Alloh taologa hamdu sano payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga salovotlar bo'lsin. Alloh taolo ramazon oyi ro'zasini farz qilar ekan, unda bandalari uchun behisob ajr, savoblar va sihat-salomatligi uchun katta foyda borligini ma'lum qiladi.
Jumladan, Qur'oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “...Agar bilsangiz, ro'za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir...”(Baqara, 184).
Anas (roziyallohu anhu)dan: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Saharlik qilinglar. Albatta, saharlikda baraka bordir”,yana bir boshqa hadisda “Saharlik taomini lozim tutinglar. Chunki u muborak emakdir” dedilar.
Amr ibn Os (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bizning ro'zamiz bilan ahli kitoblarning ro'zasidagi farq saharlik eyish bilandir”yana bir hadisda “Hurmo mo'min kishi uchun qanday ham yaxshi saharlik”, dedilar.
Yuqoridagi hadislardan ma'lum bo'ladiki, saharlik qilishda baraka bordir. Saharlik qilishda inson sihat-salomatligi uchun manfaat bor. Iloji bo'lganda saharlikda xurmo eyilsa, inson salomatligi uchun foydali ekani hadisdan ma'lum bo'ladi. Saharlik qilishdan maqsad kunduzi tutiladigan ro'za uchun baquvvat bo'lib olishdir. Ko'rinib turibdiki, Islom dini engillik va inson toqati ko'tara oladigan amallar ustiga joriy qilingan. Islom shariati joriy qilgan ibodatlarni bajarish uchun o'zini qiynash shart emas. Bugungi kunda ba'zi kishilarga: “Ro'za tutsang, Allohning amrini bajargan bo'lasan, oxiratda do'zaxdan qutilib jannatga kirasan”, deyilsa, parvo ham qilmaydi. Taqvo, boshqa yaxshi sifatlar haqida gapirib o'tirishga hojat ham yo'q.
Agar o'sha kishiga: “Ro'za tutgin, sog'liging yaxshi bo'ladi, vazning engillashadi” deyilsa, “Unday bo'lsa, bir urinib ko'rsak bo'lar ekan”, deydi. Bu esa, o'z navbatida ro'zaning asl mohiyatidan uzoqlashishga olib keladi. Afsuski, bunga o'xshash ro'zani asl mohiyatidan musulmonlarni uzoqlashtiradigan omillar oz emas.
Uzoqqa bormay, birgina oziq-ovqat masalasini olib ko'raylik. Haqiqiy islomning ro'za falsafasi bo'yicha Ramazondan boshqa, oddiy paytlardagi nonushta Ramazonda saharlik bo'lib, kechki ovqat esa iftorlikka o'tishi kerak.
Voqelikda bo'lsa, kishilar oddiy kunlarda bir necha kunga etadigan oziq-ovqatni Ramazoning bir kunida saharlik va iftorlik qilib, eb-ichib oladilar. Natijada ular Ramazondan bir necha kiloga semirib chiqadilar.
Lekin shunga qaramay, Ramazonning ruhi uning foydasi hozir ham dunyo bo'ylab yaqqol ko'rinib turibdi. Ramazoni sharif kirishi bilan Islom olami o'zgacha tusga kiradi. Barcha yaxshiliklar keskin ko'payib, yomonliklar deyarli yo'qoladi. Kim bo'lishidan qat'iy nazar har bir musulmon tavbaga, ibodatga o'zini uradi. Har kim qo'lidan kelgancha yaxshilik qilishga urinadi. Yomonlikdan barcha, hatto yomonlar ham o'zini olib qochadi. Boshqa vaqtda namoz o'qimaydiganlar ham ro'za tutib, namoz o'qib, tarovehga qatnab qoladi. Hullas, musulmon olami bir kechada yaxshilik tomon burilib qolganga o'xshaydi.
Sahl ibn Sa'd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alyhi va sallam): “Modomiki iftorni tez qilar ekanlar, kishilar yaxshilikda bo'ladilar”, dedilar.
Yana boshqa bir hadisda “Odamlar modomiki iftorni tez qilishar ekan, din ustun bo'ladi. Chunki yahudiy va nasroniylar iftorlikni kechga suradilar”, dedilar.
Hadisi qudsiyda esa: “Men uchun bandalarimning eng mahbubi iftorni tezroq qiladiganidir”, deyilgan.
Ushbu rivoyatlarda vaqt bo'lishi bilan darhol iftorlik qilish targ'ib etilmoqda. Bu bilan kishilar yaxshilikda davomli bo'lishi, Islom dini ustun bo'lishi, Alloh taologa mahbub bandalardan bo'lish va'da qilinmoqda.
Salmon ibn Omir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qachon biringiz iftor qilsa, og'zini xurmo bilan ochsin. Chunki u barakadir. Kim topmasa, suv bilan ochsin. Chunki u poklovchidir”, dedilar.
Kun bo'yi ro'za tutib yurgan inson jismida katta o'zgarishlar yuz beradi. Shuning uchun iftor vaqti bo'lganda og'izni nima bilan ochish o'ta ahamiyatlidir. Chunki ma'lum muddat davom etgan ochlikdan so'ng birinchi tanovul qilinadigan narsaning ta'siri kattadir. Ana shu jihatdan xurmo yoki suv o'ta muvofiq narsalardir.
Tibbiy-ilmiy izlanishlar oqibatida ro'zaning turli jismiy va ruhiy kasalliklardan himoya qilish, ularning oldini olishda foydasi borligi ma'lum bo'ldi. Masalan,
· ro'za insondagi kasalliklarga qarshi immunitetni kuchaytiradi;
· ro'za tutgan odamda semizlikka qarshi monelik paydo bo'ladi;
· ro'za buyrakda toshlar yig'ilishidan saqlaydi;
· ro'za inson jismini va uni to'qimalarida to'planib qoladigan turli zaharli moddalarni tozalashga yordam beradi. Oziq-ovqat, dori-darmon va havo orqali inson jismiga ko'plab zaharli moddalar kirib qoladi. Ana shu moddalar faqat ro'za orqali chiqib ketadi.
Shuningdek,
· semizlikdan kelib chiqadigan qon tomirlarning torayishi, qon bosimining ortishi va yurak kasalliklarini davolashda;
· qon aylanishiga oid kasalliklarni davolashda;
· bo'g'inlarning surunkali shishini davolashda foydaliligi aniqlangan.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, ro'zaning inson salomatligi to'g'risida yangidan-yangi kashfiyotlari bo'lmoqda. Demak, Islom shariati inson salomatligi va manfaati uchun xizmat qiladigan dindir.
Shu o'rinda ba'zi yurdoshlarimiz tomonidan iftorliklarni isrofgarchilikka, dabdababozlikka aylantirish holatlari ham kuzatilmoqda, aslida, dinimizda isrofgarchilik va xo'jako'rsin uchun qilingan amallarda xayr va yaxshilik yo'q ekanligi ma'lum qilingandir.
Fazliddin Husanov
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kengaytirilgan Ilmiy kengash hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi bilan poytaxtda bunyod etilayotgan megaloyiha muzey ekspozitsiyasi va kutubxona fondini shakllantirish, uning rasmiy ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha Ishchi guruh va kichik ishchi guruhlarining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda
Kengash uchrashuvida quyidagi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan:
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi;
“O‘zbekistonning madaniy merosi — butun insoniyat mulki” mavzusidagi Global ko‘rgazmani tashkil etish;
“Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori” mavzusidagi IX Xalqaro kongressga tayyorgarlik;
Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti – ICESCO (AYSЕSKO) bilan hamkorlikda xalqaro konferensiya o‘tkazish;
“1001 kashfiyot” bolalar ko‘rgazmasini o‘tkazish;
“114 Qur’on” va “O‘zbekiston kartografiyasi” nashr loyihalari taqdimoti;
Shuningdek, “Tirik tarix”, “Kutubxona”, “Tarixiy shaxslar panoramasi” portallari, multimedia va raqamli loyihalar, Imom Buxoriy haqidagi film va kinoxronikalar taqdimoti shular jumlasidandir.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati