Мақолалар

Eng yaxshi suvoriy

Islom tarixida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suvoriysi nomi bilan mashhur bo'lgan Horis ibn Rib'iy al-Ansoriy roziyallohu anhu milodiy 606-yilda, hijratdan 16 yil avval tavallud topgan. Nasablari Hazraj qabilasining Banu Salama urug'iga borib taqaladi. Otalarining ismi Rib'iy ibn Baldama, onalarining ismi esa Kabsha bintu Mutohhar edi.

Ismlari borasida ulamolar turli fikrlarni aytganlar. Boisi, u kishi tarix kitoblarida ko'pincha laqablari Abu Qatoda bilan zikr qilinganlar. Asl ismlarini ba'zilar Horis, ba'zilar Amr va yana ayrim ulamolar No'mon edi, deyishgan. Imom Zahabiy esa sahih qavlga ko'ra Abu Qatodaning ismi Horis edi, deb aytganlar.

Abu Qatoda roziyallohu anhu kichik yoshlaridayoq musulmon bo'lganlar. Ayrim tarixchilar Islomga kirishlarini ikkinchi aqaba bay'ati bilan bog'laydilar.

Abu Qatoda roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qatnashgan deyarli barcha g'azotlarda u zot bilan yelkama-yelka turib mardonavor jang qilganlar. U kishining jangovar mahoratlari yuqoriligi sabab Nabiy alayhissalom ko'plab sariyyalarga qo'mondon qilib ham yuborganlar.

Abu Qatoda roziyallohu anhu faqatgina Badr jangida qatnashmaganlar. O'zlari qatnashgan boshqa barcha g'azotlarda qahramonliklar ko'rsatib ommaning e'tiboriga tushganlar. Masalan, G'oba g'azotida mushrik sardorlaridan bo'lgan Mas'ada sahoba Muhriz ibn Nazla roziyallohu anhuni o'ldirib qochadi. Shunda Abu Qatoda roziyallohu anhu otlariga minib Mas'adaning ortidan quvib yetib, shahid bo'lgan birodarlarining qasosini oladilar. O'sha paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqlariga duo qilib: “Allohim, uning sochlari va terisini barakali qil”, deydilar. Shu kuni Abu Qatoda roziyallohu anhuni “Bugun suvoriylarning eng yaxshisi Abu Qatoda bo'ldi”, deb maqtaydilar.

Abu Qatoda roziyallohu anhu xulofoi roshidinlar davrida ham ko'plab fathu muhorabalarda ishtirok etganlar. Jumladan, buyuk Fors fathida bir o'zlari qiymati o'n besh ming dinordan ortiq belbog'ni qo'lga kiritib Amirul mo'miniyn Umar roziyallohu anhuga topshiradilar. Xalifa Usmon roziyallohu anhu vafotlaridan keyin Islom birligiga tahdid qilgan turli fitnalar zamonida Aliy roziyallohu anhu bilan doimo hamnafas bo'lib barcha janglarda qatnashganlar.

Abu Qatoda roziyallohu anhuning ko'plab vaqti janggohlarda kechgan bo'lsa-da, o'zlari ilmga muhabbati va hurmati cheksiz sahobalardan edi. Hadis rivoyat qilishda ham juda ehtiyotkor edilar. Bir kuni o'g'illari Ma'badning “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undoq, bundoq dedilar”, deyayotganini eshitib: “Nima deyayotganingni bilasanmi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mening nomimdan yolg'on gap aytganlar jahannamdan o'ziga joy hozirlayversin”, deganlarini eshitganman”, deb tanbeh beradilar.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan bizgacha 170 ta hadis yetib kelgan. Ulardan 21 tasiga Imom Buxoriy va Imom Muslim ittifoq qilganlar.

Ulamolar Abu Qatoda Horis ibn Rib'iy al-Ansoriy roziyallohu anhuning vafoti borasida ham ixtilof qilganlar. Ayrimlar Xalifa Aliy roziyallohu anhu davrida Kufada vafot etgan, deyishadi. Sahih qavlga ko'ra esa hijriy 54-yilda, 70 yoshlarida Madinai Munavvarada vafot etganlar.

Alloh u kishidan rozi bo'lsin!

Yusufiy Ruqoyya, 1 kurs tolibasi.

Read 594 times

Мақолалар

Top