Shu yil 17 mart kuni “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida mart oyi “Qur’oni karim va tajvid” fani oyligi munosabati bilan Qur’on musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa ikki bosqichda: madrasaning murattab va mujavvid qorilari ishtirokida o‘tkazildi. Ularning chiqishini Bilim yurtining mudarrislaridan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra hifz yo‘nalishida:
1-o‘rin 2-kurs talabasi Muhammadamin qori Olimjonov;
2-o‘rin 1-kurs talabasi Dostonbek qori Sodiqov;
3-o‘rin 2-kurs talabasi Abdurahmon qori Qamariddinovga nasib etdi.
Tilovot yo‘nalishida esa:
1-o‘rin 3-kurs 86-guruh talabasi Muhammadali qori Abdurahimov;
2-o‘rin 4-kurs 84-guruh talabasi Sultonbek qori Dudinov;
3-o‘rin 4-kurs talabasi Abduqodir qori Muhammadaminov munosib deb topildi.
Musobaqa oxirida g‘olib va ishtirokchilarga homiylarnining qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
“Al-Azhar” shayxi doktor Ahmad Toyyib Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Islomofobiyaga qarshi kurashish xalqaro kuni munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida jahon hamjamiyatini islomofobiyaga qarshi kurashishga chaqirdi. U ushbu tadbirda so‘zlagan nutqida shayx at-Toyyib islomofobiyani aqlga zid va mantiqsiz mafkura sifatida ta’riflab, uni jahon tinchligiga haqiqiy tahdid keltiradi, deya baholadi.
“Al-Azhar” shayxi doktor Ahmad Toyyib ma’ruzasi davomida BMT Bosh kotibi Antonia Guterrishning Islom haqidagi xolis va jasoratli so‘zlarini yuqori baholab, bunday bayonotlar islomofobiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. U, shuningdek, ayrim o‘ng qanot ekstremistik guruhlarning Islomga nisbatan noto‘g‘ri tasavvurlarni populistik maqsadlarda suiste’mol qilishga urinishlarini qoraladi.
Shayx at-Toyyibning ushbu chaqiriqlari islomofobiyaga qarshi xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish va dinlararo hurmat hamda hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan.
O‘z navbatida Misr muftiysi va Jahon fatvo muassasalari Bosh kotibi, doktor Nazir Ayyodning ta’kidlashicha, islomofobiyaga qarshi kurash jamiyat tinchligini saqlash va xalqlar o‘rtasida hamjihatlik hamda bag‘rikenglik qadriyatlarini mustahkamlash uchun dolzarb masaladir. Mazkur oqimga qarshi kurashish musulmonlar ziddiga nafrat qo‘zg‘atuvchi har qanday so‘zlar va fikrlarga qarshi xalqaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlar olib borishni talab qiladi.
Har yili 15 mart kuni nishonlanadigan “Islomofobiyaga qarshi kurash xalqaro kuni” munosabati bilan so‘zlagan nutqida, doktor Nazir Ayyod islomdan qo‘rqish hodisasining tarqalishi va musulmonlarga qarshi bo‘lgan yolg‘on ma’lumotlar hamda nafrat qo‘zg‘atuvchi kampaniyalarning kuchayishi katta muammo ekanini ta’kidladi. Bu esa noto‘g‘ri tushunchalarni to‘g‘rilash, dinlar va madaniyatlar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish, rahm-shafqat, tinchlik va osoyishtalikda yashashga chaqiruvchi islomiy qadriyatlarni tarqatish ustida ishlashni talab etadi.
Doktor Nazir Ayyodning ta’kidlashicha, Misr Fatvo hay’ati va Jahon fatvo muassasalari bosh kotibiyati bu borada faol ish olib bormoqda. Ular ichida ekstremizm va islomofobiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “Salam” tadqiqotlar markazi orqali maxsus tadqiqotlar va izlanishlar olib borish, xalqaro konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish, xalqlar o‘rtasida tushunish va hamkorlik ko‘priklarini qurishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish kabi ishlar mavjud.
Manbalar asosida
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.