Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Yanvar, 2025   |   21 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:43
Peshin
12:39
Asr
15:44
Shom
17:29
Xufton
18:46
Bismillah
21 Yanvar, 2025, 21 Rajab, 1446

O'zbekistonlik ulamolar taqdirlandi

30.05.2022   1239   4 min.
O'zbekistonlik ulamolar taqdirlandi

Shu kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohim domla Inomov rahbarligidagi delegatsiya RF Boshqirdiston muftiyati taklifiga binoan Boshqirdiston respublikasida bo'lib turibdi.
Tashrifning uchinchi kunida ulamolarimiz Kaltasinskiy tumanining Kugarchin posyolkasida yangi barpo etilgan “Nurli” masjidining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.


Marosimda Ibrohimjon domla Inomov hamda O'MI Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupovlar yig'ilganlarni yangi masjid ochilishi bilan qutlab, qardosh o'zbek xalqi hamda muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari nomidan samimiy tabriklarni izhor qildilar. Shu bilan birga masjid qavmiga O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining hadyalarini taqdim etdilar.


Marosimdan so'ng delegatsiya a'zolari tumandagi yana bir qancha masjidlarga xususan, Borayeva tumanidagi yog'ochdan qurilgan ekomasjidga tashrif buyurib, uning o'ziga xos jihatlari bilan tanishdilar. Shu bilan birga ulamolarimiz asr namozidan so'ng Ufa shahridagi “Rizo” jome masjidida yuzdan ziyod vatandoshlarimiz bilan uchrashib, ularga diniy-ma'rifiy suhbat qilib berdilar.
Mazkur tadbirlarda Rossiya Federatsiyasi musulmonlarining markaziy diniy idorasi oliy muftiysi Tal'at Tojuddin hazratlari ham ishtirok etib, O'zbekiston delegatsiyasining tashrifidan mamnunligini bildirdi.


Yig'ilish so'ngida muftiy Tal'at Tojuddin hazratlariga O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining esdalik sovg'asi topshirildi. O'z navbatida, boshqird xalqi diniy rahnamosi O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiq Toshboyevga ikki qardosh xalqlar o'rtasidagi o'zaro hamjihatlik, diniy idoralar o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo'lidagi ulkan xizmatlari uchun tashakkurnomalarni topshirdi.
Shuningdek, muftiy, Shayxul Islom Tal'at Tojuddin hazratlari O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov hamda Jasurbek Raupovga ikki xalq o'rtasidagi diniy aloqalarni mustahkamlashda qo'shgan ko'p yillik ulkan xizmatlarini yuksak baholab, ularni tashakkurnoma va “Samaradorlik” hamda “Ishonch va hurmat” medallari bilan taqdirladilar.
Ulamolarimizning tashriflari davom etmoqda.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
M. Hushvaqov tayyorladi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Umaviylar davri

13.01.2025   7050   7 min.
Umaviylar davri

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar», dedilar (Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hanbal rivoyat qilishgan).

Musulmon ummati tarixidagi eng yaxshi davr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari yashab o‘tgan asr bo‘lib, u tarix zarvaraqlaridan «Saodat asri» degan nom bilan joy oldi. Keyingi asr to‘rt buyuk sahoba boshchiligida olib borilgan asrlarga tatigulik ishlar sababli «Roshid xalifalar davri» degan nom bilan tarix sahifalariga bitib qo‘yildi. Keyingi asr «Umaviylar asri» deya atalib, mana shu davrdan pog‘onama-pog‘ona pastlash holati kuzatildi.

Umaviylar davlati Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanofga nisbat beriladi.

Umayya ismli ushbu shaxs johiliyat davrida Quraysh urug‘laridan birining boshlig‘i bo‘lib, amakisi Hoshim ibn Abdumanof bilan har doim Qurayshning rahbarligini talashib kelar edi. Islom kelgach, mazkur talashuv ochiq-oydin dushmanlikka aylandi: Banu Umayya qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, u zotning da’vatlariga qarshi turdi; Banu Hoshim qabilasi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga barcha ishlarda ko‘makdosh bo‘ldi, u zot sollallohu alayhi vasallamni dushmanlarning yomonliklaridan himoya qildi.

Banu Umayya odamlari Makka fathi davrida boshqa ilojlari qolmaganidan keyingina Islomni qabul qilishdi. Dastlabki asrlarda Islomda peshqadam bo‘lgan urug‘larning eng katta bobosi Abdumanof hisoblanadi.

Banu Umayya (umaviylar) tarixini buzish

Banu Umayyaning tarixi tafsilotlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning buzib ko‘rsatilganligi, ularni ko‘proq qoralash holatlarini kuzatamiz. Bu ishlarning ko‘pchiligi ularning asosiy siyosiy xusumatchilari – abbosiylar tomonidan qilingan, chunki tarixga oid kitoblarning ko‘p qismi aynan abbosiylarning hukmdorlik davrida yozilgan. Shuningdek, shiy’alar, xavorijlar, tarixni yaxshi bilmay turib og‘zaki so‘zlab yuradigan omi kishilar ham Banu ­Umayyaning siyosiy dushmanlari hisoblanib, ular ushbu qabilaning juda ko‘p tuhmatlarga qolishiga ham sabab bo‘lgan.

Bu tuhmat va qoralashlar turli-tuman bo‘lib, asosiy e’tibor Banu Umayyaning obro‘sini to‘kadigan tarixiy hodisalarga qaratilgan, ular bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Ushbu hodisalarni nishon qilib, ularning qadrini tushirishga olib boradigan gaplar aytilgan:

1. Banu Umayyaning ilk davrda Islomga qarshi turganlari, Islomni kechikib qabul qilganlari juda ko‘p takrorlanadi, lekin ularning Islomga kirganlaridan keyingi buyuk ishlari, jumladan, ko‘plab yurtlarni fath etishda ko‘rsatgan xizmatlari mutlaqo eslanmaydi.

2. Banu Umayya davrida sodir etilgan musibatlar bo‘rttirib gapiriladi. Karbalo voqeasi, imom Husayn va u kishining oilalarining qatl etilishi, Harra voqeasi, Madinadagi Haramni e’tiborsiz qo‘yish, manjaniq bilan Makkaga tosh otish masalalari shular jumlasidandir.

3. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning qatl qilinishi, Zayd ibn Aliy ibn Husaynning qo‘zg‘aloni va u kishining qatl qilinishi, shuningdek, boshqa taraflarda sodir bo‘lgan xatolarni e’tiborga olmaslik, xalifaga qarshi chiqish, toatni buzish kabi ishlarni Banu Umayyaga katta ayb qilib, ularga qarshi keng targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.

4. Banu Umayyaning dushmanlari tomonidan ularning insoniy nafsidagi zaiflik nuqtalariga alohida e’tibor beriladi, Banu umayyalik ba’zi kishilardan sodir bo‘lgan xatolar bo‘rttirib gapiriladi, biroq yaxshiliklari berkitiladi. Xususan, hazrati Usmon roziyallohu anhu haqlarida bu ochiq-oydin ko‘rinadi.

5. Abu Sufyon va Muoviya roziyallohu anhumo haqlarida ham bu kabi noo‘rin gaplar nihoyatda ko‘paygan. Banu umayyalik ba’zi voliylar botil ishlarni qiluvchi mutaassiblar deya sifatlanadi. Bu Hajjoj ibn Yusuf va Ziyod ibn Abiyhlar misolida ko‘rinadi.

6. Yazid ibn Muoviya hamda Valid ibn Yazid kabi xalifalar haqida ham ularga qarshi juda bo‘lmag‘ur mish-mishlar to‘planib tarqatilgan. Aslida esa musulmonchilik odobi bo‘yicha Banu Umayya davrida roshid xalifalar davridagidan ko‘ra bir oz pastlash – sustlashish bo‘lganini eslashning o‘zi kifoya qiladi. Vaqt o‘tishi bilan xatoga yo‘l qo‘yish ham asta-sekin ko‘payib borgan. Banu Umayya davridagi musulmonlar jamiyati har jihatdan roshid xalifalar jamiyatiga yaqin bo‘lgan. Lekin qo‘lga kiritilgan o‘ljalar, mol-mulkning ko‘payishi natijasida katta-katta uylar, qasrlar qurish, shuningdek, cho‘ri tutishning ommalashganligi bor. Shu bilan birga, Banu Umayyaning juda ko‘p yaxshi fazilatlari ham bo‘lganligi bor haqiqat, lekin ularga qarshi bo‘lgan tarixchilar bu fazilatlarni e’tiborga olmaganlar, balki unutib qo‘yganlar.

Ulardan ba’zilarini aytib o‘tamiz:

1. Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu katta sahoba bo‘lib, u kishi Xalifa Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi masalalarda ijtihod qilgan, faqat ijtihodi unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan. Lekin baribir u zot odil kishilar safida qolgan. Zotan, barcha sahobalar roziyallohu anhum adolatlidirlar.

Banu Umayyaning eng katta arboblaridan biri sanalgan Marvon ibn Hakam tobe’inlarning birinchi tabaqasidan bo‘lgan. U Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Usmon roziyallohu anhu va boshqa katta sahobalardan hadislar rivoyat qilgan.

Yana bir Banu umayyalik Abdulloh ibn Marvon xalifa bo‘lishidan oldin ahli ilm va ahli fiqh bo‘lgan. Madinai munavvaraning katta olimlaridan hisoblangan.

Umar ibn Abdulaziz esa mujtahid imomlardan bo‘lgan. Ko‘pchilik u kishini roshid xalifalar qatorida sanaydi.

Banu Umayya qabilasining a’zolari qozilik ishlariga aralashmas edilar. Ular ko‘p joylarda ahli ilm va ahli fazllarning oldingi saflarida bo‘lganlar.

2. Banu Umayya davrida juda ko‘p buyuk islomiy fathlar bo‘lgan. Ular sharqda Xitoygacha, g‘arbda Fransiya va Andalus yurtlarigacha yetib borganlar.

3. Banu Umayya davrida Islom davlati tarixlar davomida misli ko‘rilmagan eng katta kengayishni boshidan kechirdi.

4. Banu Umayya davrida juda ko‘p qo‘riq yerlar o‘zlashtirildi, ular bog‘-rog‘larga aylantirildi, kanallar qazildi, shaharlar qurilib, obodonchilik ishlari olib borildi, atrof gullab-yashnadi, taraqqiy etdi.

Shu o‘rinda ta’kidlab aytamizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuqoridagi «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar» degan hadislari bejiz aytilmagan. Zero, Banu Umayya qabilasining a’zolari, rahbarlari va davlat boshliqlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlariga yaqin asrda yashab o‘tganlar.

«Islom tarixi» ikkinchi juzi asosida tayyorlandi