Bugun, 28 mart kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan “Go'zal” jome masjidining yangi binosiga ilk g'isht qo'yish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari boshchiligidagi bir guruh ulamolar, imom-xatiblar, faxriy domlalar va mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Qur'oni karim oyatlari tilovat qilinib, Muftiy hazratlari yaxshi niyat va duolar bilan jome masjid poydevoriga tamal toshini qo'yib, bu xayrli tashabbusga xizmat qilayotgan kishilar haqiga duo qildilar.
– Masjidimiz o'tgan asrning 90-yillarida 500-600 kishiga mo'ljallab qurilgan, – deydi “Go'zal” jome masjidi imom-xatibi Muhammadravshan Raimqulov. – Biroq bugun mahallamiz ham kengayib, aholimiz soni ham oshib bormoqda. Masjidimiz esa mahalla ehtiyojini qondira olmayapti. Ayniqsa, juma namozlarida ko'plab namozxonlar masjidga tashqarisida namoz o'qishga to'g'ri kelyapti. Qolaversa, namozxonlar uchun boshqa sharoitlar ham u qadar qoniqarli emas edi. Shu bois mahalla faollari va mutasaddilar bilan kelishgan holda masjidni qaytadan qurishni maqsad qildik. Buzish ishlarini o'tgan yilnin avgustida boshlagan bo'lsak, endilikda yangi inshootning poydevoriga ilk g'ishtini qo'ymoqdamiz. Inshaalloh, masjidimiz kelgusi yilning oxirlarida ishga tushadi.
Homiylar va xashar yo'li bilan bunyod etilayotgan masjid milliy me'morchilik yo'nalishida qurilayotgan bo'lib, 6000 namozxonga mo'ljallanmoqda. Aholiga qulay bo'lishi uchun zamonaviy qurilish ashyolariyu jihozlardan foydalanishga harakat qilinmoqda. Kelgusida masjidda keng va yorug' xonaqoh, ayollar uchun alohida namozxona, tahoratxona, 35 metrli minora, kutubxona, alohida majlislar zali, sartaroshxona, avtoturargoh, kitob do'koni va shu kabi bir qator qulayliklarga ega majmua barpo etiladi.
Tadbir davomida muftiy hazratlari qurilish jarayoni bilan tanishdilar, jome poydevoriga ilk g'ishtni qo'yib berdilar, loyiha va rejalar bo'yicha usta, mutaxassislar bilan maslahatlashdilar, homiylarga minnatdorlik bildirib, masjid barpo qilishda yordam berayotgan barchaning haqiga duo qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ibn Qoyyim rahimahulloh aytadi: “Bandaga dushmandan mag‘lublik, aziyat gunohi sababli yetadi. Salaflardan birlari bir kishini uchratdi. U qo‘pol muomala qildi va tahqirladi. Shunda u zot: «To‘xtab tur, men uyimga kirib chiqay» dedi. Uyiga kirib, Allohga tazarru bilan sajda qildi, gunohlariga tavba qildi va Robbisiga yuzlandi. Qaytib chiqqanida narigi kishi: «Nima ish qilding?» deb so‘radi. U zot: «Mendan seni ustun kelishingga sabab bo‘lgan gunohimdan Allohga tavba qildim» dedi.
Demak, banda dushmanlik va adovat bilan ustun kelingan, unga hukmronlik qilingan, yerga urilgan chog‘ida nasuh tavbadan ko‘ra foydaliroq narsa yo‘qdir”.
“Badoi’ul favoid” asaridan.