بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا الرَّؤُوفِ بِالْمُؤْمِنِيْنَ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجمعين أَمَّا بَعْدُ
Buyuk xulq sohibi!
Muhtaram jamoat! Ma'lumki, biz kutgan Rabiul avval oyi ham kirib keldi. Habaringiz bor, har yili Rabiul-avval oyida dunyo musulmonlari qatori mamlakatimizda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham muhim bir sanani keng nishonlaydilar. U ham bo'lsa “Mavlidun-Nabiy”, ya'ni Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning tavallud kunlaridir. Bu oyda barchalarimiz olamlar sarvari, butun insoniyatga oxirzamon payg'ambari etib yuborilgan suyukli Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning muborak tarixlari va turmush tarzlarini yanada kengroq o'rganishimiz, har ishda u zotga ergashish, sunnatlariga muvofiq hayot kechirishni bir-birimizga yanada ko'proq targ'ib qilishimiz kerak bo'ladi. Chunki Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamni olamlarga rahmat va hidoyat nuri qilib yubordi. U Zot sababli insoniyatni zulmatlardan nurga chiqardi. U Zotni bu dunyoda hidoyat yo'lboshchisi qildi. U Zot sallallohu alayhi vasallam keltirgan din va undagi ko'rsatmalar barcha olamlarga – insonlar va hayvonlar olamiga ham, jamodot va nabotot olamiga ham mehr-muhabbat, rahm-shafqat manbaidir. Alloh taolo O'zining Kalomida:
وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ
ya'ni: “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”, deya ta'kidlagan (Anbiyo surasi 107-oyat).
Oyatdagi “rahmat” juda keng ma'noni anglatadi. Bu haqda “Tafsiri Tabariy” kitobida Ibn Abbos raziyallohu anhumodan quyidagi jumlalar naql qilingan: “Alloh taolo O'z payg'ambari Muhammad alayhissalomni dunyodagi barcha mo'minlaru kofirlarga rahmat (mehribon) qilib yubordi. Mo'minlarga bu Zotni mehribonliklari – Alloh taolo bu Zot sababli mo'minlarni hidoyat qildi, to'g'ri yo'ga boshladi. Natijada, mo'minlar Allohga imon keltirish va U Zot tomonidan buyurilgan amallarni bajarishi sababli jannatga kiradigan bo'ldilar. Endi, kofirlarga bu Zotni mehribonliklari – oldingi ummatlar payg'ambarlarini yolg'onga chiqargan paytlarida ularni ustiga katta-katta balolar kelgan. Ammo Payg'ambarimiz alayhissalomni yolg'onga chiqargan yoki payg'ambar ekanliklariga ishonmagan qavning ustiga Rasulullohning barokotlaridan balolarni kelishi kechiktirildi va oxiratga qoldirildi”.
Rasulullohning mana shunday olamlarga rahmat va barcha insoniyatga mehribon va jonkuyar ekanliklarini bilish uchun bu Zot alayhissalomning muborak tarixlari, turmush tarzlari, odob-axloqlari, mehr-oqibatlari, ezgulik va fazilatlaridan xabardor bo'lishimiz kerak. Bugungi suhbatimizda shulardan ba'zisi bilan tanishib chiqamiz.
لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ بِالْمُؤْمِنِينَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ
ya'ni: “Batahqiq, sizlarga o'zingizdan bo'lgan, sizning mashaqqat chekishingiz Uning uchun og'ir bo'lgan, sizning (saodatga etishingizga) tashna, mo'minlarga marhamatli, mehribon bo'lgan Payg'ambar keldi” (Tavba surasi 128-oyat).
Ushbu oyati karimada Payg'ambarimiz alayhissalomning asosiy sifatlaridan bir nechtasi zikr qilinmoqda. Darhaqiqat, dunyo tarixida U Zotdek kishilarga marhamatli, mehribon inson bo'lgan emas. Nabiy alayhissalomning ayollari Oisha raziyallohu anho onamiz aytadilar: “Bir kuni Nabiy sallallohu alayhi vasallamni xursand holda ko'rib, U Zotga: “Ey, Allohning Rasuli! Meni duo qiling”, dedim. Shunda U Zot: “Ey, Alloh! Oishaning o'tgan va kelajakda bo'ladigan, oshkora va maxfiy gunohlarini kechirgin!” – deb duo qildilar. Oisha onamiz (bu duodan quvonib) shunday kuldilarki, xursandliklaridan boshlari Rasulullohning tizzalariga tushdi. Shunda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Duoim seni quvontirdimi?” – deb so'radilar. “Sizdek zotning duosi meni quvontirmasmidi?!” – dedilar Oisha onamiz. Shunda Sarvari olam: “Allohga qasamki, bu mening ummatim uchun har bir namozimda qiladigan duoimdir!” – dedilar” (Imom Bazzor rivoyatlari).
Payg'ambarimiz alayhissalom duolari Alloh taoloning huzurida qaytarilmaydigan buyuk Zot o'z ummatlarining haqqiga har namozlarida “Ey, Alloh! Ummatimning o'tgan va kelajakda bo'ladigan, oshkora va maxfiy gunohlarini kechirgin!” – deb duo qilar ekanlar. Bundan ham ortiq mehribonlik bormi dunyoda?!
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Har bir Nabiyning shaksiz qabul bo'ladigan duosi bo'ladi. Barcha Nabiylar o'z duolarini (bu dunyoda) qilib bo'ldilar. Men o'z duoyimni qiyomat kuni ummatimga shafoat bo'lishi uchun berkitib qo'yganman. U mening ummatimdan Allohga hech narsani shirk keltirmay o'lganlarga, albatta, etguvchidir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
U Zot alayhissalom katta duolarini ummatlari eng muhtoj bo'ladigan payt – oxirat uchun saqlab qo'ygan ekanlar. Bu hadisda U Zotning ummatlariga bo'lgan mehrlari, lutflari, shafqatlari yaqqol ko'rinib turibdi. Ummatlarini o'zlaridan ham, oilalaridan ham ustun ko'rib, ularni duo qilishni ko'zlamoqdalar.
فَبِمَا رَحْمَةٍ مِنَ اللَّهِ لِنْتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لانفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ
ya'ni: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey Muhammad) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag'al va toshbag'ir bo'lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lur edilar...” (Oli Imron surasi 159-oyat).
Nabiy alayhissalomning halimliklari quyidagi hadisda ham yorqin namoyon bo'ladi. Anas raziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotgan edim. U Zotning egnilarida dag'al matodan bo'lgan kiyim bor edi. Oldilariga bir a'robiy kelib, ridolaridan qattiq tortdi. Tortish natijasida kiyim Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning elkalarida iz qoldirganini ko'rdim.
A'robiy: “Ey, Muhammad! Huzuringizdagi moldan menga ham ulush bering”, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga o'girilib qaradilar va tabassum qilib, so'ng unga ham moldan ulush berishni buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Rasululloh alayhissalom muhtoj va mazlumlarga ko'p yordam qilar edilar. Masalan, Irosh urug'iga mansub bir odam tuyalarini sotish uchun Makkaga keldi. Abu Jahl undan tuyalarini sotib oldiyu, lekin pulini to'lashni paysalga soldi. Haligi odam esa Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Ka'baning bir burchagida o'tirganlarida Qurayshning yig'in joyiga kelib: “Ey Quraysh jamoasi! Abu Jahldan haqqimni olib berishda kim menga yordam beradi? – dedi. Ana shu majlisdagilar Rasululloh bilan Abu Jahl orasidagi adovatdan xabari bo'lganliklari bois masxaralab: “Unga Muhammadga bor, u sening haqqingni olib beradi”, – deyishdi. Iroshiy Rasulullohning oldilariga borib, vaziyatni tushuntirdi. Rasululloh alayhissalom Abu Jahlning uyiga borib eshigini qoqdilar. Abu Jahl tashqariga chiqdiyu, rangi oqarib ketdi. Shunda Rasululloh alayhisallom: “Bu odamning haqqini ber!” – dedilar. Abu Jahl: “Ho'p”, – deb, uyiga kirib, u odamning haqqini olib chiqib berdi. Keyin Iroshiy kishi Rasulullohning haqlariga duo qilib, xursand bo'lib ketdi. Bo'lgan voqeadan keyin majlisdagilar Abu Jahlni ko'rib unga: “Sho'ring qursin, senga nima bo'ldi? Sening bu qilgan ishingga o'xshashini aslo ko'rmaganmiz”, – deyishdi. Abu Jahl: “Sizning sho'ringiz qursin. Allohga qasamki, Muhammad eshigimni qoqqanida ovozini eshitar-eshitmas qalbim qo'rquvga to'ldi. Oldiga chiqdim. Uning boshi uzra bir bahaybat tuya turardi. Hech qachon unday vajohatli tuyani ko'rmaganman. Allohga qasamki, agar talabini rad etganimda tuya meni o'sha erning o'zida eb qo'yardi”, – dedi.
Ibn Abbos raziyallohu anhumo aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tahorat olish (da suv quyib turish) va sadaqa berish ishlarini hech kimga buyurmas, faqat o'zlari bajarar edilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qulning ham, hurning ham chaqirig'ini birdek qabul qilar edilar. U Zot kambag'allar bilan birga majlis qurar va miskinlar bilan birga ovqatlanar edilar.
Azizlar! Bundan boshqa Payg'ambarimiz alayhissalomning rostgo'yliklari, amonatdorliklari, adolatli hukm chiqarishlari, sabr-bardoshli, halim, ochiq chehrali ekanliklari, jufti halollari bilan chiroyli muomala va munosabatda bo'lishlari kabi son-sanoqsiz go'zal xulqlari mavjud. Qolaversa, Alloh taolo Rasulullohning xulqlarini madh etib, shunday marhamat qilgan: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi 4-oyat).Ushbu maqtov oddiy maqtov emas. Balki u olamlarning Robbisidan kelgan maqtovdir. Zero, hech bir inson bunday sharafga erishgan emas. Alloh maqtab turgan shaxsni biz qancha sifatlasak yoki go'zal xulqlarini aytsak-da, uni haqqini ado qila olmaymiz va tillarimiz ojizligicha qolaveradi.
Shunday ekan, biz ummatlar imkon qadar har bir fe'lu atvorimizda va o'zgalar bilan muomala va munosabatimizda suyukli Payg'ambarimiz alayhissalomdan o'rnak va namuna olsak, ayni muddao bo'lar edi.
Biz ummat o'laroq insoniyatning eng buyugi – suyukli Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari, sunnatlari, go'zal shamoillari va yuksak axloqlarini qunt bilan o'rganishimiz va yosh avlodlarga o'rgatishimiz zimmamizdagi oliy burchimizdir. Alhamdulillah, hozirda Habibimiz alayhissalomning muborak siyratlariga bag'ishlangan turli-tuman kitoblar nashr etilgan. Biz oila a'zolarimiz davrasida shu kitoblardan mutolaa qilishni joriy qilaylik. Farzandlarimiz qalbida Nabiy alayhissalomga nisbatan muhabbatni uyg'otaylik.
Hurmatli jamoat! Habaringiz bor, dunyoning ba'zi joylarida notinchlik va ko'ngilsiz holatlar uchrab turibdi. Shukrlar bo'lsinki, yurtimiz tinch. Bunday tinchligimiz bardavom bo'lishi uchun Alloh taologa ko'plab shukrlar qilib, ibodatlarda mustahkam bo'lib, bu ulug' oylarni g'animat bilib, Payg'ambarimiz alayhissalomning tarixlarini o'rganib, u zotga ko'proq salavotlar aytishimiz kerak bo'ladi. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan: “Mana shu uy (Ka'ba)ning Parvardigoriga ibodat qilsinlar! Zero, U zot ularni ochlikdan qutqarib to'ydirdi va xavf-xatarlardan xotirjam qildi” (Quraysh surasi 3-4 oyatlar).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo Quraysh qabilasini tinch-osoyishta qilib qo'ygani va rizq berganini alohida eslatib, uning evaziga yolg'iz O'ziga ibodat qilishga buyurmoqda.
Ubaydulloh Al-Ansoriy raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to'lig'icha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, har birimiz osuda va tinch boshlangan kunimiz uchun Yaratganga cheksiz hamdu sano va shukronalar aytishda bardavom bo'laylik!
Bugungi tahlikali zamonning o'zi voqelikka hushyorlik, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, jahonda kuchayib borayotgan xatarlarni to'g'ri baholab, ulardan tegishli saboq olib yashashni talab etmoqda. Shu nuqtai-nazardan, vatandoshlarimiz, ayniqsa yoshlarimizning ongi va shuurida murakkab va tahlikali dunyo va mintaqada ro'y berayotgan turli voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida biryoqlama va noxolis tasavvurlar shakllanishiga yo'l qo'ymaslik zarur sanaladi.
Hulosa o'rnida shuni ta'kidlash lozimki, dinimizning tinchlikka bo'lgan e'tibori nechog'lik katta hamda bag'ri kenglik uning negizidir. Inson o'zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o'ylab ko'rish bilan biladi. Bu esa yanada ko'proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne'matning bardavom bo'lishi, uning shukri ado etilishiga bog'liqdir. Ne'matning salmog'iga qarab shukr ham har xil bo'ladi. Ba'zi ne'matlarning shukri tilda “alhamdulillah” deyish bilan ado bo'lsa, boshqa xil ne'matlar ham borki, ularning shukrini amaliy tarzdagina ado etish mumkin. Tinchlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matdir. Bu ne'matning shukrini ado etish barchaning zimmasidagi farzdir. Keksalar tinchlikning mustahkamligini so'rab duo qilishlari, o'rta yoshlilar o'zlarining halol mehnatlari, yoshlar esa uni asrash va qadriga etish borasida astoydil ilm olishga harakat qilmoqliklari bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo'ladilar.
Alloh taolo yurtimizni tinchligini bardavom aylab, Payg'ambarimiz alayhissalomga bo'lgan muhabbatlarimizni ziyoda qilsin! Qiyomatda Rasululloh alayhissalomning muborak shafoatlariga erishish hamda jannatda Rasuliga qo'shni bo'lish baxtini nasib etsin! Omin!
Muhtaram imom domla! Rabiul avval oyining biror jumasida, imkoniyatga qarab, Imom Barzanjiyning “Mavlidun Nabiy” kitobidan o'qib berishingiz maqsadga muvofiq bo'ladi. Kelasi juma ma'ruzasi “Islomda qarz oldi-berdi masalasi” haqida bo'ladi, inshaalloh.
Nasihat
Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiyning farzandlariga vasiyati
Yetuk faqih, imom va hofiz Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiy rahimahulloh farzandlariga vasiyat qila turib, ularga hayotda har bir mo‘min kishi bilishi zarur bo‘lgan ko‘plab nasihatlarni beradi. Mazkur o‘gitlar siz aziz o‘quvchilarimiz uchun manfaatli bo‘lishini inobatga olib, jurnalimiz sahifalarida berib borishni lozim topdik.
Shayx Sulaymon ibn Xalaf rahimahulloh aytadi:
Ey farzandlarim! Batahqiq, sizning zimmangizga farzi ayn bo‘lgan amallar taklifi (shariat yuklatgan mas’uliyat) tushadigan yoshga yetdingiz. Men esa sizlarni nasihatni anglaydigan, to‘g‘ri yo‘lni farqlay oladigan, ta’lim olish va ilm egallashga munosib yoshga yetganingizni bildim. Shuning uchun sizlarga vasiyatimni ochiq bayon etishim lozim.
Gaplarimga e’tiborli bo‘lib, ko‘rsatmalarim va nasihatlarimga amal qiling. Men sizlarni hech qachon yomonlikka buyurmaganman. Men ko‘rsatgan yo‘ldan yuringlar va bayon qilgan holatlarimdan o‘rnak olinglar.
Shuni bilinglarki, bizlar – Alloh taoloning fazli bilan – naslimizga yetgan to‘g‘rilik, diniy yetuklik, poklik va hayo bilan to‘liq yashagan odamlar avlodidanmiz. Ya’ni Ayyub ibn Vorisning avlodlari. Ular shunday zotlarki: bobomiz Sa’d, undan keyin Sa’dning farzandlari: Sulaymon, Xalaf, Abdurrahmon va Ahmaddur. Ularning orasida eng solihi, dindori, taqvo va ibodati bilan ajralib turgan kishi sizlarning bobolaringiz – Xalaf edi. U kishi o‘zining katta obro‘si, mavqei va dunyosining ko‘pligiga qaramay, molu dunyodan yuz o‘girgan, kamtar hayot kechirgan kishi edi.
Endi bu ishlarni davom ettirish sizning zimmangizga tushadi. Shunday ekan, ularning yo‘lidan boshqa yo‘lni tutmanglar, ularning holatidan boshqasiga rozi bo‘lmanglar. Agar ulardan ham yuqori darajaga yetishga qodir bo‘lsangiz, bundan faqat o‘zingizga foyda. Ammo unday bo‘lmasa, hech qursa ularning darajasidan ortda qolmanglar. Agar nasihatlarimga amal qilsangiz, solihlar yo‘lida sobit turasiz, dunyo va oxiratda yaxshilik topasiz.
Vasiyatlarimning eng muhimi – Allohga iymon keltirish
Sizlarga birinchi vasiyatim – Ibrohim alayhissalom va Ya’qub alayhissalomning farzandlariga qilgan vasiyatlaridir: “Ey farzandlarim! Alloh sizlar uchun bu dinini tanladi. Bas, faqat musulmon bo‘lgan holingizdagina vafot etinglar” (Baqara surasi, 132-oyat). Shuningdek, Luqmon alayhissalomning farzandiga qilgan nasihatidir: “Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirma! Chunki shirk – albatta ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Sizlarga bu boradagi nasihatimni qattiq tarzda ta’kidlayman, qayta-qayta eslataman. Bu dinga bog‘lanishingiz va uni mahkam ushlashingiz uchun jon kuydiraman. Dunyo ishlarining hech biri Alloh taolo bizga ato etgan bu dindan sizlarni ajratib qo‘ymasin. Bu din uchun jonlaringizni fido qilishingiz kerak, unda dunyo mol-mulkini ayamasligingiz lozim. Chunki bu dinsiz kofir kishi do‘zaxga tushsa, unga hech qanday yaxshilik foyda bermaydi. Mo‘min kishi bu din bilan jannatga kiradi, unga hech qanday yomonlik ziyon qilmaydi: “Kimki islomdan boshqa din istasa, undan hech qachon qabul qilinmaydi va u oxiratda zarar ko‘ruvchilardan bo‘ladi” (Oli Imron surasi, 85-oyat).
Agar sizlar Alloh taolo tanlagan bu dinda vafot etsangiz, umid qilamanki, biz jannatda qayta uchrashamiz – u yerda nafrat ham, ajralish ham bo‘lmaydi. Alloh taolo mening o‘sha uchrashuvga bo‘lgan shavqu zavqimni ham biladi. Shu bilan birga, sizlardan birortangiz yo‘ldan ozib, fitna sabab adashib qolishingizdan qattiq xavotirda ekanligimni ham biladi. Agar shunday bo‘lsa, Allohning g‘azabi uni qamrab oladi va halokat joyiga yetkazadi. Abadiy do‘zax unga muqarrar bo‘ladi. U holda adashgan kishi solih ajdodlari bilan jannatda birga bo‘lolmaydi, otalari, ota-bobolarining salohiyati unga naf bermaydi: “Ey insonlar! Parvardigoringizdan qo‘rqing va yana shunday bir kundan qo‘rqingki, u kunda na ota o‘z farzandiga foyda beradi, na farzand otaga. Albatta Allohning va’dasi haqdir. Bas, dunyo hayoti sizlarni aldamasin. Va shayton – aldamchi – sizlarni Allohdan chalg‘itmasin” (Luqmon surasi, 33-oyat).
(Davomi bor.)
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
tarjimasi
"Hidoyat" jurnalining 2026 yil 3-sonidan