Ozarbayjonning ommabop «Kaspiy» gazetasida Toshkent shahrida bunyod etilayotgan O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markaziga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Nashrda 2024 yil boshiga qadar Toshkentda O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazini ochish rejalashtirilayotgani ma'lum qilingan.
«Markaz qurilishi so'nggi besh yil davomida Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi mashhur Hazrati Imom (Hastimom) majmuasi hududidagi 7 gektar maydonda olib borilmoqda, — deyiladi maqolada. -Qurilish ishlarining asosiy qismi allaqachon yakunlangan».
Qayd etilishicha, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi nafaqat turkiy dunyoda, balki butun islom olamida ushbu yo'nalishda faoliyat yuritayotgan ilmiy markazlar uchun tayanch vazifasini o'taydi.
«Markazda mahalliy va xorijlik mutaxassislar ilmiy izlanishlar olib boradi, ular faoliyati natijalari asosida entsiklopediya va ilmiy nashrlar chop etiladi, teledasturlar tayyorlanadi, fil'mlar suratga olinadi, - deb yozgan Ozarbayjon bosma nashri. – Markazda faoliyat yuritadigan Halqaro islom akademiyasida 200 nafardan ortiq talaba magistratura va doktoranturada o'qishni davom ettirishi mumkin».
Nashrda ta'kidlanganidek, Markaz O'zbekistonda turizmni rivojlantirishga ham katta hissa qo'shishi kutilmoqda.
«O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi qurilishi bilan mamlakatning diniy va tarixiy sayyohlik yo'nalishlariga ilmiy, ta'lim va madaniy yo'nalish qo'shiladi», - deb yozgan «Kaspiy» gazetasi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.