Masjidlar namozlarni jamoat bilan ado etish joylaridir. Masjidlar Allohning toati va zikri bilan mashg‘ul bo‘linadigan makonlar bo‘lgani uchun ular «Allohning uylari» deya vasf qilinadi. Qur’oni Karimda masjidlarning fazli va ahamiyati haqida ko‘plab oyati karimalar kelgan. Alloh taolo marhamat etadi: «Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to‘kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato qilgan va yolg‘iz Allohdangina qo‘rqadigan zotlargina obod qilurlar. Ana o‘shalar hidoyat topuvchi zotlar bo‘lsalar, ajabmas» (Tavba surasi, 18-oyat); «Albatta (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (masjidlarda) Alloh bilan birga yana biron kimsaga duo-iltijo qilmanglar!» (Jin surasi, 18-oyat); «(U chiroq) bir uylarda (ya’ni, masjidlarda yoqilurki), Alloh ularni baland ko‘tarib (bino) qilinishiga va ularda O‘zining nomi zikr qilinishiga izn bergan (ya’ni, amr qilgan) edi. U (masjidlarda) erta-yu kech U Zotni poklaydigan kishilar borki, ularni na tijorat va na oldi-sotdi Allohni zikr qilishdan, namozni to‘kis ado etishdan va zakotni (haqdorlarga) ato etishdan mashg‘ul qila olmas» (Nur surasi, 36–37-oyatlar). Abu Said Xudriydan rivoyat qilingan qudsiy hadisda Alloh taolo aytadi: «Yerimdagi uylarim masjidlardir. Undagi Mening ziyoratchilarim masjidlarni obod qiluvchilardir» (Abu Nuaym rivoyat qilgan).
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning masjidlar fazilati haqidagi bir necha hadisi shariflari bor.
Rasululloh solallohu alayhi vasallam shunday marhamat etadilar: «Masjidga (ko‘ngli) bog‘langan kishini ko‘rsangiz, uning iymoniga guvohlik bering», deganlar («Halabi Kabir»);
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Alloh taologa makonlarning yaxshisi masjidlar, yomonrog‘i bozorlardir», dedilar (Imom Muslim rivoyat qilgan);
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: «Masjidlar muttaqiy zotlarning joylaridir», deganlar (Imom Muslim rivoyat qilgan);
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim Alloh rizosini istab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga bir uy qurib beradi», deganlarini eshitganman» (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasoiylar rivoyat qilgan);
Abu Zarr roziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Alloh uchun kaklik uyidek bo‘lsa-da, masjid qursa, Alloh uning uchun jannatda bir ko‘shk barpo qiladi», dedilar (Ahmad ibn Hanbal, Bazzorlar rivoyat qilgan);
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim uyida tahorat qilib, Allohning uylari (masjidlar)dan biriga Allohning farzlaridan birini ado etish uchun yurib borsa, uning ikki qadamidan biri ila xatosi o‘chadi, boshqasi bilan darajasi ko‘tariladi» (Imom Muslim, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan);
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Masjiddan qancha uzoq bo‘lganning ajri shuncha ulug‘ bo‘lur», dedilar (Imom Muslim va Abu Dovud rivoyat qilgan).
Shuning uchun musulmonlar masjidlarni ikrom-ehtirom qilishlari, ularda makruh sanalgan amallarni qilmasliklari, uning tozaligi va obodligi borasida qayg‘urishlari lozim. Masjid odoblarining asosiylari quyidagilardir:
Masjidga otlanayotgan namozxon sunnatga muvofiq kiyinib, o‘zini har tomonlama poklab – tozalanib borishi kerak. Samura roziyallohu anhudan rivoyat etilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Libosning oqini kiyinglar, chunki oqlari pokizaroq va yaxshiroq bo‘lur», deganlar (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Burayda roziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odatda yelkadan oshirib kiyilmaydigan (adyolga o‘xshash) matolar bilan namoz o‘qishdan, egnida yaktagi yo‘q kishining shalvar bilan namoz o‘qishidan qaytarganlar», dedilar. Erkak kishining ko‘ylak, lozim, salla bilan namoz o‘qishi mustahab hisoblanadi. Faqat bir uzun ko‘ylak bilan o‘qisa ham, makruh emas. Lekin bir shim (shalvar)ning o‘zi bilan o‘qishi makruhdir («Fatovoi Olamgiriya»).
Masjidga boruvchilarning ayniqsa tishlarini tozalab, noxush hidlarni yo‘qotib borishlari zarur. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat etilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ummatimga mashaqqat bo‘lishini o‘ylamaganimda albatta ularni har namoz oldidan misvok qilishga buyurar edim», deganlar (Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyat qilishgan). Payg‘ambar alayhissalom namoz o‘qish uchun misvok ishlatmasdan uylaridan chiqqan emaslar (Tabaroniy rivoyat qilgan).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kim ertami-kechmi masjid tomon borsa, Alloh taolo unga har erta va kech yurganda jannatdan manzil tayyorlaydi». Yana Abu Hurayra roziyallohu anhudan Imom Muslim, Imom Nasoiy va Imom Termiziylar rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: «Kim o‘z uyida tahorat qilib, Allohning uylari (masjidlari)dan biriga Allohning farzlaridan birini ado etish uchun yurib borsa, uning ikki qadamidan biri ila xatosi o‘chadi, boshqasi ila darajasi ko‘tariladi», deganlar. Shuning uchun masjidlar uyingizdan qancha uzoq bo‘lsa-yu ko‘p qadam bossangiz, savobi shuncha ulug‘ bo‘ladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam masjidga borishlarini shunday sifatlaydilar: «Muazzin bomdod namoziga azon aytgandan so‘ng Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam masjid tomon yo‘l olar edilar hamda shunday duo qilardilar: «Ey Allohim, qalbimni va tilimni nurli qilgin, qulog‘imda va ko‘zimda nur qilgin, oldimdan ham, ortimdan ham, ustimdan ham va ostimdan ham nur yog‘dirgin, ey Allohim, o‘zimdan ham nuringni darig‘ tutma!»
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam aytganlarki, qachon bir odam masjidga kelsa, albatta oyoq kiyimining ostiga qarasin, agar unga najasot yoki ifloslik tekkan bo‘lsa, uni yerga ishqab yaxshilab tozalasin (Bordi-yu oyoq kiyimlari toza bo‘lsa ham sunnatni barpo qilmoq uchun ularni yerga surtib olgan ma’qul).
Masjidga ketayotganda odob va tavoze bilan qadam tashlash, salom beruvchilarning salomiga alik olish, yo‘lda musulmonlarga halal beruvchi tosh, shox-shabba, tikan va boshqa narsalarni chetga olib qo‘yish ham zarur vazifalardandir.
Abu Muso shunday naql qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Namozdan eng ko‘p savob oladigan kishi masjiddan eng olisda turadigan odamdir, chunki u ko‘p yurib, ko‘proq aziyat chekib masjidga keladi», deganlar.
Ka’bul Axbor roziyallohu anhu shunday deganlar: «Mo‘minlarga shaytondan himoyalanish uchun uchta qo‘rg‘on bor, bular masjid, Allohni zikr etish va Qur’on o‘qishdir».
Xotin-qizlar masjidga borishdan man etilmaydi. Ammo mazhabimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra ayollarning masjidga borishlari rag‘batlantirilmaydi: «Ayol kishining yolg‘iz o‘qigan namozining savobi masjidda o‘qigan namozining savobidan yigirma besh marta ko‘pdir» (Muslim va Abu Dovud rivoyat qilishgan). Rasululloh davrlarida ayollarning masjidga borishlariga ruxsat berilgan edi, lekin turli fitna-fasodlar ko‘payib ketgach, bu cheklab qo‘yildi. Oisha onamiz: «Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayot bo‘lib, ayollarda paydo bo‘lgan ushbu zebu-ziynatlarni ko‘rganlarida edi, Bani Isroil kabi ularning masjidlarga borishlarini albatta man qilgan bo‘lur edilar», degan ekanlar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Yana Abu Dovud Abdulloh roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilgan: «Payg‘ambar alayhisalom: «Ayol kishining hujrasidagi namozi hovlisidagi namozidan, qaznog‘idagi namozi hujrasidagi namozidan afzaldir», dedilar». Boshqa bir rivoyatda esa: «Ayollaringizni masjidlardan man qilmang, ammo hujralari ular uchun yaxshiroqdir», deganlar.
Masjidga ertaroq, shoshilmay, viqor bilan yurib borish ham masjidga borishning odoblaridandir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar namozga ertaroq borishning qanday savobi borligini bilganlarida masjidga qarab kimo‘zarga yugurgan bo‘lardilar, xufton va bomdod namozining savobini bilganlarida masjidga emaklab bo‘lsa ham borardilar», dedilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Namozga takbiri iqomat aytilayotgan bo‘lsa, yugurib-hovliqib kelmanglar, balki vazminlik bilan ohista yurib kelinglar. Yetgan joyingizdan (jamoatga qo‘shilib) o‘qiyvering, yetolmaganingizni to‘ldirib o‘qib oling», dedilar (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyat qilgan).
Masjidga kirishning ham o‘ziga xos tartib-odoblari bor:
1. Masjidga o‘ng oyoq bilan kirib, chap oyoq bilan chiqiladi.
2. Kirish-chiqishda sunnatda kelgan ma’sur duolarni o‘qiladi. Masjidga kirayotgandagi duo:
«Bismillahi. Allohumma, solli ’alaa sayyidinaa Muhammadin va ’alaa olihi va sahbihi va sallim. Allohumma, iftah liy abvaaba rohmatika».
Ma’nosi: «Allohning ismi bila (kiraman). Allohim! Sayyidimiz Muhammad alayhissalomga va u zotning oila a’zolariga hamda sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin. Allohim! Menga rahmat eshigingni ochgin».
Masjiddan chiqayotgandagi duo:
«Bismillah. Allohumma, solli ’alaa sayyidinaa Muhammadin va ’alaa olihi va sahbihi va sallim. Allohumma, innii as’aluka min fazlika»
Ma’nosi: «Allohning ismi bilan. Allohim! Sayyidimiz Muhammad alayhissalomga va u zotning oila a’zolari hamda sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin. Allohim! Men Sendan fazlingni so‘rayman».
3. Masjidga kirganda namoz o‘qish makruh bo‘lmagan vaqt bo‘lsa, ikki rakat «Tahiyyatul masjid» namozini o‘tirmasdan oldin o‘qib olinadi.
4. Masjidga tahoratli kirib, turli najosatlardan pok bo‘linadi.
5. Imom odamlarga masjidda va’z-irshod qilib, ularga ta’lim berayotgan bo‘lsa, ovozini ko‘tarmaslik kerak.
6. Xutba o‘qilayotganda jim turiladi, chunki xutbaga quloq solib, diqqatni berib turish vojibdir.
7. Namoz o‘qiyotgan kishining oldidan kesib o‘tmaslik, xususan, juma kunlari odamlarning yelkalaridan oshib oldingi safga yorib o‘tmaslik lozim. Chunki bular haromga yaqin makruhlardandir.
8. Poklikka rioya qilish masjidda bo‘lishning eng muhim odoblaridandir.
9. Masjidga badbo‘y hid bilan kirmaslik kerak. Misol uchun piyoz, sarimsoq, nos, sigaret kabi narsalarni iste’mol qilib, so‘ng masjidga kirsa, o‘zidan kelayotgan sassiq hid bilan namozxonlarga ozor beradi. Bu ham haromga yaqin makruhlardan hisoblanadi.
10. Masjidda viqor va osoyishtalik bilan yurish kerak. Hovliqish va shoshqaloqlikdan saqlanish lozim. Agar jamoatga yoki biror rakatga kech qolayotgan bo‘lsa ham, shoshilmaslik darkor. Sekin-astalik bilan jamoatga kelib qo‘shiladi (yeta olmagan rakatlarini yuqorida bayon qilganimizdek o‘qib qo‘yadi).
Masjidda bo‘lishning ham o‘ziga xos tartib-odoblari bor:
Masjidga kirgan namozxon uning ichida g‘oyatda odob va tavoze bilan o‘tirishi lozim. Masjidda insoniyatni yuqori va oliy darajaga ko‘tarib, uni poklaydigan amallargagina ruxsat etiladi. Masjidda Allohning zikri, ya’ni tasbeh, tahlil, takbir va qiroat, hadis, tafsir hamda fiqh ilmlaridan dars qilinadi, u yerda o‘tiruvchilar odamlarni yaxshi amallarga targ‘ib qilib, yomon ishlardan qaytarishlari zarur.
Masjidda dunyo ishlari bilan mashg‘ul bo‘lish, savdo-sotiq qilish, dunyo so‘zlarini so‘zlash, o‘yin-kulgi qilish, talashib-tortishish va qattiq bahslashish, shovqin-suron ko‘tarish va bir-birini haqoratlash harom amallardandir. Masjidda hunar qilish, sotish maqsadida xat bitish, haq evaziga maktabdorlik qilish makruhdir. Ammo haq olmay, xolis Alloh taolo uchun o‘qitsa, makruh bo‘lmaydi. Yana masjidga foyda uchun daraxt o‘tqazish, ekin ekish, taom yeyish ham joiz emas. Faqat e’tikof o‘tirgan musulmonlarga, g‘arib (musofir) kishilargagina masjidda taom yeyishga ijozat berilgan. Bu haqda «Maslakul-muttaqiyn» kitobida batafsil yozilgan.
Termiziy va Nasoiy keltirgan rivoyatda shunday deyilgan: «Payg‘ambar alayhissalom masjidda she’r aytishdan, oldi-sotdi qilishdan va juma kuni namozdan oldin halqa bo‘lib o‘tirishdan qaytardilar». «Solati Mas’udiy»da aytilishicha, hadisi sharifda shunday deyilgan: «Har kim masjidda dunyoviy so‘zlarni gapirsa, masjid farishtalar uchun badbo‘y islarga to‘lib, ular namozxonlarning og‘izlari sassiqligiga toqat qilolmay, masjidni tark etib chiqib ketadilar. Ular shunda Alloh taologa iltijo qilib: «Ey Parvardigoro, bandalaring bizlarni uyingdan haydab chiqarib yubordi», deb shikoyat qilishadi. Alloh taolo: «O‘zimning izzatim va jalolimga qasamyod qilib aytamanki, Men Parvardigordirman, ularga qisiq ko‘zli, berahm bir jamoani ro‘para qilurmanki, ularni ham uylaridan quvib chiqargaylar», deydi». Soib ibn Yazid shunday rivoyat qiladi: «Masjidda turgan edim, bir kishi mayda tosh otib meni chaqirdi, qarasam, hazrati Umar ekanlar. «Anovi ikki kishini olib kelgin», dedilar. Ikkovini boshlab keldim. «Kimsizlar, qayerliksizlar?» deb so‘radilar hazrati Umar. Ular: «Toiflikmiz», deyishdi. «Agar Madina ahlidan bo‘lganingizda kuningizni ko‘rsatardim, bu qanaqasiki, Rasululloh masjidlarida ovozlaringizni ko‘tarasizlar?» dedilar hazrati Umar».
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Juma kuni imom minbarda xutba qilib turganda, unga quloq solish o‘rniga gaplashib o‘tirguvchi odam bamisoli ustiga kitob ortilgan eshakdir. Shunday odamga «Jim o‘tir» deb ogohlantirgan odamning ham juma namozi qabul bo‘lmaydi», deganlar.
«Majma’ul-maqsud» kitobida keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Mo‘min kishi masjidda go‘yo baliq suvda yayragandek chunon xursand bo‘lg‘ay, munofiq kishi esa qush qafasga tushib qolgandek g‘amgin bo‘lar». Yana Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: «Masjid barcha parhezkorlarning (taqvolilarning) uyidir, demakki, qachon masjidga kirsang, undan chiqishga shoshilma!»
Masjidda, ayniqsa, juma namozi paytida safda turgan kishilarning orasini yorib o‘tish, biror birodarini turg‘izib yuborib, o‘rniga o‘tirib olish ham maqbul emas. Chunki Nofe’ roziyallohu anhuning rivoyat qilishicha, Payg‘ambar alayhissalom bu odatlarni jumada ham, boshqa namozlarda ham qoralaganlar. Juma kuni imom xutba o‘qiyotganida gapirish u yokda tursin, o‘zaro suhbatlashayotganlarni tinchitish ham noo‘rindir.
Payg‘ambar alayhissalom har gal masjiddan chiqayotganlarida «Allohumma, innii a’uuzu bika minal iblisi va junudihi», ya’ni «Allohim, shayton va uning lashkari(ning ishlari)dan Sendan panoh so‘rayman», degan duoni o‘qir edilar. Rivoyat etilishicha, Rasuli akram alayhissalom: «Sizdan har biringiz masjiddan chiqmoqchi bo‘lganda bu duoni o‘qisin, hech shubha yo‘qki, unga shaytonning ziyoni yetmaydi», deganlar.
Masjid ichida quyidagi ishlarni qilish makruh sanaladi:
1. Masjid ichidan uzrsiz yo‘l qilib olish.
2. Masjidda uxlash (ammo e’tikof o‘tiruvchi va joyi yo‘q musofirning masjidda uxlashi makruh emas).
3. E’tikof o‘tiruvchilardan boshqalarning masjidda ovqatlanishlari.
4. Zikr-tasbehlarda ovozni ko‘tarib namozxonlarga xalaqit berish yoki cho‘chitib yuborish.
5. Masjidda dunyo ishlaridan bo‘lgan gap-so‘zlarni gaplashish.
6. Masjidda oldi-sotdi qilish.
7. Tahoratni ushlab turolmaydigan, masjidni najosat qilib qo‘yish ehtimoli bo‘lgan go‘daklarning masjidga kirishi.
8. Masjidda tupurish, burun qoqish, balg‘am tashlash.
9. Yo‘qolgan narsani masjidda e’lon qilish.
10. Masjidda she’r aytish (ammo Haqqa da’vat qilish, hikmatli so‘zlar bilan Alloh ne’matini eslatish, Rasululloh alayhissalom sifatlari zikri, taqvodorlar sifati kabi mavzulardagi she’rlar mustasno).
11. Masjid ichida tilanchilik qilish yoki tilanchiga pul berish.