Ahli ilmlar ijmo'siga ko'ra, nikoh guvohlarga oshkor etilishi shartdir!
Hanafiy mazhabimiz fuqaholari nikoh faqat oshkora guvohlar ishtirokidagina sahih bo'ladi, degan. Bu imom Shofe'iy va Savriyning ham fikridir.
Imom Molik va Lays rahimahumalloh esa guvohlarsiz ham nikoh bo'laveradi, degan. Lekin bu mutlaqo maxfiy nikoh joiz degan ma'noda emas. Imom Molik aytganki, agar bir kishi qizini erga berib, bu nikohni maxfiy tutishlarini tayinlasa joiz bo'lmaydi. Mabodo, yaxshi niyatda sabab bilan sir tutib guvohsiz nikoh qilsa, joiz bo'ladi lekin, shunda ham kelgusida kelin-kuyov oshkor etishi kerak! Ibn Qosimning imom Molikdan shunday rivoyati bor.
Ibn Vahb imom Molikdan quyidagicha rivoyat qilgan: bir kishi ikki guvoh xuzurida nikohlandi va guvohlarga bu nikohni sir tutishlarini buyurdi. Bu vaziyatda oralari bir taloq bilan ajratiladi va nikohlari joiz bo'lmaydi. Agar kelinga yaqinlik qilib ulgurgan bo'lsa uning mahrini berish vojib bo'ladi. Guvohlar yashirin nikohning gunohligini bilmagan bo'lsa, ularning bu guvohligi uchun jazoga tortilmaydi. Agar bilib turib guvohlikka rozi bo'lishgan bo'lsa, ular shar'an jazoga tortiladi.
Bizning hanafiy ulamolarimiz va imom Shofe'iy yashirin nikoh masalasida shunday deganlar: Agar ikki guvoh xuzurida nikohlanib, guvohlarga bu nikohni sir tutinglar deb tayinlasa nikohi joiz bo'ladi.
Imom Tahoviy aytadi: fuqaholarning hammasi quyidagi fikrga ittifoq qilishgan: shariat nuqtai nazaridan nikoh rishtasini oshkor qilmasdan iloji yo'q! Bir guruh faqihlar guvohlarga oshkor qilishni shart qilgan. Boshqa bir guruh esa garchi nikoh paytida hech kim guvoh bo'lmasada, keyinchalik odamlarga ma'lum qilib, nikohni sirlik darajasidan chiqarib, maxfiy qolib ketmasligini shart qilgan. Demak xulosa shuki, nikoh rishtasi boshqalarga bildirish lozim bo'lganidan keyin, uni nikoh aqdi chog'ida bo'lishi lozim. Qachonki guvohlar xuzurida bo'lsa sirlik darajasidan chiqib shar'an joiz bo'ladi. Bunga xilof tarzda amalga oshirilgan nikohlar esa maxfiy nikoh bo'ladi. Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinganki, “Zoniyalar, ular shundayki o'z tanalarini guvohsiz nikohlaydilar”. Sahobalardan hech kim bu fikrga muxolif bo'lmagan!
(Muxtasaru ixtilafil-ulama. Imom Tahoviy. 2 – J. 251 — B).
“Qorabosh ota” jome masjid imom xatibi O.RAHIMOV
Andijon tumani
Muharrir: Botirjon qori
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, haj delegatsiyasi a’zolari va Ishchi guruhi vakillari Makka shahrida joylashgan Mino va Arafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mino vodiysida ziyoratchilar uchun keng va tekis hududdagi alohida chodirlar ajratilgan. Ular gilamlar, yumshoq o‘rinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovutkichlar bilan jihozlangan, kommunal xizmatlar bilan ta’minlangan va sanitariya-gigiyena talablari ham inobatga olingan.
Joriy yildagi qulaylik shuki, delegatsiya talablariga muvofiq Arafot hududidagi har bir chodir issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan to‘liq o‘ralgan va yorug‘lik uchun oynalar o‘rnatildi. Mazkurlarda “Sofa bed” (yostiq va to‘shak), “Martaba” (to‘shak), sovutkich singari qulayliklar ibodatlarni xotirjam ado etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uch mahal issiq ovqat, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.
Ayniqsa, hojilar chodirlarda vaqtlarini g‘animat bilib ko‘proq toat-ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, mo‘min-musulmonlarga yanada qulay shart-sharoit hozirlanib, bu yilgi haj mavsumi sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan eng yuqori darajada bo‘lishiga harakat qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati