O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz safarga chiqdik. Oramizdan bir kishiga tosh tegib, boshini yordi. Keyin o‘sha odam ehtilom bo‘lib qoldi va sheriklaridan “Mening tayammum qilishimga ruxsat topa olasizlarmi?” deb so‘radi. Ular “Biz senga ruxsat topa olmaymiz. Vaholanki, sen suvga qodirsan” deyishdi. Haligi odam g‘usl qildi va vafot etdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlariga qaytganimizda o‘sha ish haqida xabar berildi. Shunda u zot alayhissalom: “Ular uni o‘ldirishibdi. Alloh ham ularni o‘ldirsin. Bilmasalar so‘ramaydilarmi? Axir bilmaslikning shifosi so‘rash-ku! U odamning tayammum qilishi va jarohati ustiga bir lattani qo‘yib yoki bog‘lab (bu roviy Musoning shakkidir), so‘ngra uni ustiga mas'h tortib, qolgan jasadini yuvishi kifoya qilardi” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).