Qur'oni karimni sharhlash va tushuntirish Nabiy alayhissalomga berilgan ikkinchi huquqdir. U zot sollallohu alayhi vasallamning Qur'oni karim oyatiga qilgan tafsirlari hal qiluvchi so'z sanaladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿بِالْبَيِّنَاتِ وَالزُّبُرِ وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ﴾
“Ochiq-oydin bayonotlar va kitoblar ila (yubordik). Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o'zlariga bayon qilib berishing uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar”(Nahl surasi, 44-oyat).
Ushbu oyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning asosiy vazifalaridan biri – Qur'oni karimni bayon qilish ekani alohida ta'kidlanmoqda. Makka ahli Qur'on oyatlarining zohiriy ma'nolarini sharhlanishiga ehtiyoj sezishmagan. Chunki Qur'oni karim ularning o'z ona tilida vahiy qilinardi. Arablarning aksariyati savodsiz bo'lishiga qaramay, til va adabiyot borasida juda kuchli bilimga ega bo'lganlar. Ularning sermazmun she'rlari, balog'atli nutqlari, ta'sirli suhbatlari arab adabiyotining bebaho xazinasini tashkil etardi. Shu sababli, arablar Qur'on oyatlarining zohiriy ma'nosini yaxshi tushinishgan. Ma'nolarini anglamay qolishlari amri mahol bo'lgan.
Demak, bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga arablarga Qur'on oyatlarining botiniy ma'nolarini ham bayon qilib berish vazifasi yuklangani ma'lum bo'ladi.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi:
﴿ثُمَّ إِنَّ عَلَيْنَا بَيَانَهُ﴾
“So'ngra uni bayon qilib berish ham Bizning zimmamizdadir”(Qiyomat surasi, 19-oyat).
Bu oyatni tafsir qilishga aslo hojat yo'q. Alloh taolo O'zi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur'on oyatlarining tafsirini bildirgan. Shunga ko'ra, Nabiy alayhissalom biror oyatni qanday tafsir qilgan bo'lsalar, albatta uni Alloh taolo bildirgan bo'ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qur'oni karim tafsiri va sharhida aytgan so'zlari hal qiluvchi so'nggi so'zdir.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 6-qism, 7-qism, 8-qism, Davomi bor...
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV