Keyingi yillarda Davlatimiz Rahbarining mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish bo'yicha yangi tizimga asos solganlari o'zining amaliy va ijobiy natijalarini berayotir. Bu yo'nalishda diniy soha rahbarlari, bir guruh ulamolar xalq bilan muloqot qilib, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashash va ishlash yo'lidagi faoliyatlariga o'zgacha mazmun, ko'tarinki ruh olib kirib, bunday ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqdalar.
Shu kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrif buyurdilar. Hazrat safar davomida keng xalq ommasi bilan ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar o'tkazib, olis va chekka hududlardagi aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqdalar.
Bugun ana shunday manfaatli muloqot Qoraqalpog'iston Respublikasi Qorauzyak tumani «Qorauzyak» ovul fuqarolari yig'ini faollari bilan bo'lib o'tdi.
Muftiy hazratlari aholi bilan uchrashib, yurtimizda bo'layotgan islohotlar va o'zgarishlar haqida so'z yuritib, bularning barchasi inson qadrini ulug'lash, xalq roziligi uchun qilinayotganini qayd etdilar. Shu bilan birga yig'ilganlarni diniy sohada bo'layotgan yangiliklar bilan tanishtirib, aholining emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotganini ta'kidladilar.
Muloqot yakunida muftiy hazratlari jamoat va yurtimiz ravnaqi uchun xayrli duolar qildilar.
Tashrif davom etmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.
To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.
Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.
Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan.
U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv" (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan.
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi.
Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.
Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.