Ўзбекистон янгиликлари

Ma’rifiy islohotlarning faol targ‘ibotchilari

Muqaddas islom dinimizning ma’rifatparvar va tinchlikparvar g‘oyalarini xalqimizga yetkazishda ommaviy axborot vositalarining ham o‘ziga xos o‘rni bor.

Bu jarayon jurnalistlardan bilim, mas’uliyat va mahorat talab etadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan ma’rifiy tadbirda shu haqda so‘z bordi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Davronbek Maxsudov mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar tobora kengroq quloch yozayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda buyuk alloma bobolarimizning boy ma’naviy, ilmiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish, ular faoliyatini puxta o‘rganishga ixtisoslashgan markazlar tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi taraqqiyotning yangi bosqichiga intilayotgan o‘zbek xalqining ma’naviy-ma’rifiy barkamolligini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan bir qatorda, Uchinchi Renessans davrining ilmiy poydevori vazifasini bajaruvchi ilm-ma’rifat maskanlaridan biri bo‘lishi, shubhasiz.  bugungi keskin globallashuv davrida, insoniyat turli davr sinovlari bilan ro‘baro‘ bo‘layotgan bir paytda Imom Moturidiydek allomalarimiz merosini xalqchil, hayotiy , ravon tarzda hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarga tushuntirish olimlar, tadqiqotchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlaridan katta mas’uliyatni talab etishi, shubhasiz. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bu borada jurnalistlar, turli ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlikni keng yo‘lga qo‘ygan.

– O‘zbekiston buyuk allomalar diyori, –dedi "Dunyo bo‘ylab" telekanali muharriri Farruxbek Olimov.– "Imom Moturidiy" , "Abu Mu’in Nasafiy" nomli filmlarni yaratib, ularni tomoshabinlarga havola etdik. Buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida biz – ommaviy axborot vositalari xodimlarining vazifalari hali bisyor, deb bilaman.

Tadbirda ma’naviy-ma’rifiy mavzuda qalam tebratayotgan tadqiqotchilar, jurnalistlar, blogerlarga tashakkurnoma va  esdalik sovg‘alari topshirildi.  

      N.Usmonova,

    O‘zA

977 марта ўқилди

Янгиликлар

Top