Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Fevral, 2025   |   5 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:11
Quyosh
07:31
Peshin
12:42
Asr
16:01
Shom
17:46
Xufton
19:01
Bismillah
04 Fevral, 2025, 5 Sha`bon, 1446

25.03.2022 y. TAKABBURLIK – MUSULMONGA YoT SIFAT

22.03.2022   5068   14 min.
25.03.2022 y. TAKABBURLIK – MUSULMONGA YoT SIFAT

بسم الله الرحمن الرحيم

الْحَمْدُ لِلَّهِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا رَسُولِ اللَّه، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ أَمَّا بَعْدُ

 

Hurmatli jamoa! Ma'lumki, xulq-atvor insonga umr bo'yi hamroh bo'ladi va uning oxiratdagi darajasi qanday bo'lishi, jamiyatda o'z o'rnini topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yaxshi xulqlar sababli kishi katta yutuqlarga erishsa, yomon xulqlar doim uning oyog'iga “kishan” bo'ladi.

Dinimizda maqtalgan xulqlardan biri kamtarlik bo'lib, uning ziddi kibru havoga berilishdir. Kibr – o'zini o'zgalardan ustun ko'rishdir. Payg'ambarimiz alayhissalomning ta'birlari bilan aytganda: “Kibr – haqni inkor qilish va odamlarni kamsitishdir (Imom Muslim rivoyatlari). Kibr eng zararli qalb kasalliklaridan biri bo'lgani uchun uni davolashga dinimizda katta e'tibor qaratilgan.

Kibrning eng yomoni Alloh taoloning diniga va uning oyatlariga qarshi qilingani, kibr bilan uning ibodatidan yuz o'girilganidir. Birinchi sodir bo'lgan gunoh kibr sababli edi. Iblis u sababli Alloh taoloning buyrug'idan yuz o'girdi. Odam alayhissalomga ta'zim bajo keltirmadi, o'zini odamdan ustun va afzal deb bildi. U o'zining asli olovdan yaratilgani bilan kibrlandi, Odam alayhissalomning asli tuproq ekani sababli uni xor deb bildi. Vaholanki, uni vazifasi Alloh taoloning buyrug'iga itoat qilish edi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 قَالَ مَا مَنَعَكَ أَلَّا تَسْجُدَ إِذْ أَمَرْتُكَ قَالَ أَنَا خَيْرٌ مِنْهُ خَلَقْتَنِي مِنْ نَارٍ وَخَلَقْتَهُ مِنْ طِينٍقَالَ فَاهْبِطْ مِنْهَا فَمَا يَكُونُ لَكَ أَنْ تَتَكَبَّرَ فِيهَا فَاخْرُجْ إِنَّكَ مِنَ الصَّاغِرِينَ

ya'ni: “(Alloh) aytdi: “Senga buyurganimda sajda qilishingga nima monelik qildi?” U dedi: “Men undan yaxshiman, meni olovdan yaratgansan. Uni (Odamni esa) loydan yaratding”. (Alloh) aytdi: “Undan (jannatdan) chiq! U er (jannat)da senga takabburlik qilishing joiz emas. Bas, chiq! Albatta, sen (endi) haqirlardandirsan” (A'rof surasi 12-13-oyatlar).

Endi asli bir ota-onadan tarqalgan insonlar mol-dunyosi, mansabi, obro' e'tibori va nasli-nasabi sabab o'zgalardan o'zini yuqori olishi, boshqalarni erga urib kibrlanishi Iblisning kibrlanishiga o'xshashdir.

Barcha payg'ambarlarga ularning qavmidagi mutakabbir insonlar qarshi chiqishgan. Payg'ambarimiz allayhissalomga ham aksariyat Makka mushriklarining kattalari qarshi chiqishdi. Ularga Islomdagi adolat, tenglik va oddiy odamlar bilan bir safda turish juda og'ir botardi. Bunga kibrlari yo'l bermasdi. Demak, kibr insonni haqiqatni inkor qilishga etaklaydi.

Alloh taologa imon keltirishdan kibr qilgan va Payg'ambarimiz alayhissalom keltirgan dinni yolg'onga chiqargan odam abadiy badbaxtlikka mahkum bo'lishi oyati karimalarda bayon qilingan. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

  وَالَّذِينَ كَذَّبُوا بِآَيَاتِنَا وَاسْتَكْبَرُوا عَنْهَا أُولَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ 

ya'ni: “Oyatlarimizni yolg'onga chiqargan va ulardan (o'zlarini yuqori tutib) kibr qilganlar – ana o'shalar do'zax ahlidirlar. Ular u erda mangu (qoluvchi)dirlar” (A'rof surasi 36-oyat).

Alloh taolo Isro surasida bandalarini bir nechta katta gunohlar: isrof, baxillik, bolalarni kambag'allikdan qo'rqib o'ldirish, zino, odam o'ldirish, etimni molini eyish, tarozudan urishdan qaytarib, ularning oxirida er yuzida kibrlanib yurishni ham sanaydi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

وَلَا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحًا إِنَّكَ لَنْ تَخْرِقَ الْأَرْضَ وَلَنْ تَبْلُغَ الْجِبَالَ طُولًكُلُّ ذَلِكَ كَانَ سَيِّئُهُ عِنْدَ رَبِّكَ مَكْرُوهً

ya'ni: “Yer yuzida kibr-havo bilan yurma! Chunki aslo erni teshib kira olmaysan va bo'y-bastda tog'larga eta olmaysan. Bularning barcha yomonlari Parvardigoringiz nazdida makruh bo'lgan gunoh(lar)dir” (Isro surasi 37-38-oyatlar).

Qur'oni karimda zikr qilinishicha solih banda Luqmoni hakim o'g'liga kamtar bo'lish, er yuzida kibrlanib yurmaslikni tavsiya qilganlar. Mutakabbirlarni Alloh taolo sevmasligini bildirganlar. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

 وَلَا تُصَعِّرْ خَدَّكَ لِلنَّاسِ وَلَا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحًا إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ كُلَّ مُخْتَالٍ فَخُورٍ

ya'ni:Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va erda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi 18-oyat).

Payg'ambarimiz alayhissalom ham hadisi shariflarida bizni kibrning katta gunohligidan ogohlantirganlar. U zot sallallohu alayhi vasallam kibr haqida shunday deydilar:

﴿احْتَجَّتِ الجَنَّةُ والنَّارُ فقالتِ النَّارُفِيَّ الجَبَّارُونَ وَالمُتَكَبِّرُونَ. وَقَالتِ الجَنَّةُ: فِيَّ ضُعَفَاءُ النَّاسِ وَمَسَاكِينُهُمْ، فَقَضَى اللهُ بَيْنَهُمَا: إنَّكِ الجَنَّةُ رَحْمَتِي أرْحَمُ بِكِ مَنْ أشَاءُ، وَإنَّكِ النَّارُ عَذَابِي أُعَذِّبُ بِكِ مَنْ أشَاءُ، وَلِكلَيْكُمَا عَلَيَّ مِلْؤُهَا (رواه الامام المسلم عن أَبي سعيد الخدري رضي الله عنه)

ya'ni: “Jannat va do'zax o'rtasida munozara bo'ldi. Do'zax: “Jabr qiluvchilar va mutakabbirlar mendadir”, – dedi. Jannat: “Odamlarning zaiflari va miskinlari mendadir”, – dedi. Alloh taolo ularning o'rtasida hukm chiqarib shunday dedi: “Sen jannatsan, mening rahmatimsan, sen bilan xohlagan kishilarimga rahm qilaman. Sen do'zaxsan, sen bilan xohlagan kishilarimni azoblayman. Sizlarni o'zim to'ldiraman”” (Imom Muslim rivoyatlari).

Hadisi shariflarda zikr qilinishicha kishi doimo o'zini o'zgalardan ustun qo'yaversa, mutakabbir odamlar safiga yozib qo'yiladi va dunyo oxiratda ular olgan jazolarni oladi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

﴿لاَ يَزَالُ الرَّجُلُ يَذْهَبُ بِنَفْسِهِ حَتَّى يُكْتَبَ في الجبَّارِين ، فَيُصيبَهُ مَا أصَابَهُمْ

(رواه الترمذي عن سَلَمةَ بنِ الأكْوَعِ رضي الله عنه)

ya'ni:Kishi o'zini o'zgalardan ustun qo'yaveradi, qo'yaveradi, hatto jabr qiluvchilar safiga yoziladi. So'ngra ularga etadigan jazolar unga ham etadi(Imom Termiziy rivoyatlari).

Payg'ambarimiz alayhissalom kibrni tark qilish va kamtarlikda chiroyli o'rnak edilar. U zot Alloh taoloning sevimli payg'ambari bo'lsalarda, martabalari juda yuksak ekani ma'lum bo'lsada, hech o'zlarini o'zgalardan ustun olmaganlar. Fazilatlarini aytish zarur bo'lgan o'rinlarda ham, “Bu bilan faxrlanish yo'q”, deb qo'yardilr. Sahobiylardan boylarimi yo kambag'allarimi bir taomga chaqirsalar rad qilmas edilar. O'zlarini xizmatlarini o'zlari qilar edilar, ibodatlarda o'zgalardan yordam olmasdilar. Kimni ko'rsalar unga birinchi bo'lib salom berardilar. Zaif va qariyalarni ahvoliga rioya qilardilar. Hech qachon o'zlari uchun qasos olmas, g'azablanmas edilar. Ularning g'azablanishi shariat hukmlari paymol bo'lganda bo'lardi. U zotga loyiq ummat bo'lish uchun biz ham bu xislatlardan o'rnak olishimiz, U zotning yo'llarini tutishimiz kerak.

Kibr qalbga kirib qolsa, undan qutilish qiyin bo'ladi. Shuning uchun u kiradigan yo'llarni yopish osonroqdir. Kibrni davolash yo'llari quyidagilar:

  1. Alloh taolodan panoh so'rab duo qilish.
  2. Alloh taoloning unga bergan ne'matlarini tafakkur qilish, ularni shukrini qilish, xokisorlik, nafsni bo'ysundirish, o'zini o'zgalardan katta olmaslik bilan bo'ladi.
  3. Solih insonlar bilan suhbat qilib turish, chunki tabiatlar bir biridan ta'sirlanadi.
  4. Kibrga beriladigan azoblarni yodda tutish.
  5. O'tgan ummatlardagi mutakabbir kishilar yoki jamoatlarga kelgan azoblarni eslash.
  6. Kamtarlikni lozim tutish:
  • Imkon boricha eb ichish, kiyinishda, yurish turishda haddan oshmaslik, oddiylik va o'rtachalikni lozim tutish;
  • Vaqtini topib faqir va miskinlar bilan o'tirish;
  • Imkon boricha o'zining hojatlarini o'zi bajarish.

Kibrning bandaga bir qancha zararlari bor:

  1. Kishi tavbadan mahrum bo'ladi. Kibr sababli kishi to umrining oxirigacha o'z ayblarini isloh qila olmaydi, tavba qilishga muvaffaq bo'lmaydi.
  2. Ruhiy iztirob. Mutakabbir kishi o'zini baland olganidan doim odamlar unga ta'zim qilishlari va hurmat ko'rsatishlarini xohlaydi. Lekin voqe'likda unday bo'lmaydi. Ayniqsa, sharafli kishilar o'zgalarga qulluq qilavermaydi. Bu narsa mutakabbir odamlarga ruhiy zarba bo'ladi. Kibrli kishi doim o'zini o'ylagani sababli Alloh taoloni tanish va uning zikridan g'ofil qoladi. Bu kibrning dunyodagi uqubati.
  3. Ayb va kamchiliklarida davom etish. Kibrli kishi o'zini kamolatga etgan deb hisoblagani sababli hech ham nafsini taftish qilmaydi. O'zgalardan ham pand-nasihatni qabul qilmaydi. Natijada umrining oxirigacha ayb va kamchiliklarini isloh qila olmaydi, halokatga olib boruvchi holatida davom etadi.
  4. Jannatdan mahrum bo'lish va do'zax azobiga mubtalo bo'lish. Albatta, Alloh taolo va Rasuliga imon keltirishdan kibr qilgan kishilarning jannatdan mahrum bo'lishi va do'zaxga tushishi o'z-o'zidan tushunarli. Lekin imon keltirsada kibrdan qutila olmayotgan, doim o'zini odamlardan ustun qo'yib, o'zgalarning ustidan kuladigan, musulmonlarning obro'-e'tiborini to'kish bilan zavqlanadigan kishilar ham do'zaxning yo'lidan ketayotgan bo'ladilar. Imonli kishi do'zaxda abadiy qolmasa, unga bir kirib chiqishni ham engil sanamaslik kerak. Zero dunyodagi olov do'zax olovining etmishdan bir qismidir. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

 نَارُكُمْ جُزْءٌ مِنْ سَبْعِينَ جُزْءًا مِنْ نَارِ جَهَنَّمَ قِيلَ يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنْ كَانَتْ لَكَافِيَةً قَالَ فُضِّلَتْ عَلَيْهِنَّ بِتِسْعَةٍ وَسِتِّينَ جُزْءًا كُلُّهُنَّ مِثْلُ حَرِّهَا (رواه الامام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)﴿

ya'ni: “Bu olovlaringiz jahannam olovining etmishdan bir qismidir”. Odamlar: “Ey, Allohning Rasuli! Shu olovni o'zicha bo'lsa ham etarli edi”, – deyishdi. U zot: “Unga oltmish to'qqiz qism ziyoda qilindi. Har bir qismning issiqligi u(dunyo olovi)ning issiqligichadir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Yana ba'zi o'zidan “olim” yasab olib: “Ular ham ilm kishilari, biz ham ilm kishilari”, – deb, barcha islom ummati bir ovozdan qabul qilgan Ahli sunna val jamoaning fiqhiy mazhablarini, Ahli sunnaning e'tiqodini bir joyga yiqqan, kitob holiga keltirgan Imomi Moturidiy va Imom Ash'ariylarni inkor qilish, adashganga chiqarish ham, ayni kibrning o'zidir. Chunki bu quyoshdanda ravshanroq bo'lgan haqiqatni inkor qilishdir. Bunday kibrning ham natijasi ayanchlidir. Chunki bu jamoatdan ajralish bo'lib, kim jamoatdan chetlansa, do'zax tomonga chetlangan bo'ladi.  

  1. Do'stlarning kam bo'lishi, dushmanchilik va ayirmachilikning ko'payishi. Voqe'likda kamtar odamning dushmani kam bo'ladi, kibrlining dushmani ko'p bo'ladi. Chunki odamlarga shirinso'zlik, kamtarlik, mehribonlik va yumshoqlik ma'qul keladi. Ular o'zlariga yuqoridan qaraydigan emas, balki pastdan nazar qiladigan kishilarni do'st tutadilar.
  2. Ilohiy yordam va qo'llab-quvvatlashdan mahrum bo'lish. Alloh taoloning inoyati, yordami nafsini enggan, o'zidan shaytonning nasibasini chiqargan kishilarga bo'ladi. Mutakabbirlar esa o'zini o'zgadan ustun qo'yuvchi, nafsini ulug'lovchi kishilardir. Ular toki kibrni tark qilmas ekan ilohiy yordamga haqli bo'lmaydilar.

Alloh taolo barchamizga chiroyli xulqlar bilan xulqlanishni nasib qilsin! Kibrdan uzoq bo'lish, kamtarlikni lozim tutishni o'zi oson qilsin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Videolar

Islom sivilizatsiyasi markaziga media-tur (+video)

3.02.2025   1701   3 min.

Poytaxtning qoq markazida qad rostlagan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zining mahobati, u yerda yig‘ilgan osori-atiqalari, qadimiy qo‘lyozmalari bilan Sharq ilm-ziyosining noyob durdonasi bo‘ldi.  Yillar, asrlar o‘tar lekin bu maskanda to‘plangan asriy boyliklar insoniyat tamadduni uchun, qadimgi tarixni o‘rganish, olimlarimizga ilm cho‘qqilarini zabt etish uchun mayoq vazifasini o‘taydi.

Bu yerdagi qurilishlar davlatimiz rahbarining 2017 yil 23 iyundagi qarori asosida boshlangan edi. 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev markaz poydevoriga tamal toshini qo‘ygandi. 

Bugungi kunda muhtasham bino qurilishi yakuniy bosqichga o‘tgan. Markaz uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalarimiz shaklida bunyod qilindi va bir qarashda Samarqanddagi me’moriy yodgorliklarni eslatadi. Sharqona naqshlar, turfa ranglar va simmetriya unga ajoyib ko‘rk bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. 

Ushbu gumbaz tagida Qur’oni karim zali bo‘ladi. Bu yerda markaz durdonasi, Qur’onning eng qadimiy nusxasi – Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Uning atrofida qoraxoniylar, g‘aznaviylar,  somoniylar, saljuqiylar, O‘zbekxon, temuriylar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning turkiy tarjimalari o‘rin oladi. Shuningdek, devorda jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlar suratlari qo‘yiladi. Hozirda Qur’oni karim zalida turli vaqt va tillarda yozilgan 114ta qo‘lyozma mavjud. 

Yana bir e’tiborli jihati mintaqamiz tarixiga oid turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulug‘larimizning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi ulug‘langan. 

Markaz O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro markazlar faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirib boradi.

Xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YUNЕSKO, AYSЕSKO bilan yaqin hamkorlik o‘rnatiladi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida ilmiy konferensiyalar, forumlar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. 

Shuningdek, markazda  muzey ombori, qadimiy qo‘lyozmalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari bo‘ladi. Uchinchi qavatda islom tamadduniga oid 100 mingdan ortiq qo‘lyozmalar, toshbosma asarlar va ularning elektron ko‘rinishlarini qamrab olgan kutubxona joylashadi. 

Umumiy hisobda 823ta ilmiy loyiha tayyorlab qo‘yildi va olimlarning izlanishlari davom etmoqda. Xorijda va mamlakatimiz hududida topilgan osori-atiqalar tarixchilarimiz va qadimshunos mutaxassislarimiz tomonidan o‘rganilib, markazga taqdim etib boriladi. 

Media-tur davomida jurnalistlarga O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida qilingan ishlar, qadimgi dunyo sivilizatsiyasiga oid ashyolari, yurtimiz manzillaridagi topilmalar, ilmiy izlanishlarning borishi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.


 

Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA

VIDEO