Bugun, 8 aprel' kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani “Abu Saxiy” dahasidagi “Abu Saxiy” masjidining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, mutasaddi vakillar, hoji otalar, tadbirkor-savdogarlar, mahalla faollari va hudud ahli qatnashdi.
Marosim davomida Homidjon qori Ishmatbekov mo'min-musulmonlarni yangi jome bilan mubarokbod etib, ulug' Ramazoni sharifning ilk juma kuni jomening ochilishi katta xursandchilik bo'lgani, Haq taolodan ushbu masjidning mo'min-musulmonlarga to qiyomatga qadar xizmat qilishini, uning ochilishiga hissa qo'shgan insonlar rozi bo'lishini, bunday xayrli ishlar bardavomligini so'rab xayrli duolar qildilar.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari Abduqahhor domla Yunusov ushbu vazifadan ajralmagan holda "Abu Saxiy" jome masjidi imom-xatibi etib tayinlandi.
Marosimdan so'ng namozxonlar yangi jome masjidda ilk juma namozini ado etdilar.
Alloh taolo ushbu masjidni xalqimizga muborak qilib, bunday xayrli ishlarni bardavom aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muslim.uz
@muslimuzportal | @mp3muslim | @diniysavollar