Shu kunlarda yurtimizda Ramazonga tayyorgarlik ishlari yuqori kayfiyatda davom etmoqda. Ayniqsa, yurtimizda yangi masjidlarning ketma-ket ochilayotgani yurtdoshlarimiz uchun Ramazonga munosib tuhfa bo'layotir.
Kuni kecha O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari poytaxtimizdagi “Ko'kcha Oqtepa” masjidi ochilishida ishtirok etgan bo'lsalar, bugun, 25 mart kuni Sirdaryo viloyati Guliston tumanida joylashgan “Shodmonxo'ja” jome masjidi yangi binosining ochilish marosimida qatnashdilar.
Muftiy hazratlari dastlab yig'ilganlarga masjiddagi ilk juma mavi'zasini qilib berdilar. Shu paytgacha bu masjid faqat mahalla masjidi sifatida faoliyat yuritayotgan edi. Endilikda u jome masjidga aylantirildi.
Muftiy hazratlari so'zi avvalida masjidlarimizdagi qulaylik haqida gapirar ekan, bularning barchasi Allohning bizga bergan ulkan ne'mati ekanini alohida qayd etib, bu kunlarga shukronalar aytish kerakligini ta'kidladilar. Shu bilan birga masjid bunyod etish ulkan ajri savobli amal ekanini hadislar bilan dalillab, qurilish ishlarida ko'makchi bo'lgan barcha yurtdoshlarimiz haqiga duo qildilar.
Ma'lumot uchun qayd etish joizki, “Shodmonxo'ja” jome masjidi binosi yaqingacha yaroqsiz ahvolda bo'lib, namozxonlarga bir qancha noqulayliklar tug'dirar edi. Shu boisdan mahalla ahli va masjid ma'muriyati bilan kelishilgan holda o'tgan yilning iyun' oyida masjidni qayta qurish ishlarini boshlab yuborishdi. Mahalliy aholining ko'magi va hashari bilan masjid binosi qisqa fursat – to'qqiz oy ichida qaytadan bunyod etildi. Mingdan ziyod namozxonni sig'dira oladigan masjid zamonaviy qiyofaga keltirilib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Tahoratxonalar, masjid ma'muriyati xonalari, kutubxonalar kerakli jihozlar bilan jihozlandi. Issiqlik va sovutish tizimlari, shu bilan bir qatorda zamonaviy ovoz kuchaytirgichlar o'rnatildi. Masjid atroflarini ko'kalamzorlashtirish uchun zamonaviy sug'orish tizimlari tashkil etilib, archalar ekildi.
Allohga behisob shukrlar bo'lsinki, yurtimizda bu kabi jome masjidlarning soni yanada ko'payishi kutilmoqda. Alloh taolo Ramazon oyida ham bunday xushxabarlarni bardavom qilsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim iymon bilan, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda iymon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar (Muttafaqun alayh).
Jobir roziyallohu anhudan yaxshi sanad bilan rivoyat qiladi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmonning Ramazonda ijobat bo‘ladigan duosi bor”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Solih salaflar Allohning kitobiga boshqacha e’tibor berishar edi. Ayniqsa Ramazonda aql bovar qilmas darajada ajoyib bir holatlar ko‘rilgan. Ba’zilari Ramazonni o‘n kechasida Qur’onni xatm qilishar, ba’zilar yetti va ba’zilar uch kechada xatm qilishar edi.
Soib ibn Yaziddan rivoyat qilinadi: “Sahobalar Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning davrlarida Ramazonda yigirma rakat taroveh o‘qishar va unda yuzlab oyatlarni xatm qilishar edi. Usmon ibn Affon davrlarida qiyomda uzoq turishganidan asolarga suyanib olishar edi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Qur’on dunyo osmoniga Qadr kechasida bir yo‘la nozil qilindi. So‘ngra, undan keyin yigirma yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib nozil qilindi”, dedi (Bayhaqiyning «Shu’abul iymon» asaridan).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqalarning eng afzali Ramazonda berilgan sadaqadir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Qatoda roziyallohu anhu: “Agar Ramazonda gunohlaring kechirilmasa, undan boshqasida kechirilmaydi”, deb aytdilar.
Allohim! Sendan go‘zal ro‘za va go‘zal xotima so‘raymiz. Bizni Ramazonda ziyon ko‘ruvchilardan qilib qo‘yma!