Ibn Muborakning ismlari ba'zi tarjimai hol kitoblarida[1] otalari ismidan qisqartirib olingan deyilsa, ba'zilarida[2] bobolarinikidan deyiladi.
U kishi Abdulloh ibn Muborak ibn Vodih Al-Hanzaliy At-Tamimiy mavlolari, Abu Abdurrohman Marvaziy. U taba' tobe'inlardan, bani hanzala mavlolaridan.
Ibn Javziy “Mudhish”da keltiradilar: “Abdulloh ibn Muborak ismi bilan nomlanuvchilar oltita. Birinchisi – Marvaziy, bu kishi mana shu. Ikkinchisi – Hurosoniy. Uchinchisi – Buxoriy. To'rtinchisi – Javhariy. Qolganlari Bag'doddan”[3].
Abdulloh ibn Muborakning onalari Horazmdan, otalari turk bo'lgan. Otalari Bani Hanzaladagi Hamzon ismli tijoratchining quli bo'lganlar. U kishi taqvodor, solih, ibodatgo'y, xilvatni sevuvchi, o'ta darajada parhezkor edi. Tarix sahifalari bizga u kishi haqlaridagi ajoyib hodisani yozib qoldirgan:
Abdullohning otalari Muborak xo'jayinlarining bog'ida ishlab yurar edi. Bir kuni bog' egasi Muborakdan shirin anor keltirishini so'radi. Anor keltirilib, ichi yorilganda xom bo'lib chiqdi. Shunda xo'jayin jahli chiqqancha, “Men senga shirin anor keltir, desam, xomini olib kelasan-mi?!” dedi. Muborak yana boshqa bir daraxtdan yangi anor keltirdi. Unisi ham xom chiqdi. Bu holat uchinchi bor takrorlanganda xojaning g'azabi kuchayib dedi:
- Nima, sen shirin meva bilan xomini farqiga bormaysanmi?
- Yo'q.
- Bu qanaqasi bo'ldi?!
- Bog'dagi birorta mevadan tatib ko'rmaganman.
- Nima uchun tatib ko'rmading!?
- Chunki siz bog'dagi mevalardan eb ko'rishimga izn bermagansiz – da...
Hoja bundan taajjubga tushdi. Muborak uning ko'zlariga yuksak inson bo'lib ko'rindi. Uning qadri oshdi.
Bog' egasining bir qizi bo'lib, sovchilari ko'p edi. Muborakka dedi:
- Ey, Muborak, qizimni kimga uzatsam ekan, nima deysan?
- Johiliyat ahli obro'liga, yahudiylar puldorga, nasroniylar chiroyliga uzatadilar. Bu ummat esa diyonatliga loyiq deb biladi.
Bog' egasi uning etuk aqlidan lol qoldi. Tezda borib ayoliga uning xabarini berdi va “Qizimiz uchun Muborakdan munosibroq kuyov topilmasa kerak”, dedi. So'ng uni Muborakka nikohlab berdi. Abdulloh ismli farzand ko'rdilar. Bu farzandga otasining yaxshiligi o'tdi, Alloh taolo solih farzandlardan qildi.
Bu ajib qissa Abdulloh ibn Muborakning oilasi taqvodor, diyonatli va solih ekanligini ko'rsatadi. Abdulloh ibn Muborakka ham go'zal xislatlar otasidan o'tgan. Ko'rinishi va shakli shamoili otasiga o'xshagani kabi, xulqi va diyonati ham otasiga juda-juda o'xshagan.
“Tarixi Bag'dod”da Muhammad ibn Abdulaziz ibn Abu Razimadan keltiriladi: “Abdulloh ibn Muborakdan eshitdim, u aytadi: “Abu Hanifa otamga razm solib: “Bu bolaning onasi sendagi omonatini ado etibdi”, dedi. Chunki u otasiga quyib qo'ygandek o'zi edi”.
Abdullohning otasi haqida faqatgina yuqorida zikr qilgan voqea ma'lum. Bobolarining esa ismlari ma'lum. Otalarining boshqa farzandlari bo'lmagan.
N.Saidakbarova,
Toshkent Islom instituti
“Hadis va Islom tarixi” kafedrasi o'qituvchisi.
[1] Tarixi Bag'dod, Al-ibar fi axbori min g'ubar, Al-javahirul mudiyya, Al-bidoya van Nihoya.
[2] Tahzibul asmo val lug'ot, Tazkirotul huffoz, Tahzibut tahzib, Vafoyotul A'yon
[3] Al-a'lom, Zarkiliy. 4:256
#KUN_IMOMI
Yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun sarflangan mablag‘ kelajakka yotqizilgan sarmoyadir. O‘quvchilarning ta’lim olishlariga shart-sharoit yaratib berishning savobi ulug‘.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi rahbariyati tashabbusi bilan 2025 yil 18 avgust kuni poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidi imom-xatibi homiylarni jalb qilgan holda ehtiyojmand oilalarning 30 nafar o‘quvchi-yoshlariga qiymati 500.000 so‘m, jami 15 million so‘mlik zarur kiyim-kechak, o‘quv qurollari va maktab sumkalari hadya qildi.
Sovg‘alarni olgan bolalarning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rgan kishining kelajakka ishonchi yanada oshishi tayin.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin.
O‘quvchilarning o‘qishlariga muvafaqiyatlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati