Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Aprel, 2025   |   24 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:07
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:11
Shom
19:14
Xufton
20:34
Bismillah
22 Aprel, 2025, 24 Shavvol, 1446

Ro`za

Ro‘za qanday ibodat?

Shar’iy istilohda esa Ramazon oyida tong otganidan to quyosh botguncha niyat bilan ovqat yemaslik, ichimlik ichmaslik, jinsiy yaqinlik qilmaslik «ro‘za» deyiladi. Ro‘za tutish Islom dinining besh rukni, besh asosidan biridir, Qur’on va Sunnat bilan sobit bo‘lgan.

Ro‘za aqli raso, sog‘lig‘i yaxshi bo‘lgan har bir musulmon erkakka hamda hayz va nifosdan pok bo‘lgan musulmon ayolga farz qilingan. Hayz va nifos ko‘rgan ayollar ro‘za tutishmaydi, keyin qoldirgan kunlarining qazosini tutib berishadi. Yangi oyni ko‘rib, ro‘zaga niyat qilish Ramazon ro‘zasining asosiy shartlaridandir. Ramazon oyida noshar’iy amallar qilmaslik, tilni g‘iybat, yolg‘on so‘zlardan tiyish, o‘zgaga ozor bermaslik, yaxshi xulqli va rahm-shafqatli bo‘lish ro‘zaning odoblaridandir.

Ramazon kechasida turib saharlik qilishning o‘zi ro‘zaning niyatiga o‘tadi, chunki saharlik qilayotgan odamning ko‘ngliga ro‘za tutish niyati o‘z-o‘zidan keladi. Hanafiy mazhabida Ramazon tugagunicha har kuni niyat yangilab turiladi.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, Ramazon ro‘zasini tutishda har kungi niyatni quyosh oqqunigacha yangilab olsa ham bo‘laveradi, ya’ni kishi tongdan choshgohgacha ro‘zaga zid ish qilmay tursa, quyosh tikkaga kelishidan ozgina oldin o‘sha kunning ro‘zasi uchun niyat qilsa ham, ro‘za hisobiga o‘tadi. Lekin tongdan keyin yeb-ichib qo‘ygan bo‘lsa, keyin niyat qilsa durust bo‘lmaydi.

Ro‘zador kishiga yana ushbular sunnatdir: nafsni yomon niyatlardan to‘xtatish; foydasiz hamda uyatsiz so‘zlarni gapirishdan va eshitishdan o‘zini saqlash; birov bilan urishishdan, har qanday gunoh ishlardan o‘zni tortish; mumkin qadar istig‘for, zikr va tasbeh bilan band bo‘lish; Qur’on o‘qish; quyosh botgan vaqtda shom namozini o‘qishdan oldin bir qultum suv bilan bo‘lsa ham og‘iz ochish; Ramazon oyida har kuni xufton namozidan so‘ng yigirma rakat taroveh namozi o‘qish; taroveh namozida Qur’oni Karimni o‘qib yoki eshitib xatm qilish; Ramazonda xuftonni jamoat bilan o‘qigan kishining vitr namozini ham jamoat bilan o‘qishi.

Nafsni poklash va axloqni sayqallashda namoz va zakotdan keyin ro‘za ibodati keladi. Insonni yo‘ldan uradigan narsalar ichida qorin va jinsiy shahvatlar eng kuchlilaridan ekani hech kimga sir emas. Ro‘zaning foydalaridan biri xuddi o‘sha ikki shahvatni jilovlashga xizmat qilishidir.

Ro‘zaning darajalari

Ahli haqning nazdida ro‘zaning darajasi uchtadir:

Birinchi daraja ommaning ro‘zasi bo‘lib, u qorin va farjning istak-xohishlaridan tiyilishdir.

Ikkinchi daraja xoslarning ro‘zasi bo‘lib, u birinchi darajaga ziyoda o‘laroq ko‘z, quloq, tilni, oyoq, qo‘l va boshqa a’zolarni ham gunohlardan tiyishdir.

Uchinchi daraja xoslardan ham xoslarning ro‘zasi bo‘lib, u avvalgi ikki darajaga ziyoda o‘laroq qalbni behuda qiziqishlardan, dunyoviy fikrlardan va Alloh taolodan boshqa narsalardan tiyishdan iboratdir.

Xoslarning ro‘zasi «solihlar ro‘zasi» deb ham nomlanadi. Bu darajadagi ro‘zaning mukammal bo‘lishi quyidagi omillar bilan ro‘yobga chiqadi:

1. Barcha yoqimsiz va yomon narsalardan ko‘zni tiyish hamda qalbni Alloh taoloning zikridan to‘sadigan narsalarga mashg‘ul qilmaslik.

2. Tilni yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, fahsh-uyat gaplar, jafo, xusumat, maqtanchoqlikka o‘xshash narsalardan tiyib, sukutni lozim tutish. Uni Alloh taoloning zikri va Qur’on tilovati bilan mashg‘ul qilish. Bu, tilning ro‘zasidir.

3. Quloqni eshitish makruh bo‘lgan barcha narsalardan, boshqacha qilib aytganda, yuqorida sanab o‘tilgan narsalarning hammasidan saqlash. Chunki gapirish mumkin bo‘lmagan barcha narsani eshitish ham mumkin emas.

4. Qo‘l, oyoq va boshqa a’zolarni gunohlardan saqlash hamda iftordan keyin qorinni shubhali taomlardan saqlash. Zotan, qorinni halol narsadan saqlab ro‘za tutib, keyin halol bo‘lmagan narsa bilan iftor qilishning ma’nosi ham yo‘q. Harom narsalar dinni halok qiluvchi zahardir. Halol esa dori kabi ozi foydali, ko‘pi zararlidir.

5. Iftorda haddan tashqari ko‘p yeb, qorinni to‘ydirib yuborishdan saqlanish. Bunday qilish bilan ro‘zadan ko‘zlangan maqsad amalga oshmaydi. Chunki ro‘zadan ko‘zlangan maqsadlardan biri ochlikning mashaqqatini his qilishdir. Mazkur maqsadga erishish esa, ro‘zadan boshqa vaqtlarda nonushtada tanovul qiladigan taomni saharlikda va kechki ovqatda tanovul qiladiganini iftorda iste’mol qilish bilan bo‘ladi.

Iftordan so‘ng qalb xavf va rajo orasida bo‘lishi lozim, chunki ro‘zasi qabul bo‘lib, muqarrab bandalar qatoriga qo‘shildimi yoki qabul bo‘lmay, g‘azabga uchraganlardan bo‘ldimi, aniq emas. Har bir ibodatdan forig‘ bo‘lgandan so‘ng shu holatda bo‘lish lozim.

Ramazon taqvo oyidir. Bu oyda xulqimiz yanada yuksalib, harom va shubhalardan har qachongidan ham ko‘proq tiyilishimiz zarur. Shunday tabarruk oyda qiz-kelinlarimizni milliyligimizga yot bo‘lgan holatda kiyinib yurishdan, erkaklarimizni nomahramlarga ko‘z tikishdan qaytarishimiz lozim. Vaholanki, hadisda «Ko‘ngilning taqvosi haromga qaramaslikdir», deyilgan.

Ramazon ibodatlarni ko‘paytirish, gunohlarga mag‘firat so‘rash, Qur’on bilan oshno bo‘lish, Allohga bandalikni yuksak darajaga ko‘tarish oyidir. Shunday bo‘lgach, Ramazonni taqvo, halollik, husni xulq va yaxshiliklar oyiga aylantirish har bir musulmonning burchidir.