O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Toshkent shahri «Oltintepa» jome masjidida shu yil 4 fevral' kuni bo'lib o'tgan juma suhbatida insonlarning kamchiligini dinga bog'lamaslik haqida shunday dedilar.
“Islom dini Alloh tomonidan har bir inson dunyo va oxiratda saodatli bo'lishi uchun yuborilgan katta ne'mat. Din bekamu ko'st, benuqson bo'ladi. Biror kim o'ylab topgan yoki ijod qilib yozgan emas. Holiqimiz, Robbimiz tomonidan bizga in'om qilingan. Bu din johiliyat davridan saodat zamoniga o'tkazish uchun yuborilgandir.
Agar qayerdadir, kimlardir bu borada kamchilikka yo'l qo'yayotgan bo'lsa, bu shaxslarning kamchiligi, dinniki emas. Hato qilgan bo'lsak, noo'rin gapirib qo'ygan bo'lsak, yanglish fatvo bergan bo'lsak, Alloh bizni kechirsin. Lekin shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda musulmon birodarlarimiz xatosini ko'tarib chiqib, butun islom ummatining xatosiga yo'yish holatlari qalbimizga ozor bermoqda.
Shuni bilish muhimki, qayerlardadir kamchilik bo'lsa, bu dinning kamchiligi emas. Dinimiz benuqson, bexatodir. Faqat buni o'rganib, ta'limotini tushunib, to'g'ri talqin qilishimiz kerak, xolos”, – dedilar muftiy hazratlari.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Cavol: Dallollik kasbi joizmi? Agar joiz bo‘lsa, dallol ikki tomondan haq olsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dallol gohida sotuvchi tarafidan, gohida oluvchi tarafidan, gohida esa ikkisi tarafidan ham vakil bo‘ladi. Agar dallol yolg‘on, firib, aldov qilmasdan faoliyat yuritsa, bu uchun haq olishi joiz hisoblanadi.
Dallolning haq olishi va uning qaysi tomondan bo‘lishi urf-odatga ko‘ra bo‘ladi. Urfda sotuvchi, yoki xaridor, yo har ikki tomon dallol haqqini beradigan bo‘lsa, shundan kelib chiqib ish faoliyatini yuritishi joiz hisoblanadi ("Durarul hukkam" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.