Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Yanvar, 2025   |   5 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:30
Bismillah
05 Yanvar, 2025, 5 Rajab, 1446

22.10.2021 y. Yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling!

20.10.2021   3628   19 min.
22.10.2021 y. Yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling!

بسم الله الرحمن الرحيم

الْحَمْدُ لِلَّهِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا رَسُولِ اللَّه، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ أَمَّا بَعْدُ

Yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling!

 

Hurmatli jamoat! Insoniyat yaratilganidan beri Alloh taolo ularga ketma-ket payg'ambarlar jo'natib, ilohiy kitoblar nozil qilib turgan. Jumladan, Islom ummatiga hidoyat qilib, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga oxirgi kitobi Qur'oni karimni nozil qildi.

Payg'ambarimiz alayhissalomning ummatlariga muhim vasiyatlaridan biri –Qur'oni karim va hadisi sharifni mahkam tutish edi. Musulmon kishi nima savob, nima gunoh, nima yaxshi, nima yomonligini mana shu ikki mezon asosida aniqlab, hayotiga tatbiq qiladi. Qur'oni karimda musulmon hayotida doimiy qoidalarga aylanadigan ko'rsatmalar bisyor. Masalan, ishonch, rostgo'ylik, omonatdorlik, halollik, xushmuomalalik, do'stlik, parhezkorlik va hokazo... Islom olamida ming yillardan beri qoida bo'lib kelayotgan yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qilish, yomonlik va gunohda bir-biriga yordam bermaslik ham Islomning asosiy g'oyalaridan biridir. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

 وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

ya'ni: “Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).

Demak, shariatimizda buyurilgan amallarni bajarish va qaytarilgan ishlarni tark qilish borasida o'zaro hamkorlik qilishimiz hamda gunoh va adovatga sabab bo'ladigan ishlarda boshqalarga yordam bermasdan, balki uni to'g'ri yo'lga boshlashimiz – dinimiz talabidir.

Payg'ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deydilar: 

 اُنْصُرْ أَخَاكَ ظَالِمًا أَوْ مَظْلُومًا فَقَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ أَنْصُرُهُ مَظْلُومًا فَكَيْفَ أَنْصُرُهُ ظَالِمًا؟

قَالَ: تَمْنَعُهُ مِنَ الْظُلْمِ فَذَاكَ نَصْرُكَ إِيَّاهُ

متفق عليه عن أنس رضي الله عنه

ya'ni: “Birodaringizga zolim bo'lsa ham, mazlum bo'lsa ham yordam bering”. Bir kishi: “Ey, Allohning Rasuli! Mazlum bo'lsaku, yordam beraman, lekin qanday qilib zolim bo'lsa ham yordam beraman?”, – deb so'radi. Aytdilar: “Uni zulmdan to'sasiz mana shu unga yordam qilishdir” (Muttafaqun alayh).

Yana Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar:

اَلدَّالُّ عَلَى الْخَيْرِ كَفَاعِلِهِ

(رواه الامام الترميذي عن انس رضي الله عنه)

ya'ni: “Yaxshilikka yo'llovchi kishi o'sha yaxshilikni qiluvchi kabidir” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Payg'ambarimiz alayhissalom birovning omonatini saqlab, so'ralgan vaqtda ado qilgan, yaxshilikka vakil qilingan kishiga ham o'sha yaxshilikni qilgan kishidek savob bo'lishini bayon qilib shunday deydilar:

الخَازِنُ المُسْلِمُ الأمِينُ الَّذِي يُنفِذُ مَا أُمِرَ بِهِ فيُعْطيهِ كَامِلاً مُوَفَّراً طَيِّبَةً بِهِ نَفْسُهُ فَيَدْفَعُهُ إِلَى الَّذِي أُمِرَ لَهُ بِهِ ، أحَدُ المُتَصَدِّقين

  (مُتَّفَقٌ عَلَيهِ عن أَبي موسى الأشعري رضي الله عنه)

ya'ni: “Buyurilgan narsani bajaruvchi ishonchli musulmon xazinabon omonatni buyurilgan joyga to'la-to'kis holda chin ko'ngildan topshirsa, sadaqa qiluvchilardan biriga aylanadi” (Muttafaqun alayh).

Dinimiz kishi o'z zimmasidagi haqlar va mas'uliyatlarni  hech nuqsonsiz to'liq bajarishga targ'ib qiladi. Ixlosli, omonatdor, vazifador kishi musulmonlarning molini ularning manfaatlari yo'lida to'g'ri sarflasa, xuddi o'z molidan sarflagan kishidek ajrga ega bo'ladi.

Yaxshilikka yordam berishning ziddi – yomonlikda hamkorlik qilishdir. Yomonlik va gunohga yordam bergan kishi o'sha yomonlikni qilgan kishi kabi gunohkor bo'ladi.

Yomonlikka yordam berish uni tasdiqlash va rozi bo'lish bilan ham bo'lishi mumkin. Hozirgi kunda jamiyatimizda uchrab turadigan uyushgan jinoyatchilik, ommaviy mushtlashishlar va janjallar – gunohda hamkorlik qilishning bir ko'rinishidir. Musulmon kishi bunday ishlarga guvoh bo'lib qolganda, unga qo'shilib ketmasdan, o'rtani isloh qilishga kirishishi kerak. Chunki Payg'ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deydilar:

لَوْ أَنَّ أَهْلَ السَّمَاءِ وَأَهْلَ الأَرْضِ اشْتَرَكُوا فِى دَمِ مُؤْمِنٍ لأَكَبَّهُمُ اللَّهُ فِى النَّارِ

(رواه الامام التِّرْمِذِي عن أَبَي سَعِيدٍ الْخُدْرِىّ رضي الله عنه)

ya'ni: “Agar osmon va er ahlining barchasi bir mo'minning qonini to'kishda ishtirok qilsalar, Alloh taolo ularni do'zaxga yuztuban yiqitgan bo'lar edi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Shuning uchun Islom ummatining o'ziga xos xususiyati – yomonlikni  ko'rganda, undan qaytarishdir! Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

 كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ

 ya'ni: “Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi 110-oyat).

 Hurmatli jamoa! Mana ertadan keyin mamlakatimiz hayotida muhim voqea – prezidentlikka saylov bo'lib o'tadi. Yuqorida aytilgani kabi, ezgu niyat va yaxshilikda hamkorlik qilib, munosib nomzodni saylab olishda faol ishtirok etishimiz kerak bo'ladi.

  Qadim-qadimdan davlat rahbarlarini asosan xalq tomonidan erkin saylov yo'li bilan tayinlash amaliyoti bo'lgan. Islom dini xuddi shu uslubni yo'lga qo'ygan. Muqaddas dinimizda ham davlat rahbari omma tomonidan erkin saylov yo'li bilan saylanishi belgilab qo'yilgan.

Alloh taolo Qur'oni karimda mo'min-musulmonlarni maqtab: “Ularning ishlari o'zaro maslahat (bilan) bo'lur”, – deya marhamat qilgan (Sho'ro surasi 38-oyat). Islom ulamolari saylash va saylanish faoliyati shariatga muvofiq amal ekaniga ushbu oyati karima dalil ekanini qayd etadilar. Ya'ni, dunyoviy masalalarda musulmonlarga o'zaro maslahat qilish buyurilgan. Saylov esa aynan mana shu maslahatning bir shakli hisoblanadi.

Ma'lumki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam vafot etishlari bilan, dafn qilinmay turib, musulmonlar jamoasiga rahbar saylash uchun sahobalar to'planganlar. Ansoriylar Sa'd ibn Uboda raziallohu anhuning nomzodini ko'rsatganlar. Ba'zilar muhojirlardan bitta, ansoriylardan bitta amir saylaylik, deyishgan. Sahobiylar Abu Bakr Siddiq, Umar va Abu Ubayda raziallohu anhularning nomzodlarini ko'rsatganlar. Keyingi ikkovlari o'z nomzodlarini qaytarib olib, Abu Bakr raziallohu anhuning nomzodlarini ko'rsatganlar. Bu nomzodni haqli ekaniga dalillar keltirishdi. Bunga barcha sahobiylar rozi bo'lganlar hamda Hazrati Abu Bakr razialloxu anhu musulmonlarning rahbari etib saylandilar.

Bu saylov eng xalqchil yo'l bilan bo'lgani ochiq-oydin ko'rinib turibdi. Saylovdan oldin umumiy yig'ilish bo'lgan. Bir necha nomzod ko'rsatilgan. Nomzod ko'rsatganlar o'zlari ko'rsatgan nomzodni tashviqot qilishgan. Oxiri nomzodlar ichida ko'pchilikka ma'qul bo'lgan shaxs saylangan. Qur'oni karimdagi Sho'ro haqidagi oyatga amal qilib, sahobalar majlis o'tkazganlar va o'zlariga rahbar saylaganlar.

Guvoh bo'lganimizdek, xulafoi-roshidinlar aynan saylov yo'li bilan davlat rahbari etib tayinlanganlar. Bu – musulmonlarning saylovda ishtirok etishlari mumkin ekanining yaqqol dalillaridan biridir.

Islom faqat ibodat emas, balki musulmonlarning hayot tarzi hamdir! Musulmonlar hayotning barcha sohalarida oldingi saflarda bo'lishga harakat qilishlari lozim. Buning uchun davlat va jamiyatni taraqqiyotga etaklab bora oladigan, odamlarni, shu jumladan musulmonlarni hayotini yaxshi tomonga o'zgartira oladigan odil, dono va g'amxo'r rahbarni tanlash va saylab olish – o'ta muhim masaladir. Mashhur muhaddis Imom Ahmad rahimahulloh aytganlar: “Agar ijobat bo'ladigan birgina duoim bo'lganida, uni albatta hukmdorni haqqiga qilar edim. Chunki hukmdorning yaxshi bo'lishi bilan xalqi yaxshi bo'ladi”.

Islom tarixiga nazar solinsa, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan keyin chohor yorlar davrida ham, keyingi asrlarda ham xalq vakillarining o'rni katta bo'lgan. Ular rahbar va amirlarni saylashda ham bevosita xalqning nomidan ish ko'rishgan.

Muhtaram azizlar! Saylovchi kishi nomzod tanlashda bor bilim-tajribasini ishga solish barobarida, o'ta xolis bo'lishi, shaxsiy manfaatlarni ustun qo'ymasligi lozim. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'zlarining bir hadisi shariflarida shunday deydilar: “Kim bir jamoa ichidan bir kishini ishga tayinlasa, holbuki ularning ichida undan ko'ra Alloh rozi bo'ladiganrog'i bo'lsa, u tayinlovchi Allohga, Uning Rasuliga va mo'minlarga xiyonat qilibdi” (Imom Hokim rivoyatlari).

Zamonamiz ulamolari saylov har bir fuqaroning huquqi bo'lib, agar shu yo'l bilan musulmon kishi o'z dini va jamiyati uchun zarur bo'lgan ishni amalga oshirib, yaxshilikni jalb qiladigan bo'lsa, bu ish holatga qarab, vojib darajasida bo'lishi ham mumkin, deydilar.

Afsuski, hozir ayrim mutaassib tushunchadagi kishilar fitna chiqarib: “Saylovlarda ishtirok etish demokratik tuzumda bo'ladi, Islomda emas. Demokratiya tuzumi mutlaqo Islomga zid tuzum. Shuning uchun saylovda ishtirok etish kufrga rozi bo'lish sanaladi” deb saylovda ishtirok etishdan qaytarishga harakat qilmoqda.

Bu e'tirozga javob berishdan oldin shuni ta'kidlaymizki, hozirgi kunda mutaassiblar uchun odamlarni fosiqqa, kofirga chiqarish engil ishga aylandi. Vaholanki, dinimizda bu narsadan qattiq qaytarilgan va agar nohaq kufrda ayblasa, shu narsa o'ziga qaytishi bayon qilingan.

Yana shunisi aniqki, hozirgacha hech kim “Islom – aynan demokratiya, demokratiya esa – islomdir”, – demagan. Bularning biri ilohiy din, biri davlat boshqaruv tizimi ekani kunday ravshan! Hozirgi kunda deyarli aksariyat musulmon yurtlarida islom asosiy din sifatida e'tirof etilib, davlatni boshqaruv tizimi sifatida esa demokratiyadan foydalanmoqda.

Ulamolar orasida bir qoida bor: “Bir narsa ustidan hukm chiqarish uni tasavvur qilishga bog'liqdir. Kim bir narsani puxta bilmasdan hukm bersa, u xato qiladi”. Hozirda ba'zi kishilar “demokratiya”ning mohiyatini bilmasdan, o'rganmasdan hukm chiqarmoqdalar.

Demokratiyaning asli – xalq saylovi, referendum kabi yo'llar bilan ko'pchilikning fikrini yuzaga chiqarishdir. Siyosiy partiyalarning ko'p bo'lishi, ozchilikning ham fikri eshitilishi, so'z erkinligi ham – muhim asoslardir. Demokratiyaning mana shu asoslari Islomga zidmi va uni yo'qqa chiqaradimi!?

Islom tarixiga nazar tashlasak, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Uhud g'azotida ko'pchilikning fikriga ko'nib, Madinadan tashqarida jang qilishga rozi bo'ldilar. Aslida U Zot va katta sahobalarning fikrlari Madina ichkarisida qolish edi.

Hazrati Umar raziyallohu anhu maslahat soladigan 6 kishilik kengash bor edi. U zot vafotlari oldidan mana shu kengash ichidan bir kishini rahbar sifatida tanlashni, agar ovozlar teng bo'lib qolsa, tashqaridan bir kishi tayinlanib, bir tomonning so'zini quvvatlashini vasiyat qildilar. Bundan tashqari hadisi shariflarda katta jamoatni mahkam ushlash, ummat zalolat ustida jam bo'lmasligi, Alloh taoloning roziligi jamoat ustida bo'lishi haqida zikr qilinadi.

Shubhasiz, xalqqa ma'qul bo'lgan kishi rahbar bo'lishi lozim. Shuning uchun fuqarolar nomzodlarning dasturlarini o'rganib, o'zi ishongan nomzodga ovoz berish orqali jamiyatni boshqarishda ishtirok etadi.

        Yana bir sahih hadisi sharifda: “Hokimlaringizning yaxshisi siz uni yaxshi ko'rgan va u ham sizni yaxshi ko'rganidir...” – deyiladi (Imom Muslim Avf ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

O'zaro maslahat bilan ish yuritish, yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish – islom qoidalaridan biridir! Hokim xalqqa maslahat solishi, xalq esa unga samimiy bo'lib, to'g'ri yo'lni ko'rsatishi – dinimiz talabidir. Ko'rinib turibdiki, Islom dini yuqorida sanalgan demokratiya asoslarini yo'qqa chiqarmaydi va unga zid kelmaydi, balki demokratiyaning asl mohiyati sof islomga hamohangdir

Ba'zi bir kishilar “Men saylovga chiqsam ham, chiqmasam ham baribir, ahamiyati yo'q, balki nomzodlar tanlanib bo'lgandir ham”, degan qabilda loqaydlikka yo'l qo'yadi. Ta'kidlash joizki, musulmon kishi o'z vazifasini bajarish bilan bo'ynidagi mas'uliyatni soqit kilishi lozim. Imom Buxoriy Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Qachon omonat zoye qilinsa, Qiyomatni kutavering!” – dedilar. “Uni zoye qilish qanday bo'ladi?” – dedi bir a'robiy. U Zot: “Qachon ish o'z ahlidan boshqaga topshirilsa, Qiyomatni kutavering!” – dedilar.

Ummatga rahbar tayinlashda ishtirok etish shariatimizda ham, amaldagi qonunlarimizda ham buyurilgan ekan, demak saylovda ishtirok etib ushbu vazifani ado etishimiz zarur!

Saylov masalasida mashhur islom ulamosi Shayx Yusuf Qarzoviy hafizahulloh quyidagilarni ta'kidlaganlar: “Islomda saylovlarga guvohlik sifatida qaraladi. Ya'ni, rahbarlikka saylanayotgan odamning salohiyatiga guvohlik berishdir. Salohiyati yo'q odamga salohiyatli, deb guvohlik berilmaydi. Agar salohiyatli kishiga o'z o'rnida guvohlik berilmasa, bu guvohlikni yashirish bo'lib qoladi”.

Fatvo va tadqiqotlar bo'yicha Yevropa kengashi aynan saylovga doir masalada shunday fatvo e'lon qilgan: “...Musulmonlarning saylovlarda ishtirok etishi – fuqarolik huquqlaridir. Bundan tashqari jamiyat uchun yaxshilikni jalb etish va zararni daf etish bo'yicha hamkorlik qilish ham ularning diniy majburiyatlaridir. Alloh taolo aytadi: "(Ey mo'minlar), sizlar yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yo'lida hamkorlik qilmangiz!" (Moida surasi 2-oyat).

Shuning uchun ham musulmonlarning saylovlarda ishtirok etishi mumkin va bunda shariat jihatidan hech qanday ta'qiq yo'q, deb ayta olamiz. Ayni vaqtda saylovda ovoz berish musulmonlarning nomzodlar bilan o'zaro manfaat asosidagi hamkorligining bir turi hamdir. Ular g'alaba qozongan taqdirda jamiyat uchun ommatan va musulmonlar uchun xossatan foyda keltiradi...”.

Yuqoridagi ma'lumotlarga asoslanib, komili ishonch bilan xulosa berish mumkinki, saylov Islom dini ahkomlariga mutlaqo zid emas. Balki Islomdaga “sho'ro” (maslahat, kengash) ma'nosiga mos keladi. Shuning uchun barcha musulmonlar saylovda faol ishtirok etib, yurt taqdiri va kelajagini munosib rahbarga topshirishni ta'minlashlari lozim.

Alloh taolo barchalarimizni O'zi haqda sobit qilsin va el-yurt manfaati yo'lida qo'lni-qo'lga berib, imkonimiz doirasidagi yaxshi ishlarni amalga oshirib, ikki dunyo yaxshiligiga erishishimizni, xalqimizga munosib, odil, dono va g'amxo'r rahbarni saylashimizni nasib aylasin! Omin!

  

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu – Payg'ambarlardan keyingi eng afzal inson!” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

 

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Farzandingiz kiyinishda kimga taqlid qilyapti?

4.01.2025   1413   2 min.
Farzandingiz kiyinishda kimga taqlid qilyapti?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ey Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi – bu yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo‘jizalaridandir. Shoyad, (buni) eslab ko‘rsalar!” (A’rof surasi, 26-oyat) deydi.
Biroq bugun ayrim yigit-qizlarning kiyinishlarida ochiq-sochiqlikni ko‘ramiz. Achinarlisi, ayolning erkakka xos kiyinishi urf bo‘ldi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (kiyinishda) o‘zini ayollarga o‘xshatadigan erkaklarni va erkaklarga o‘xshab kiyinadigan ayollarni la’natladilar”, deyiladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Libos sohibining didi, dunyoqarashi va tarbiyasidandir. Bilib-bilmay ma’nosi salbiy bo‘lgan yozuvli yoki “moda” deya yirtiq-yamoq kiyinish insonni obro‘sizlantiradi. Shuning uchun ham milliy qadriyatlarimizda, dinimizda kiyinish madaniyatiga alohida ahamiyat berilgan.

Libos xarid qilayotganimizda tasvirlariga e’tibor berish kerak. Masalan, ayrim futbolkalarda kalla suyagi, tamaki, spirtli ichimliklar tasviri bor. Ba’zilaridagi xorij tilida yozilgan yozuvning ma’nosidan uyalib ketasiz. Afsuski, bolalarimiz menga shu yoqdi, deya xarid qilib olishadi. Masalan, yo‘l bo‘yidagi kiyim do‘koni yonidan o‘tib ketayotsam, o‘g‘lining xarxashasidan bezor bo‘lgan ona: “Buni qanday kiyasan, kunlar sovuq bo‘lsa, qara, hamma joyi yirtiq?! Shu ahvoldagi kiyim yana qimmat”, deydi. Mening nazarimda bu bola kimgadir havas qilib, shu libosni olish niyatida. Na salomatligiga, na madaniyatiga manfaatli bo‘lmagan bunday liboslarni olib bermaslik uchun bolamizning qiziqishlarini o‘rganishimiz, yo‘lga solishimiz kerak.
Xo‘sh, bu holga qanday chek qo‘yish mumkin?

Tarbiya oiladan boshlanadi. Ota-ona farzandiga ibrat bo‘lishi kerak. Bolamiz uchun kiyimlar xarid qilishda e’tiborli bo‘laylik. Nobop kiyingan tanish-notanishlarga nasihat qilish, kezi kelsa, dakki berishdan aslo erinmaylik. Bola kiyinishida kimga taqlid qilyapti? Buni nazorat qilaylik.
Yana shularni ham bilib qo‘yish foydalidir: kiyimni o‘ng tomondan boshlab kiyish – sunnat amal. Libos kiyganda aytiladigan duo ham bor: “Alhamdu lillahillaziy kasaaniy haza va rozaqoniyhi min g‘oyri havlin minniy valaa quvvah”. Ya’ni, “Barcha hamdu sanolar mening o‘zimda hech qanday kuch-qudrat va imkoniyat bo‘lmagan holda bu libosni menga kiydirgan hamda rizq qilib bergan Allohga xosdir”.

Yulduzxon ABDURAHMONOVA,
Qo‘qon shahridagi “Ashurali Zohiriy” mahallasi otinoyisi.