Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Muftiylar sulolasi merosi Islom tsivilizatsiyasi markaziga topshirildi

16.06.2022   1824   5 min.
Muftiylar sulolasi merosi Islom tsivilizatsiyasi markaziga topshirildi

Bugun, 16 iyun' kuni Halqaro islom akademiyasida Muftiy Boboxonovlar sulolasi shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan yozma va bosma asarlar, tarixiy hujjat va fotosuratlarni Islom tsivilizatsiyasi markazi kutubxonasi fondiga qabul qilib olishga bag'ishlab tadbir o'tkazildi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi-Halqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Muftiy Nuriddin domla hazratlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Davronbek Maqsudov, Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov hamda Boboxonovlar sulolasi vakillari qatnashdi.

Marosim Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.

Ma'rifiy uchrashuv avvalida Markaz direktori Shoazim Minovarov oxirgi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy-ma'rifiy sohada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, O'zbekistondagi islom tsvilizatsiyasi markazini barpo etilayotgani ana shu ishlarning yorqin ko'rinishi ekani, Markazdagi muzeyning har bir tarkibiy qismini alohida muassasa deyish mumkinligi, unda Muftiy Boboxonovlar sulolasi hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan alohida qism bo'lishi, taqdim etilgan tuhfalar ushbu joydan o'rin olishi to'g'risida aytib o'tdi.

Shundan so'ng Prezident maslahatchisi, Halqaro islom akademiyasi rektori Muzafar Komilov so'zga chiqib, Prezidentimizning Muftiy Boboxonovlar sulolasining tarixi, buyuk xizmatlarini ommalashtirish bo'yicha alohida ko'rsatmalari borligi, shu asosda ayni paytda ushbu ulug' insonlarning hayoti va faoliyatiga bag'ishlab kitoblar, fil'mlar tayyorlanayotgani, xalqaro anjumanlar o'tkazish reja qilingani, bunday qimmatbaho merosning taqdim etilishi katta tuhfa ekanini gapirib o'tdi.

Muftiy Nuriddin domla hazratlari ushbu xayrli ish Boboxonovlar sulolasining xizmatlarini asrlar davomida kelajak avlodga namoyish etish imkonini berishi, marhum muftiylar – Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, Shayx Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon va Shamsiddinxon Boboxonovlar o'ta mashaqqatli yillarda imon-e'tiqodni saqlash yo'lida beqiyos xizmatlar qilishganini ta'kidlab jumladan bunday dedilar:

“Muftiy Boboxonovlar faoliyati sho'rolar davlatida qaltis bir davrga to'g'ri keldi. Shunday zamonlar haqida Rasul alayhissalom bunday deb xabar berganlar: “Hali odamlarga shunday bir zamon ham keladiki, unda dinida sabr qiluvchi kishi huddi cho'g'ni changallab turgan odamga o'xshaydi”, degan mazmundagi hadislarida diniy faoliyat ko'rsatish o'ta qiyin bo'lgan vaqtlarda dinni huddi cho'g'ni ushlagandek tutib, keyingi avlodlar uchun ko'prik vazifasini bajargan, mana shunday ulamolarni nazarda tutgan bo'lsalar, ajab emas.

Muftiy Boboxonovlar sulolasi shaxsiy fondida saqlanayotgan yozma va bosma asarlar, tarixiy hujjatlarni Markaz kutubxonasiga topshirishdek, xayrli ishga qo'l urgan Boboxonovlar vakillari, xususan, Amirsaidxon aka Usmonxo'jayev va Jamoliddinxon Shamsuddinxon o'g'liga katta minnatdorlik bildiramiz.
Alloh taolo o'tganlarimizni, xususan, diniy idoramizning asoschilari bo'lgan marhum muftiylar va xususan, bugun ko'p tilga olayotgan Boboxonov sulolasini O'z mag'firatiga olib, Firdavs jannatlarini nasib etsin”.

Tadbir davomida Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Davronbek Maxsudov yig'ilganlarga O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi va diniy ta'lim muassasalarida ham Muftiy Boboxonovlar sulolasi hayoti va faoliyatiga oid maxsus kurslar o'tilayotgani haqida ma'lumot berdi.

Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari mo'min-musulmonlarimiz tomonidan katta ehtirom bilan yodga olinadigan olimu ulamolarning yorqin vakillari bo'lgan Muftiy Boboxonovlar sulolasi vakillari o'ta mashaqqatli yillarda imon-e'tiqodni saqlash yo'lida beqiyos xizmatlar qilishgani to'g'risida so'z yuritdi.

Tadbir davomida Muftiy Boboxonovlar vakillari – Amirsaidxon Usmonxo'jayev va Jamoliddinxon Shamsuddinxon o'g'li so'z olib, ko'p yillardan buyon ota-bobolari hayoti va faoliyati to'g'risida tadqiqotlar olib borilayotgani, kitob-risolalar chop etilgani, ko'rgazmalar tashkil etilgani, so'nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan Muftiy Boboxonovlar hayoti va faoliyatiga alohida e'tibor berilayotgani, xususan, Islom tsvilizatsiyasi markazida ular uchun alohida joy tashkil etilishidan juda xursand ekanliklari, bunday yuksak e'tibor uchun minnatdorlik bildirishdi.

Shuningdek, tadbirda ulamolar, ziyolilar, safdosh va qarindoshlari ham so'zga chiqishib, o'z fikr-mulohazalarini bayon etdilar.

Tadbir so'ngida jo'shqin faoliyat sohiblari – Muftiy Boboxonovlar sulolasining hayotlari davomida jamlagan yozma va bosma kitoblari, tarixiy hujjat va fotosuratlar Markaz kutubxonasi va muzeyi fondiga beg'araz taqdim etildi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

30.01.2025   2757   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolovning buvilari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!


Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Muzaffar domla Kamolovga hamdardlik bildiramiz.


Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering». 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

O'zbekiston yangiliklari