Мақолалар

Islom dinining ayollarga munosabati

Alloh taolo barcha mavjudotlar qatori insonni ham juft qilib yaratgan. Kishilik jamiyatining yarmidan ko’hpini ayollar tashkil etadi va turmush yumushlarining ko'p qismi ularning zimmasida. Ayol – birinchi navbatda ona, xonadon bekasi, opa-singil, qiz – farzanddir. Ayol sog'lom bo'lsa – jamiyat sog'lom bo'ladi. Chunki kelajak mevasi bo'lmish farzandlar onalar sababli dunyoga keladi. Ularga boshlang'ich ta'lim-tarbiya va odob-axloqni ona-yu momolarimiz o'rgatadilar. Shunday ekan, kelajak avlodning solih bo'lishi bugungi kun ayollarining soliha bo'lishlariga har jihatdan bog'liqdir.

Islom dini odam avlodlarining ayollarga bo'lgan munosabatdagi nuqsonlarni ham tuzatdi, johiliyat davrining ayol zotiga nisbatan bo'lgan munosabatini qoraladi.

Qur’oni karim va sunnati sharifning ko‘rsatmasiga ko‘ra ayol yoshligidan to umrining oxirigacha e’zozlanishi va butun hayotida nafaqasining ta’minlanishiga haqlidir. Qiz bola voyaga yetkunga qadar, ota-ona qaramog‘ida bo‘lishi, turmushga chiqqach nafaqasi erining zimmasida bo‘lishi hamma fiqh kitoblarda ochiq-oydin bayon qilingan.

Allohga shukrlar bo‘lsinki, hozirda ota-onalasi xizmatiga doimo tayyor bo‘lib turgan farzandlar soni bisyord. Ularning tirikligidagi xizmatlarini vafot etganlaridan keyin ham ular suygan kishilarning ko‘nglini olib, farzandlik burchlarini ado etmoqdalar. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ona vafot etgandan keyin “xola” ona maqomida bo‘lishi va uning duosi onaning duosi bilan barobar ekanligini ta’kidlaganlar. Ularning nomidan xayr saxovat qilish yoki ularning nomlaridan haj ibodatini ado etish esa fazilatli amal ekanligini bildirganlar.

Jobir roziyallohu anhu aytadilar: “Kimki ota yoki onasining nomidan haj qilsa, undan bajargan haj amali ado etilgan bo‘ladi. Va u uchun o‘nta hajning fazli bo‘ladi”.

Ayol kishi avvalo, Ona sifatida qadrlanadi. Qur'oni karimning bir nechta oyatlarida onani e'zozlashga, uning haqqini ado etishga buyurilgan bo'lib, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam  ham hadislarining birida:

(" اَلْجَنَّةُ تَحْتَ اَقْدَامِ الْاُمَّهَاتِ " (رواه الخطيب

“Jannat – onalar oyog'i ostidadir”– deb marhamat qilganlar.

Islom ta'limotida oilali ayolning zimmasiga qator vazifalar yuklatilishi barobarida, oilada u o'z haq-huquqiga ham ega ekani aytilgan.

Rivoyat qilinishicha, sahobalar Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamdan: Zimmamizda xotinlarimizning qanday haqlari bor? deb so'raganlarida, U zot sollallohu alayhi vasallam:

(" أَنْ تُطْعمَهَا إِذَا طَعِمْتَ ، و تَكْسُوهَا إِذَا اكْتَسيْتَ وَ لاَ تَضْرِبِ الْوَجْهَ ، وَ لاَ تُقَبِّحْ ، وَ لاَ تَهْجُرْ إِلاَّ فِى الْمَبِيْتِ "(رواه ابو داود

“Yeganingizda uni ham yedirmog'ingiz, kiyganingizda kiydirmog'ingiz, yuziga urmaslik, qabih so'zlar bilan haqorat qilmaslik, arazlashganda uydan chiqmagan holda o'rinni boshqa qilib yotmoqlik” deb javob berdilar.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Ayollar erkaklarning ajralmas bir qismidirlar” degan hadislariga binoan ayol kishi jamiyatning ajralmas bir bo'lagi ekan, u ijtimoiy hayotda o'z mavqeiga ega bo'lib, ilm olishga, kasb-hunar qilishga haqlidir. Shunga binoan bugungi kunning ayoli ham unga berilgan haq-huquqlardan oqilona foydalanish bilan bir qatorda, ayollik iffatini saqlab, o'z sha'niga dog' tushirmaslikka harakat qilmog'i lozim. Ularni turli yomonlik, xavf-xatar va illatlardan himoyalash hamda ularni hurmatini joyiga qo'yib, chiroyli munosabatda bo'lish esa  erkaklarning zimmasidadir. Chunonchi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz ummatlariga ayollarga yaxshi munosabatli bo'lishga buyurib shunday marhamat qiladilar:

(" أَكْمَلُ الْمُؤْمِنِينَ إِيْمَانًا أَحْسَنُهُمْ خُلُقًا ، وَ خِيَارُكُمْ خِيَارُكُمْ لِنِسَائِهِمْ " (رواه الترمذى

“Mo'minlarning imon jihatidan komilrog'i xulqi yaxshi bo'lganlaridir. Sizlarning yaxshilaringiz o'z ahlu-ayollari bilan yaxshi bo'lganlaringizdir”

Alloh taolo “Nahl” surasida shunday deydi:

وَإِذَا بُشِّرَ أَحَدُهُمْ بِالْأُنْثَى ظَلَّ وَجْهُهُ مُسْوَدًّا وَهُوَ كَظِيمٌ

“Qachonki ulardan biriga qizning xushxabari berilsa, g'am-alamga to'lib, yuzi qorayib ketar” (58-oyat).

Mushriklarning birortasiga oilasida qiz bola tug'ilgani haqida xushxabar berilsa, xafa bo'lganidan, g'am-alamga to'lganidan yuzi qorayib ketar edi.

“Unga berilgan xushxabarning yomonligidan (uyalib) qavmidan berkinur. U (qiz)ni xorlik-la olib qolsamikin yoki tuproqqa ko'msamikin? Ogoh bo'ling! Qilayotgan hukmlari naqadar yomon”  (Nahl surasi, 59-oyat).

Muqaddas islom dinimiz ta'limotiga ko'ra, shariat hukmlari, ya'ni farz, vojib, sunnat, mustahab, muboh, halol, harom, makruh kabi hukmlarga barcha musulmonlar, shu jumladan, ayollar ham rioya qilgan holda ibodat qilishga buyurilganlar. Lekin ayol kishining o'ziga xos jismoniy va tabiiy xususiyatlarini hisobga olib, shariatimiz ularga ibodat, turmush, kiyinish, ishlash va ijtimoiy hayotning ayrim jihatlarida erkaklarga qaraganda boshqacharoq amal qilishga buyurgan. Bu bilan ularni kamsitish yoki tahqirlash emas, balki ayollarning ona, opa-singil va turmushda erkak kishining umr yo'ldoshi sifatida hurmat va iffatlarini himoya qilish, ularning or-nomuslarini saqlash kabi hikmatlarga rioya qilingan.

Robiya SAIDHANBALOVA,

Xadichai Kubro ayol-qizlar o'rta maxsus islom bilim yurti talabasi

11922 марта ўқилди

Мақолалар

Top