Bu yerdagi qurilishlar davlatimiz rahbarining 2017 yil 23 iyundagi qarori asosida boshlangan edi. 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev markaz poydevoriga tamal toshini qo‘ygandi.
Bugungi kunda muhtasham bino qurilishi yakuniy bosqichga o‘tgan. Markaz uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalarimiz shaklida bunyod qilindi va bir qarashda Samarqanddagi me’moriy yodgorliklarni eslatadi. Sharqona naqshlar, turfa ranglar va simmetriya unga ajoyib ko‘rk bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.
Ushbu gumbaz tagida Qur’oni karim zali bo‘ladi. Bu yerda markaz durdonasi, Qur’onning eng qadimiy nusxasi – Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Uning atrofida qoraxoniylar, g‘aznaviylar, somoniylar, saljuqiylar, O‘zbekxon, temuriylar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning turkiy tarjimalari o‘rin oladi. Shuningdek, devorda jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlar suratlari qo‘yiladi. Hozirda Qur’oni karim zalida turli vaqt va tillarda yozilgan 114ta qo‘lyozma mavjud.
Yana bir e’tiborli jihati mintaqamiz tarixiga oid turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulug‘larimizning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi ulug‘langan.
Markaz O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro markazlar faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirib boradi.
Xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YUNЕSKO, AYSЕSKO bilan yaqin hamkorlik o‘rnatiladi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida ilmiy konferensiyalar, forumlar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, markazda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozmalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari bo‘ladi. Uchinchi qavatda islom tamadduniga oid 100 mingdan ortiq qo‘lyozmalar, toshbosma asarlar va ularning elektron ko‘rinishlarini qamrab olgan kutubxona joylashadi.
Umumiy hisobda 823ta ilmiy loyiha tayyorlab qo‘yildi va olimlarning izlanishlari davom etmoqda. Xorijda va mamlakatimiz hududida topilgan osori-atiqalar tarixchilarimiz va qadimshunos mutaxassislarimiz tomonidan o‘rganilib, markazga taqdim etib boriladi.
Media-tur davomida jurnalistlarga O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida qilingan ishlar, qadimgi dunyo sivilizatsiyasiga oid ashyolari, yurtimiz manzillaridagi topilmalar, ilmiy izlanishlarning borishi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA
Ba’zida dunyoning turli mintaqalarida chigirtkalar ko‘payib, shahar va qishloqlarni, ekin maydonlarini qoplaydi. Sonini aniqlab bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lgan chigirtkalar galasi odamlar ongida turli fikrlarni paydo qiladi.
Chigirtkalar Alloh taolo tomonidan yuborilgan “alamli azob” yoki Qiyomat alomati” emasmi degan fikrlar ham bo‘ladi. Tabiatning bunday hodisasi tarixda ko‘plab kuzatilgan bo‘lsa-da, bugungi avlod uchun yangilik bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, avvalgi qavmlarning ba’zilari “chigirtka balosi” bilan jazolangan.
Alloh taolo Qur’oni karimda chigirtkalar haqida shunday marhamat qiladi:
“...Qabrlardan ko‘zlari qo‘rqinchga to‘lgan holda, xuddi yoyilgan chigirtkaga o‘xshab chiqib kelurlar.” (Qamar surasi, 7-oyat).
Bundan tashqari, ularning harakat yo‘nalishi keyingi oyatda bayon qilingan:
“Chaqiruvchiga qarab bo‘yinlarini cho‘zib, shoshilib borurlar...” (Qamar surasi, 8-oyat).
Qiyomat kunidagi qayta tirilishni tushuntirish uchun Alloh taolo tomonidan chigirtka misolining keltirilishi bejiz emas. Zero, bu hasharotlar yerdan ko‘tarilganda so‘ng ulkan galalarga aylana boshlaydilar. Birgina chigirtka to‘dasi 1200 kvadrat kilometr maydonga yoyilish xususiyatiga ega. Shundan so‘ng, ular yagona bir yo‘nalishni tanlab, birgalikda ucha boshlaydilar.
Ularning ulkan jamoasi butun osmonni qoplab olishga qodir. Bu holat Qiyomat kunidagi manzarani eslatadi. O‘sha kuni vafot etgan behisob insonlar xuddi shu kabi yer ostidan chiqib keladilar va muayyan bir yo‘nalish bo‘ylab gala-gala bo‘lib yuguradilar.
Xulosa qilib aytganda, bu voqeani Qiyomatning ko‘rinishlaridan bir lahza deb tafakkur qilish mumkin.
Mo‘minlar uchun Qiyomat qoim bo‘lmasdan avval o‘z amallarini qayta taroziga tortib ko‘rish uchun Alloh taolodan berilgan bir ibratdir. Garchi chigirtka bir hashorat bo‘lsa-da, aqlli odamlarni tafakkurga chorlaydi.
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev