Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa behisob shukrki, yurtimiz taraqqiyotining yangi davrida buyuk mutafakkirlar merosini asrab-avaylash, tadqiq etish va xalqimizga etkazish ishlari keng jabhada amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg'inoniy, Abu Muin Nasafiy va Mahmud Zamaxshariy singari tabarruk zotlarning asarlari nafaqat mintaqamiz, balki butun musulmon dunyosi uchun hidoyat mayog'idir. Shu bois, ularning ilmiy merosini, qoldirgan bitiklarini o'rganish va kelajak avlodga etkazish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan sanaladi.
Yangi O'zbekistonda ko'p asrlik noyob va nodir asarlarni saqlash, xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, benazir zotlarning ma'naviy merosini asrab-avaylash, hayotga tatbiq etish va ularning mazmun-mohiyatini yosh avlodga etkazish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotir.
Hayot davom etar ekan, bu sohada yangi-yangi talablar kun tartibiga qo'yilishi tabiiy. Shu bois, davlatimiz rahbarining joriy yil
10 fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ana shu hayotiy zarurat nuqtai nazaridan qabul qilingan tarixiy, muhim hujjat sanaladi. Ushbu qarorning e'lon qilinishi ma'rifatli xalqimizni, xususan, din peshvolarini ham cheksiz mamnun etdi. Unda belgilangan vazifalar buyuk ajdodlarimiz asarlarini yanada teran anglab etishga, yosh avlodning ana shunday hikmatlar asosida kamol topishiga xizmat qiladi. Bu, o'z navbatida, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish sari tashlangan navbatdagi muhim qadam bo'ladi, inshaalloh.
Islom dinida kelajak avlodga ilm-ma'rifat va ma'naviyat qoldirishning ajri ulug', inson vafotidan keyin ham amal daftariga yozilib turadigan ish sifatida ko'p bor ifodalangan. Hazrati Rasulimiz alayhissalom aytadilar: “Inson dunyodan o'tganida uning barcha amallari to'xtaydi, ammo uch amali borki, ular hargiz to'xtamaydi. Bu amallar —
sadaqai joriya, manfaatli ilm hamda solih farzand” (Imom Buxoriy rivoyati).
Sadaqai joriya — insonlar har doim undan manfaat topadigan ish, savobi doimo oqib turuvchi amaldir. Masalan, xalq koriga yaraydigan yo'l, ko'prik, maktab, shifoxona, masjid, madrasa va turli ilm dargohlarini barpo etish kabilardir. Shu jumladan, nodir qo'lyozma va toshbosma kitoblarni asrab-avaylash, tadqiq qilish va xalqimizga etkazish hamda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni joriy etish ayni sadaqai joriya hukmida bo'ladi.
Bizning zaminda Payg'ambar alayhissalomning amakilari Qusam ibn Abbos kabi ko'plab ulug' insonlar abadiy qo'nim topgan. Qur'oni karimning eng qadimgi yuzlab nusxalari saqlanib kelinadi, islom tsivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo'shgan olimlarning nodir manbalari asrab-avaylanmoqda.
Mazkur qaror shu jihatdan ham yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Hukumat tomonidan ajdodlar merosini o'rganish, ularni keyingi avlodga etkazish borasida qilinayotgan mazkur amaliy ishlar tahsinga sazovor. Zero, bu diyordan nafaqat islom ilmlari bo'yicha ulamolar, balki aniq va tabiiy fanlar bo'yicha Horazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek va boshqa ko'plab olimlarni sanab o'tish mumkin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi kitob fondi ham eng nodir ma'naviy xazinalardan biri bo'lib, unda 3 ming jild qo'lyozma, 17 ming jild toshbosma kitoblar mavjud. Eng noyob qo'lyozmalardan — “Hazrati Usmon Mushafi” va “Katta Langar Qur'oni” qadimiy va tabarruk manbalar hisoblanadi. Yana fondimizda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniy, Mahmud Zamaxshariy, Jaloliddin Rumiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa mutafakkirlarning qo'lyozma asarlari saqlanmoqda.
Ta'kidlash joizki, aholi qo'lida e'zozlab saqlanayotgan hamda avloddan-avlodga o'tib kelayotgan, lekin davlat tomonidan ro'yxatga olinmagan qo'lyozmalar va qadimiy bosma kitoblar soni biz o'ylagandan-da ziyodadir.
Shu kabi boy merosni o'rganish va keng yoyish oldimizda turgan dolzarb vazifa. Buni hal etish uchun zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish bugungi kun talabidir. Shu bois, mazkur qarorda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, qadimiy yozma manbalarning davlat reestrini tashkil etish vazifasi belgilangan.
Hususan, qarorda buyuk allomalarning ilmiy merosini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ommalashtirish, ular to'g'risidagi ma'lumotlarni zamonaviy usullar orqali etkazish maqsadida Internet tarmog'ida ilmiy-ma'rifiy portal va uning mobil' ilovasi ishga tushirilishi belgilandi.
Shu bilan birga, mutafakkirlar hayoti, ilmiy merosi haqidagi ma'lumotlar, ular faoliyatiga oid kitoblarning elektron nusxalari, fil'mlar hamda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan boshqa turdagi ma'lumotlar ham mazkur portalga joylashtirilishi uning ahamiyatini yanada oshiradi. Bu esa nafaqat yurtdoshlarimizga, balki butun jahon ommasiga mamlakatimizning boy ilmiy merosi bilan tanishish va ulardan foydalanish imkoniyatini beradi.
Qarordagi yana bir muhim jihat, muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni muhimligiga ko'ra, xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etishning yo'lga qo'yilishidir. Noshirlik ishlari jadallashib, muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan asarlar oddiy tilda chop etilib, aholiga taqdim qilinadi. Bu esa shubhasiz, xalqimizning bilimi yuksalishiga, yoshlarni ta'lim-tarbiyali qilib tarbiyalashga katta hissa qo'shadi.
Albatta, bu kabi ishlarni malakali mutaxassislarsiz qilib bo'lmaydi. Mazkur qaror bilan kadrlar masalasi ham o'z echimini topmoqda. Unga ko'ra, 2022-2023 o'quv yilidan jami 4 ta oliy ta'lim muassasasida “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” ta'lim yo'nalishida kadrlar tayyorlash ishlari jadallashtiriladi.
Ushbu hujjatda belgilangan yana bir dolzarb vazifa xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish orqali aholi va turli fondlarda saqlanayotgan ajdodlarimiz qalamiga mansub qadimiy yozma manbalarning ro'yxatini va elektron nusxalarini aniqlash, yurtimizga olib kelish choralarining ko'rilishidir.
Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, “O'zbekistonga oid xorijdagi qo'lyozma asarlar reestri”ning birinchi jildida 30 mamlakatning 97 tashkilotida saqlanayotgan Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Moturidiy, Alisher Navoiy singari 150 dan ortiq alloma va mutafakkirlarga oid qo'lyozma asarlarning 1001 ta ilmiy tavsifini o'z ichiga olgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ajdodlar merosiga ehtirom ko'rsatishdek ezgu va xayrli ishlar boshlangan ekan, uni qo'llab-quvvatlash hamda kamarbasta bo'lishimiz zarur. Zero, bunday savobli ishlarning ham ajri cheksiz bo'ladi. Qur'oni karimda “Alloh go'zal amal qilganlarning ajru mukofotlarini zoye qilmas”, deb bayon qilingan. “Ra'd” surasining 29-oyatida esa: “Imon keltirib, solih amallarni qilganlar uchun “tubo” (xushnudlik) va go'zal oqibat (jannat) bordir”, deb marhamat qilingan.
Halqimiz uchun katta ne'mat bo'lgan ulug' alloma va mutafakkirlarning bebaho asarlarini, noyob yozma manbalarni saqlash, o'rganish hamda kelajak avlodga bezavol etkazish borasidagi ishlarda Haq taolo ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin.
Nuriddin HOLIQNAZAROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning poklanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi.
Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:
لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ
“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).
Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishiga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kutayotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.
Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”
Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qilaman”, dedi.
Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».
Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...
Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.
Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:
رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ
“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.
“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”.
Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin!
Mavjuda NURIDDINOVA
tayyorladi.