• «Mazhablar to'rtta emas, mazhablar ko'p» degan gap aslida so'z o'yinidan boshqa narsa emas.
• Qani o'sha to'rttadan boshqa mazhablar?!
• To'rt mazhabning har birida minglab kitoblar yozilgan.
• Shulardan o'rtacharog'ida 30-40 ming shar'iy hukm bayon qilingan bo'ladi.
• Qani siz Imom Savriy yoki imom Avzoiy rohimahumallohning mazhabi bor desangiz, bizga yuqoridagining o'ndan birini - uch-to'rt mingta hukmni ularning mazhabida sanab beringchi?!
• Imom Buxoriy rohimahullohdan shuni sanab bera olasizmi?!
• Ularning mazhabiga ergashgan yigirmata olimni sanab bera olasizmi?!
• Hech kim Ikrimaning, Tovusning, Hasan Basriyning, Avzoiyning, Savriy rohimahumullohlarning mazhabi bo'lmagan, demaydi.
• Balki SAQLANIB QOLMAGAN deydi.
• Qadimgilar qavllarini eng yaxshi jamlagan kitoblar Ibn Abi Shayba rohimahullohning «Musonnif»lari, Imom Tahoviy rohimahullohning «Ixtilaf ul ulamo» kitoblari (asli yo'qolgan, biroq Jassos rohimahullohning unga qilgan «Muxtasar»i va undan foydalangan Ibn Qudama rohimahullohning «Mug'niy»si kabilar saqlangan), Ibn Munzir rohimahullohning «Avsat» kitobi.
• Biroq bu asarlar o'sha olimlar o'sha fatvoda qolganmilar, dalillari nima bo'lgan, o'sha fatvo uchun shartlari, qaydlari bo'lganmi, bu narsalarni to'la bayon qilmaganlar.
• Masalan, Imom Ahmad rohimahulloh ayol kishi tahoratga ishlatgan idishda qolgan suvdan erkak kishi tahorat qilishi mumkin emas, deydilar.
• Buni xiloflarni o'rgangan har qanday tolibi ilm biladi.
• Biroq bu gapni hech qanday shartsiz aytmaganlar.
• Balki bunga 7 ta shart keltirganlar.
• Buni hanbaliylar biladi.
• Agar Imom Ahmad rohimahullohning mazhablari shogirdlari va ularning shogirdlari va ularning shogirdlari kabi silsila bilan kelmaganda, balki biz shu shartlardan g'ofil qolardik.
• Huddi shunga o'xshab Imom Molik rohimahulloh hayvonlar sutraga yaramaydi, deganlar.
• Biroq molikiylardan qarasangiz, tuyani bog'lab, sutra qilib namoz o'qiyverishadi.
• Sababi, imomlari uni besh shart bilan joizligin. keltirganlar.
• Uni ular biladi, biz bilmaymiz.
• Agar imom Molik rohimahullohning mazhablari shogirdlari va ularning shogirdlari va ularning shogirdlari kabi silsila bilan kelmaganda, balki biz shu shartlardan g'ofil qolardik.
• Shunga ko'ra, Hasan Basriydan sa'yni teskarichasiga qilsa bo'ladi degan fatvo topsak, yoki turmush qurib, ajrashgan balog'atga etgan ayolni valiysi majburlab erga bersa bo'ladi, degan qavlni topsak, biz bilmaymiz, u zot buni qanday shartlar bilan, qanday qaydlar bilan aytganlar.
• Biz bilmaymiz, bu fatvodan qaytganmilar, yo'qmi.
• Qolaversa, Savriy rohimahullohning mazhabi deydiganlarga kulgim keladi.
• Bilishimcha, imom Savriy rohimahullohning qavllarini eng ko'p jamlaganlardan biri Imom Termiziy rohimahulloh bo'ladilar.
• Yana Imom Ibn Abdilbar rohimahulloh ham.
• «Iztizkor»ni va «Sunan»ni o'qiganlar juda yaxshi biladilarki, Imom Savriy rohimahulloh aksar masalalarda Imom Abu Hanifa rohimahulloh bilan qavllari bir bo'lgan.
• Bunga rukudan oldin va keyin «rof'ul yadayn» qilmaslik, tahorat uchun niyat shart emasligi kabi «salafiy»lar eng ko'p raddiya beradigan masalalarni ham misol qilish mumkin.
• Binobarin, agar Savriy rohimahullohning mazhabi saqlanib qolganida, siz unga ham Abu Hanifa rohimahulloh mazhabiga qilgan muomalani qilgan bo'lardingiz.
• Nega Imom Savriy rohimahulloh bilan Imom Abu Hanifa rohimahulloh mazhablari bunchalik bir-biriga yaqin?
• Sababi, u qavllar Abu Hanifa yoki Savriy rohimahumallohlarning emas, balki ular tarbiya topgan madrasa sohiblari Ibrohim Naxaiy rohimahulloh va u zot olgan Ibn Mas'ud rrziyallohu anhuning qavllaridir.
• Hulosa qilib aytsam, to'rt mazhab - to'rt fiqhiy madrasa asrlar davomida minglab, o'n minglab ulamolar tomonidan shakllantirilgan, hukmlari bizgacha kuchli silsila bilan etib kelgan mazhablardir.
• Biz imomimiz qaysi qavlni qaysi shartlar bilan qachon aytganini aniq silsila bilan bilamiz.
• Boshqa mazhablar esa Allohning irodasi bilan fiqhiy yo'nalish - madrasa o'laroq saqlanib qolmagan.
• Shu sababdan Ibn Solah, Zarkashiy («Bahr»ning sohibi), Imom ul Haromayn, Ibn Nujaym va boshqa ko'plab ummatning muhaddis va fuqaholari rohimahumullohlar asrlar davomida to'rt mazhabdan chiqish joiz emas deganlar, bunga o'z davrlarida ijmo bo'lganini ta'kidlaganlar.
• Shuning uchun «Maroqi» sohibi ham aytadi:
والمُجْمَعّ اليَومَ عليه الأربعةْ
وقَفْوُ غيرِهِ الجميعّ منعهْ
• Ya'ni:
Bugun ijmo' qilingani to'rtta mazhab,
Qolgan barchasidan yurma fatvo izlab!
• Baytning sharhi:
المجمع عليه
ijmo qilingan narsa
اليوم
kunimizda, ya'ni zamonimizda
الأربعة
- to'rt mazhabdir,
وقفو غيره
- yoki غيرها -
shu to'rt mazhabdan boshqasiga ergashishni yoki ularning biridan boshqasiga ergashishni
الجميع منعه
barcha ulamolar man qilganlar.
• Men tolibi ilm birodarlarimga mana shu baytni yodlab olishni va Alloh irodasi bilan sahih silsila asosida saqlangan to'rt mazhabdan chiqib, o'nta mazhab bor, yuzta mazhab bor, deya so'z o'yini qiluvchilarga aldanmaslikni nasihat va qattiq tavsiya qilaman.
• Unutmangki, to'rt mazhabdan biridagi hukmga ergashgan odam o'zi bilan Rosululloh sollallohu alayhi vasallam o'rtasida kuchli arqonni - mujtahidlar va faqihlar silsilasini ushlagan bo'ladi.
• Buning eng ochiq-oydin dalili shuki, to'rt mazhabning fiqh kitoblari ming yil - ming ikki yuz yil oldin yozilgan.
• Masalan:
- hanafiylarning «Asl», «Jome'us Sog'ir» kitoblari ikkinchi hijriy asrda;
- molikiylarning «Mudavvana»si o'sha asrda;
- shofeiylarning Muzaniy va Buvaytiy rohimahumallohlarning «Muxtasar»lari uchinchi asrda;
- hanbaliylarning Hiroqiy «Muxtasar»i to'rtinchi asrda yozilgan.
• Bular hammasi fiqhning barcha boblarini va undagi aksar masalalarni jamlagan kitoblar.
• Salafiylarda shunday kitob qachon yozilgan?!
• Salafiylarning ilk fiqh kitobi esa XX asr oxirida yozilgan.
• Ungacha bu beshinchi «mazhab»ning barcha fiqh boblarini jamlagan fiqh kitobi bo'lmagan.
• Men birovga bu «5-mazhab»ga ergashmang demayman.
• Aslida «5-mazhab» ham kamida o'nta mazhab bo'lib ketdi.
• Hech kimga sir emaski, shayx Alboniy, shayx Ibn Usaymin, shayx Ibn Bozlar rohimahumullohlar ham minglab masalada o'zaro ixtilof qilganlar.
• Siz istagangizga ergashavering.
• Shaxsan mening e'tirozim yo'q..
• Biroq...
• ... biroq mazhablar to'rttamas, mazhabsiz degan gap yo'q, hammaning mazhabi bor, kabi so'z o'yinlar qilib, barchaga ma'lum haqiqatlarni burib, buzib ko'rsatmang!
• Barchaga ma'lum terminlar- mustalahlarni ma'nosini o'zgartirib, o'zingizga moslab sharhlamang!
• Zero, ilmiy omonatdorlik va sidq bu dinning asrlar davomida buzilmay saqlanib qolishida, Allohning irodasi bilan, eng asosiy va birlamchi omil bo'ldi.
• Endiyam shunday bo'lib qolsin!
©️ Mahmud Usmon
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom dini sabr va shukrni inson hayotining asosiy ustunlaridan deb biladi. Sabr — qiyinchilik paytida bardosh qilish, gunohdan tiyilish va toatda sabotli bo‘lishdir. Shukr esa Alloh bergan ne’matlarni qadrlash, til bilan ham, qalb va amal bilan ham minnatdorlik bildirishdir. Bu ikki xislat mo‘minning imonini mustahkam qiladi.
Qur’ondan dalillar Alloh taolo aytadi: “Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (Baqara surasi, 153-oyat).
Bu oyat sabrning qanchalik ulug‘ maqomga ega ekanini ko‘rsatadi.
Yana bir oyatda: “Agar shukr qilsangiz, albatta sizlarga (ne’matimni) ziyoda qilaman” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Bu oyat shukr qilish ne’matning ortishiga sabab bo‘lishini bildirmoqda.
Hadis
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vaqtida aytganlar: “Mo‘minning ishi ajoyibdir. Unga yaxshilik yetsa — shukr qiladi, bu uning uchun yaxshilik; agar musibat yetsa — sabr qiladi, bu ham uning uchun yaxshilik”.
Bu hadis sabr va shukr mo‘min hayotining har ikki holatida ham foydali ekanini ko‘rsatadi.
Sabrning turlari
Toatda sabr — namoz, ro‘za va boshqa ibodatlarda bardavom bo‘lish.
Gunohdan sabr — harom ishlardan o‘zini tiyish.
Musibatda sabr — qiyinchilik va sinovlarda sabot qilish.
Shukrning ko‘rinishlari
Qalb bilan shukr — Alloh bergan ne’matlarni tan olish.
Til bilan shukr - “Alhamdulillah” deyish.
Amal bilan shukr - ne’matni yaxshilik yo‘lida ishlatish.
Shukr qilgan insonning hayotida baraka ortadi, qalbi xotirjam bo‘ladi.
Ibratli voqea
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlarida og‘ir sinovlar bo‘lgan: ochlik, ta’qib, yaqinlarining vafoti. Lekin u zot doimo sabr qilganlar va Allohga shukr aytganlar. Toif voqeasida ham dushmanlaridan ozor ko‘rganlarida, u zot duo qilib, sabr qilganlar. Bu - haqiqiy sabr namunasidir.
Xulosa
Sabr - qiyinchiliklarda qalbni mustahkamlaydi, shukr esa ne’matlarni ziyoda qiladi. Mo‘min inson hayotida ham sabr, ham shukr bilan yashashi kerak. Sabrsiz imon mukammal bo‘lmaydi, shukrsiz ne’mat bardavom bo‘lmaydi.
Sabr va shukr - jannat yo‘lidagi ikki nurdir.
Musoxon Abbasiddinov,
Namangan shahar “Boqi polvon” jome masjidi imom-xatibi.