Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Do'zax: Robbim, o'z-o'zimni eb yubordim-ku!” deb Robbiga shikoyat qildi. Shunda Alloh unga ikki marta – qishda bir, yozda bir nafas olishga izn berdi. Sizlar ko'radigan eng qattiq issiq, sizlar ko'radigan eng qattiq sovuq shudir”.
Imom Navaviy rahimahulloh aytadilar: “Ulamolar hadisda kelgan “zamhariyr”ni – “shiddatli, qattiq sovuq” deb sharhlaganlar”.
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh: “Zamhariyr”dan murod – “qahraton sovuqdir”, deganlar.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Do'zax ahli jahannamning jazirama issig'idan najot so'raydilar va ularning so'roviga suyaklari sinib ketadigan darajada kuchli bo'lgan sovuq shamol beriladi. So'ngra do'zax ahli yana yolvorib issiqlik so'rashadi”.
Shunday ekan, qishning sovuq kunlarini g'animat biling, Alloh taologa ko'proq duo qiling. Hususan, ushbu duoni o'qish tavsiya etiladi.
اللَّهُمَّ أَجِرْنِي مِنْ زَمْهَرِيرِ جَهَنَّمَ
O'qilishi: Allohumma ajirniy min zamhariyri jahannama.
Ma'nosi: Allohim meni jahannamning qattiq sovug'idan asra.
Allohim, bizni do'zaxning issiq va sovuq azobidan O'zing asra. Allohim, bu sovuq kunlarda har bir bandangni, xususan, uy-joyi, boquvchisi yo'q miskinlarni O'z panohingda asra. Yo Alloh, dardga duchor bo'lgan bemorlar va Sendan yordam so'ragan jamiki muhtojlarni O'zingga omonat. Dunyoyu oxiratda O'zing himoya qil. Ularga rahmating bilan rahm qil, ey rahmlilarning rahmlisi.
Allohim, O'zingsan yagona iloh, Sendan o'zga iloh yo'q. O'zing boysan, biz esa kambag'almiz. Sen behojat va hojatbarorsan, biz hojatmandmiz. Ustimizga yog'dirgin qorni xayrli qilgin. Allohim, Sendan uning yaxshiligini va undagi yaxshilikni hamda sen yuborgan narsaning yaxshiligini so'raymiz. Sendan uning yomonligidan va undagi yomonlikdan hamda Sen yuborgan narsaning yomonligidan panoh so'rayman. Allohim, g'azabingga duchor, azobingga mubtalo bo'lishdan asra.
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Birovning telefoni va undagi ma’lumotlarni ruxsatsiz ko‘rish mumkinmi? Chunki ba’zan avtobus, metro kabi ommaviy transport vositalarida ayrim shaxslarning shunday ishlar qilayotganiga guvoh bo‘lib qolamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, birovning telefonidan uning ruxsatisiz foydalanish yoki undagi ma’lumotlarni o‘qish shar’an to‘g‘ri emas. Bu birovning uyiga ruxsatsiz mo‘ralash, xatiga ruxsatsiz qarash kabidir. Zero, bu ishlar Qur’on va hadislarda man etilgan.
Ammo agar murabbiy (ota, ustoz va hokazo) qo‘l ostida tarbiyalanayotgan shaxsning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishidan shubha qilsa, u holda tarbiya maqsadida o‘z qo‘l ostidagi shaxsning telefonini tekshirishiga ruxsat beriladi. Balki ular vaqti-vaqti bilan bolalar va ularga tegishli narsalarni nazorat qilib turishlari kerak, toki ular to‘g‘ri yo‘ldan og‘masinlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi