Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu dedilar:
"عليك بالعلانية وإياك والسر وكل شيء يستحيى منه"
«Odamlarning oshkora qilayotgan amallariga qara, ularning qalblaridagi narsalar(ga baho berish)dan saqlan va uyalishga sabab bo'ladigan har qanday ishdan hazir bo'l!» (Abu Dovud. az-Zuhd 104-bet;).
Ushbu o'git ba'zi manbalarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ham nisbat beriladi. Lekin, muhaddislar uning hazrat Umar tomonidan aytilganligi, ya'ni mazkur sahobaga taqaluvchi «mavquf hadis» ekanligini aytadilar. Biroq, uning mazmuni Qur'onu sunnatga asoslangandir. Zero, Alloh taolo qalblarni o'zgalar ko'zidan maxfiy qilib qo'ygan. Harchand urinmasinlar, bir-birlarining qalblaridagi narsalarning haqiqatiga eta olmaydilar. O'zgalar qalbi yashirgan narsalarni aniq bilolmaydilar.
O'zi aniq bilmagan narsaga, ya'ni gumonga ergashishdan Alloh taolo qaytarib:
"وَلا تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ"
«(Ey inson), o'zing aniq bilmagan narsaga ergashma!», degan (Isro surasi, 36-oyat).
Mashhur mufassir Ibn Jarir Tabariy aytadi: ushbu oyati karima tafsirida aytilgan so'zlarning eng to'g'risi mana bu so'zdir:
«Odamlarga ular haqida o'zing aniq bilmagan narsalarni gapirma. Aks holda ularni botil bilan (noto'g'ri) ayblab, ularga qarshi nohaq guvohlik berib qo'yasan».
Oyati karima davomida shunday deyiladi:
"إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولَئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْئُولا"
«Chunki, quloq, ko'z, dil – bularning barchasi to'g'risida (har bir inson) mas'ul bo'lur».
Demak, inson eshitgan, ko'rgan va gumon qilgan narsalari borasida so'raladi Qiyomat kunida. Savol-javob qilinadi. Eshitmagan narsasini eshitdim, deb, ko'rmagan narsasini ko'rdim deb nohaq guvohlik bersa, yoxud aniq bilmagan narsasi haqida gumonga ergashib, o'zgalar haqida badgumonlik qilsa va hatto mazkur gumoniga ergashib o'zgalarni nohaq ayblab, ularga ma'naviy zarar etkazsa, albatta buning jazosiga yo'liqadi.
Shu bois ham Nabiy sollallohu alayhi va sallam odamlarning zohiriga qarab muomala qilar va ularning botinlarini, qalblarini Alloh azza va jallaga havola qilardilar. Ularning niyat-maqsadlarini taftish qilib yurmasdilar. O'zlariga vahiy bilan munofiqlarning holi bildirib turilsa ham ularga nisbatan zohirdagi holatlariga qarab muomala qilar, qalblari yashirgan narsalarni esa Allohga qo'yib berardilar.
Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi va sallam Juhayna urug'idan bo'lgan Huraqa qabilasiga jang uchun ayrim sahobalarni jo'natadilar. Sahobalar ular ustidan g'alaba qozonadilar. G'anim qabilasidan bo'lgan Mirdos ismli bir kishi qochayotganda Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu va bir ansoriy sahobiy unga etib olib, qurshab oladilar. Shunda haligi kishi "لا إله إلا الله" (Allohdan o'zga iloh yo'q) deya tavhid kalimasini aytib islomga kiradi. Bu so'zni eshitishi bilan ansoriy unga hujum qilishdan tiyildi. Biroq, Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu unga nayza sanchib o'ldirdi.
Bu xabar Payg'ambarimizga sollallohu alayhi vasallam etib borganda qattiq g'azablanib, Usomaning qilgan bu ishini shiddat bilan tanqid qiladilar. «Ey Usoma, «La ilaha illalloh» degandan keyin o'ldirdingmi?!», deya inkor ma'nosida so'roqqa tutadilar. «Yo Rasululloh, u o'limdan qutulish uchun aytgandi bu so'zni», ya'ni chin ma'noda iymon keltirish uchun emas, balki, shunchaki, tirik qolish uchun aytdi, deya o'z ishiga uzr izladi haligi sahobiy.
Usoma ibn Zayd chindan ham shunday deb o'ylagan edi. Ammo, Nabiy alayhissalom bu so'z bilan qoniqmadilar. G'azabdan tushmadilar va «Qalbini yorib ko'rmabsan-da, rostdan aytdimi yolg'ondan aytdimi bilish uchun?!», deya bu ishni o'ta shiddat bilan inkor qildilar. Bu bilan «Sen qalbdagi narsani bilishga qodir emassan!», demoqchi bo'lgandilar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam.
Yana: «Qiyomat kuni «La ilaha illalloh»ni nima qilasan endi?! Kim senga «La ilaha illalloh» so'zi turganda yordam bera oladi?!», deya ayblashda davom etdilar. Oxiri, Usoma qilgan xatosiga qattiq pushaymon bo'lib, «Eh, qaniydi bundan oldin emas o'sha kuni, (ya'ni shu voqealardan so'ng) musulmon bo'lgan bo'lsam edi», deya afsus-nadomatda qoldi. Chunki, Islom o'zidan avvalgi gunohlarning kechirilishiga sabab bo'ladi. Ya'ni, mazkur sahobiy nazdida bu xatosi tufayli undan avval amalga oshirgan barcha yaxshi ishlari, ulkan solih amallari go'yoki arzimas bo'lib qoldi. Shu bois ham mubolag'a tarzida yuqoridagi so'zni aytdi.
Alisher Sultonxodjayev
#xabar #haj2025
Bugun, 12 iyun kuni erta tongda yurtimiz hojilarining ilk guruhlari yurtimizga yo‘l olishdi.
Aytib o‘tish joiz, bu yilgi haj mavsumi har qachongidan ham fayzli, shukuhli o‘tdi. Haj arkonlarini bajarish uchun yurtimiz mo‘min-musulmonlariga Madinai munavvara, Makkai mukarramada yaratilgan shart-sharoitlarga ko‘plab musulmonlarning havasi kelganiga barcha guvoh bo‘ldi.
Ayniqsa, mehmonxonalar, Mino, Arafot vodiylaridagi qulaylik va imkoniyatlar, tibbiy va transport xizmatlari barchani mamnun etdi.
Endilikda ibodatlarni huzurlanib ado etgan, yuz-ko‘zlari porlagan, peshonalaridan nur balqigan hojilarimizning dastlabki guruhi diyorimizga qaytishmoqda.
Alloh taolo hojilarimizning hajlarini qabul aylasin. Farzandu anjumandlari bag‘riga eson-omon yetib olishsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati