So'nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqdagi ba'zi da'vatchilar tomonidan musulmon ummatini orasiga ixtilof soladigan, bahs va munozaralarga sabab bo'ladigan, shu sababli ummat o'rtasida fitna chiqishiga “kalit” bo'ladigan mavzulardagi chiqishlar ko'payib bormoqda. Bu mavzularning ba'zilari aqidaviy, ba'zilari fiqhiy va yana ba'zilari ijtimoiy mavzularda bo'lsada, natijasi faqatgina musulmon ummatinig parchalanishiga, zaiflashishiga, bir-biriga nisbatan tarafkashlik, hurmatsizlik va adovatiga yo'l ochib bermoqda. Ularga bu qilayotgan ishining yaxshi emasligi aytilsa, ular o'zlarining ushbu amallarini oqlash uchun: “Biz faqatgina kitoblarda keltirilgan ma'lumotlarni gapirmoqdamiz. Chunki, ilmni yashirish mumkin emas, agar biz aytmasak, ilmni yashirganimiz uchun Allohning huzurida gunohkor bo'lamiz”, deya javob bermoqdalar. Shu bilan birgalikda, dolzarb bir masalani kashf etganday faxr bilan xalqqa mav'iza qilib, ulardan ilgari yashab o'tgan olimlarimizni ilmsizlikda yoki ilmga xiyonatda ayblamoqdalar.
Ho'sh, aslida ham shundaymi? Necha ming yillar ilgari yashab o'tgan, umrini va molini ilm yo'lida fido qilgan ulug' zotlar, ajdodlarimiz rostan ham ushbu kundagi “shayx”lar bilgan ilmlarni, ular aytayotgan hadislarni bilmaganmi? Yoki ular aytganidek ilmga xiyonat qilganmi? Agar bilgan bo'lsalar yoki ilmga xiyonat qilmagan bo'lsalar, nega bu “shayxlar” aytayotgan masalalarni ommaga oshkor qilmaganlar?
Javob shuki, bizdan ilgari yashab o'tgan olimlarimiz xozirgi kundagi soxta shayxlar aytayotgan masalalarni borligini, sahihligini aniq bilganlar. “Shayx”lardan ko'ra ancha ilmli bo'lganlar. Shu bilan birgalikda, farosat bobida ham bir necha barobar ustun bo'lganlar. Ularning ilm va farosatdagi oliyliklari sabab, musulmon ummatining ixtilofiga, tafriqasi va fitnasiga sabab bo'ladigan masalalar faqatgina o'zlari, xos kishilar davrasida muhokama qilingan. Ular: “Odamlarga ularning aqllari etadigan hadislarni aytinglar. Alloh va Uning rosulini yolg'onga chiqarilishini istaysizlarmi?” degan qoidaga amal qilganlar. Bu esa aslo ilmga xiyonat deyilmaydi. Aksincha, ilm va farosat bobidagi ustunlik deyiladi.
Masalan, Imom Muslimning sahihlarida keltirilgan bir hadisda Abu Hurayra roziyallohu anhu shunday deganlar: “Men Payg'ambar alayhissalomdan ikki idish to'la hadis yodladim. Lekin, ulardan faqatgina bir idish hadisnigina rivoyat qildim xolos. Ikkinchi idishni esa ochmadim ham. Chunki, ushbu idishda ixtilofli hadislar bor edi. Agar ushbu idishni ochsam, halqumimning kesilib ketishidan qo'rqdim”. Ya'ni, abu Hurayra roziyallohu anhudek zot ham, musulmonlarning fitna va ixtilofiga sabab bo'ladigan hadislarni rivoyat qilishdan ko'ra, o'zlari bilan qabrga olib ketishni afzal bilganlar. Ho'sh aytingchi, qaysi “shayx” u zotni ilmga xiyonatda ayblay oladi?
Ibrohim ibn Abu Umla degan zot aytgan ekan: “Kim nodir ilmlarni ko'tarib kelsa, u juda ham ko'p yomonliklarni ko'tarib kelibdi”. Ya'ni, bir yurtda yoki boshqa bir makonda keng yoyilgan ilmni boshqa bir makonga, ulamolari boshqa, urf odatlari va qadriyatlari boshqa bo'lgan joyga olib kelib, ularga targ'ib qilgan kishi ularga yaxshilik emas, aksincha yomonlikni olib kelgan bo'ladi. Chunki, ular orasida ixtilof chiqishiga sabab bo'ladi.
Imom Molik aytadilar: “Ilmning yomoni, g'arib bo'lganidir. Ya'ni, odamlar eshitmagan, bilmagan va o'rganmagan yangilikni olib kelish eng yomon ilmdir. Ilmning yaxshisi esa, kishilar rivoyat qilib, ular orasida zohir bo'lgan ilmdir”.
Abdurahmon ibn Mahdiy aytadi: “Hech kim eshitmagan yangi narsalarni rivoyat qilib yuradigan kishi ham, har bir eshitgan narsasini rivoyat qilaveradigan kishi ham, yoki har bir odamdan eshitgan narsasini rivoyat qilaveradigan kishi ham hadis ilmida imom bo'lolmaydi”.
Ushbu da'vatchilarning yana bir usuli, xalqni mazhabsizlik girdobiga tortish bilan adashtirmoqdalar. Ular ushbu yo'lda xalqning miyasini zaharlashda shunday makkorlik bilan ish qilmoqdalarki, “Sen mazhabga ergashasanmi, yoki sahih hadisgami?”, deya faqih ulamolar bilan muhaddis ulamolarni bir biriga qarshi qo'ymoqdalar. Go'yoki, muhaddis ulamolar aytayotgan hadislarning xujjati bor bo'lib, ularning so'zlari Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga tegishlidir. Fiqh ulamolaring so'zlari esa o'z ra'ylaridan kelib chiqib aytilgan gapdir, degan tushunchani singdirmoqdalar. Va sahih hadislardan o'z foydalari uchun ustamonlik bilan foydalanmoqdalar. Bir narsa desang, “mana, sahih hadis borku”, deya hadisni ro'kach qilmoqdalar. Mana shu jozibador so'z ko'p kishilarni adashishlariga, mazhab ulamolarini kamsitishga, faqihlarga nisbatan behurmatlik qilinishiga sabab bo'lmoqda.
Yoki, ulardan ba'zilari yurtimizda Hanafiy mazhabi keng tarqalgan bo'lishiga, fiqhiy kitoblarimiz va ibodatlarimizning deyarli barchasi Hanafiy mazhabi asosida yozilganiga qaramasdan, masjidlarda, ibodat o'rinlarida boshqa mazhab amallarini qilish bilan ham ixtilof chiqishiga sababchi bo'lmoqdalar. Bu ham faqatgina ilmsizlik natijasi xolos. Garchi, bu amallarni bajarishda “bu sunnat”, degan da'vo bo'lsada, lekin, uning muqobilida boshqa bir sunnat amal bo'lgan o'rinda ixtilof chiqmasligi uchun o'sha ixtilofli amalni tark qilish ham sunnatdir.
Hulosa shuki, agar ixtilof chiqadigan bo'lsa, fiqhiy masalalarda ittifoq bo'lgan yaxshidir. Fitna, ixtilof chiqadigan paytda fitnaga, ixtilofga sabab bo'ladigan amallarni tark qilish ham sunnatdir.
Biz shunday kishilarning gaplariga uchib, qaysi biriga ergashsam ekan, deya ikkilanib yurgan kishilarga qarata aytamizki, azizlar, sahih hadis degan chiroyli istilohga aldanib qolmaylik. Chunki, muhaddis ulamolar sanad (roviylar silsilasi) ning sahihligini o'rganadilar, matnning sahihligini esa mujtahid mazhabboshilar o'rganadi. Boshqa hadislarga zid emasmi, nasx qilinmaganmi, bilmasdan turib amal qilinmaydi. Ba'zi ixtilofli masalalarda sahih hadis bor deb ommani chalg'itayotganlar muhaddis ulamolar nazdidagi narsani fiqhga kirgizishmoqda. Unutmaylik, muhaddislar rivoyatni borligini, bor bo'lsa qanchalik ishonchli xabarligini o'rganadilar. Unga amal qilsa bo'ladimi, farz darajasidami, sunnatmi, mubohmi, bularni bilish faqih ulamolarni ishi.
Sahis hadislarda kelgan rivoyatlarning hammasi bajarish shart degani emas. Ulardan ba'zilari farz bo'lsa, ba'zilari muboh bo'lishi mumkin. Yoki uning muqobilida boshqa bir hadis bo'lgan rivoyatni qaysidir joyda ishlatmaslik a'loroq bo'lishi ham mumkin. Bunda holatga, makonga va kishilarning sharoitlariga qarab hukm chiqariladi. Masalan, Qur'oni karimdagi ko'p oyatlar buyruq ma'nosida kelgan. Lekin, ularning hammasi ham farz degani emas. Ba'zi buyruqlarga amal qilish farz, ba'zilariga amal qilish sunnat va ba'zilariga amal qilish esa mubohdir. Ularning farz, sunnat yoki muboh amal ekanligini Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning amallari hamda ko'rsatmalari orqali bilganmiz. Huddi shuningdek, sahis hadislardagi hukmlarni darajasini ham fahiq ulamolarning amallari, ular chiqargan hukmlar orqali bilamiz.
Hulosa qilib aytganda, mazhabboshi ulamolarimiz hadislarni yaxshi bilganlar. Yutimiz ulamolari o'z davrlarida ilm cho'qqisini zabt etgan kishilar bo'lishgan. Agar ular qaysidir amalni qilmagan bo'lsalar, yoki qaysidir hadisni zikr qilmagan bo'lsalar, bu faqatgina farosat va ilm sababli, musulmonlarning birdamligiga hizmat qilgan. Turli xil ixtilof, bo'linish va tafriqaning oldini olishga sabab bo'lgan. Shuning uchun, internet yulduzi bo'lib turgan “shayx”larning soxta, jimjimador “da'vat”lariga aldanib qolmasdan avvalo ilm o'qing. Hargiz, o'tib ketgan ulamolar sha'nlariga noto'g'ri gaplar bilan tuhmatlar qilib qo'ymang. Allohdan qo'rqing. Chunki, musulmonlarning ittifoqi ularning ixtilofidan yaxshidir.
O'MIning Toshkent viloyati vakilligi xodimi
Yo. Islomov
“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili – bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.
Bu haqda alloma Ibn Rajab o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar.
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.
Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.
U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.
Shamsuddin Xapizov,
Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar