilni qo'shib (nikohlab) olishingiz (ham harom qilindi)"(Niso surasi, 23-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu oyatni kengroq sharhlab, bu taqiq nafaqat ikki opa-singilga, balki ona va ota tomondan xola va jiyanga[1] ham tegishli ekanining xabarini berganlar.

  1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

ٱلۡيَوۡمَ أُحِلَّ لَكُمُ ٱلطَّيِّبَٰتُۖ ٥

"Bugun sizlar uchun pokiza narsalar halol qilindi" (Moida surasi, 5-oyat).

Nimalar pokiza narsalar ekanini bilish, ularning ro'yxati bilan tanishish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga murojaat qilish talab etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam halol bo'lgan narsalar bilan birga halol bo'lmagan narsalarning ham xabarini berganlar. Agar u zot alayhissalom ularning ro'yxatini ummatlariga e'lon qilmaganlarida har bir inson o'zicha bu oyatni talqin qilgan bo'lardi. Oqibatda halol bilan harom narsalarning chegarasi buzilib ketardi.

Bu kabi misollarni ko'plab keltirish mumkin, lekin yuqorida keltirilgan dalillar mavzuning mohiyatni ko'rsatish uchun etarli.

[1] Bir kishi bir vaqtning o'zida opa-singilni, jiyan bilan amma, xolalarni nikohiga olishi mumkin emas. Hadisda "Bir ayolning ustiga ammasi yoki holasi yoxud aka-ukalarining qizlari, opa-singillarining qizlari nikoh qilinmaydi" deyiladi (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning

"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan

Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD

 

1-qism2-qism3-qism4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism, 8-qism, Davomi bor...

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   4318   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.