Avval xabar berganimizdek, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklaridagi bir guruh ulamolar Andijon viloyatiga safarlari mobaynida hududdagi yordamga muhtoj kishilarning holidan xabar olib, shirin so'zlari ila ularning qalblariga xursandchilik kiritmoqdalar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Toshkent islom instituti katta ustozi Muhammad Ayubxon domla Homidov ushbu viloyatdagi mana shunday e'tiborga muhtoj, ko'ngli o'ksik fuqarolardan bo'lgan “Mehnat” mahallasida yashovchi, og'ir dardga chalingan farzandning onasi Ahmedova Nilufar va “Yangihayot” mahallasida istiqomat qiluvchi, bemor Axmadaliyeva Halimaxonga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, diniy-ma'rifiy kitoblar jamlanmasi va pul mablag'lari tarqatildi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan olib borilayotgan insonparvarlik siyosati va yordamga muhtoj aholi qatlamini har jihatdan qo'llab-quvvatlash ishlaridandan masrur qalblar ko'rsatilgan yordam va muruvvatdan mamnun bo'lib, minnatdorlik izhor qildilar.
Darhaqiqat, dini mubinimizda muhtojlarga yordam qo'lini cho'zishga doimo targ'ib etiladi. Ulamolar mana shunday insonlar bilan dildan suhbat qilib, hadyalar ila ularning dillarini ravshan etmoqdalar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida: «Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal musulmonning qalbiga xursandlik kirgizishdir», deganlar.
Hazrat Alisher Navoiy aytadilar:
Kimki bir ko'ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka'ba vayron o'lsa, obod aylagay.
Ha, mana shunday xayriya ishlari orqali shunday insonlarning siniq ko'ngillarini ko'tarib, dillariga mamnunlik ulashish har bir vijdonli inson uchun huzurbaxsh amallardan hisoblanadi.
Ulamolarning Andijon viloyati safari davom etmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
اللهُ أكبر اللهُ أكبر لا إلهَ إلَّا الله واللهُ أكبر اللهُ أكبر ولله الحَمْد
O‘qilishi: Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillahil hamd.
Ma’nosi: Alloh buyuk, Alloh buyuk. Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘q. Alloh buyuk, Alloh buyuk va hamd Alloh taolo uchundir.
Takbiri tashriq 5 iyun bomdod namozidan boshlab hayitning to‘rtinchi kuni, ya’ni 9 iyun asr namoziga qadar aytiladi:
• 5 iyun – 5 mahal,
• 6 iyun – 5 mahal,
• 7 iyun – 5 mahal,
• 8 iyun – 5 mahal,
• 9 iyun – 3 mahal.
Jami 23 mahal namozda takbiri tashriqni bir marotaba aytish vojib amal sanaladi.
Ushbu takbir xoh jamoat bilan, xoh yolg‘iz o‘qilgan har bir farz namozdan keyin aytiladi.
Ayollar takbiri tashriqni maxfiy aytadilar.
Namozga kechikib qo‘shilgan kishi ham namozini to‘liq qilgandan keyin takbiri tashriqni aytadi.
Davron NURMUHAMMAD