Yurtimizning barcha hududlarida bo'lgani singari Toshkent viloyatida ham xayrli ishlar bir-biriga ulanib ketyapti. Deyarli har hafta biror yangi jomening ochilish marosimiga yoki ilk g'isht qo'yish tadbiri o'tkazilayotganiga guvoh bo'lyapmiz. Bu, albatta, so'nggi yillarda yurtimizda diniy-ma'rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e'tibor va g'amxo'rlikning amaldagi in'ikosidir.
Bugun, 9 may – Hotira va qadrlash kunida Angren shahrida yangi masjidga ilk g'isht qo'yish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda tuman hokimi, mutasaddi rahbarlar, viloyat bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, nuroniy otaxonlar, mahalla faollari hamda saxovatpesha homiylar ishtirok etdi.
Bu masjidga ezgu niyatda “Imom Muhammad” deb nom qo'yildi.
Masjidning barcha hujjatlari qonunchiligimizda belgilangan tartibda tayyorlanib, daylat ro'yxatidan o'tkazilmoqda.
Masjidning ahamiyatli jihati shundaki, bu jome Toshkent bilan Farg'ona vodiysi viloyatlarini bir-biriga bog'lovchi katta yo'l bo'yida joylashgan. Shu bois bu maskanda yo'lovchilar va sayyohlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor tufayli bunday xayrli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta'kidlash maqsadga muvofiqdir.
Hayrli niyat bilan yangi masjidga qo'yilgan ilk g'ishtni Alloh taolo muborak qilib, tez va qisqa fursatda bu jome qurib bitkazilishini nasib aylasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir donishmanddan:
— Agar hayotingizni qaytadan boshlash imkoni berilganida qaysi xatolaringizni qilmagan bo‘lardingiz? — deb so‘rashibdi.
Donishmand shunday javob qilibdi:
— Agar shunday imkon berilsa, o‘tmish xatolarimni yana qilgan bo‘lardim. Negaki, mening shu darajaga kelishim mana shu xatolarim va shu xatolar ortidan chiqargan xulosalarim evazigadir.
Donishmandga berilgan savolni bugungi hayotimizda bir-birimizga ko‘p beramiz. Aslida bu narsaning amalga oshmasligini yaxshi bilsak-da, o‘zimizcha: “Falon-falon ishlarni qilmagan bo‘lardim. Falon ishlarni esa qilgan bo‘lardim. Shunda omadim yurishib, hozirgi holatimdan ancha yuqori darajaga erishardim”, deymiz. Ammo bir narsani unutmasligimiz kerakki, inson uchun dunyodagi eng qimmat narsa, bu – hayotiy tajriba. Hayotiy tajriba esa xatolar, qiyinchilik va mashaqqatlar, devorga urilgan boshlar ortidan qo‘lga kiritiladi. Unutilib ketgan qadim turkiy udumga ko‘ra, kattalar yumshoq salla bilan, atak-chechak qilib, yurishga tirishayotgan go‘dakning oyog‘ini beozorgina chalishadi.
Buning ma’nosi: Bola hozirdan yiqilishni bilsin! Agar yiqilishni bilsa, turishni o‘rganadi! El-yurtining, qavmining qalqoni bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘g‘lon shunday tarbiya topsa, kelajakda hayot zarbalariga ham sabot bilan turib beroladi!
Biz bolalarimizni: “Xato qilma, o‘zingni avayla, uni qilma-buni qilma”, deb ko‘p tergaymiz. Maktabda barcha fandan a’lo baholarga o‘qishini istaymiz. Yiqilib tushishidan qo‘rqib, yugurishiga qo‘ymaymiz-u, lekin tanasi baquvvat bo‘lishini xohlaymiz. Unutmasligimiz lozimki, biz faxrlanadigan ajdodlarimiz minglab qoqilishlar, qiyinchilik-mashaqqatlardan o‘tib, komillikka erishganlar. Ular o‘zlaridan dunyoni titratuvchi asarlar va muazzam davlatlar qoldirishgan.
To‘ychiyev Bilolxon,
Hadis ilmi maktabi xodimi.