Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Mart, 2026   |   21 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:26
Quyosh
06:44
Peshin
12:38
Asr
16:38
Shom
18:28
Xufton
19:39
Bismillah
10 Mart, 2026, 21 Ramazon, 1447

04.06.2021 y. Farzand tarbiyasi, yoshlarning ilm-ma'rifatga e'tiborini qaratish

02.06.2021   8339   19 min.
04.06.2021 y. Farzand tarbiyasi, yoshlarning ilm-ma'rifatga e'tiborini qaratish

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا" وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي قَالَ: "أَكْرِمُوا أَوْلَادَكُمْ وَأَحْسِنُوا آدَابَهُمْ"وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَأَمَّا بَعْدُ.

FARZAND TARBIYaSI, YoShLARNING ILM-MA_''RIFATGA E_''TIBORINI QARATISh

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, farzand ne'mati Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk ne'mat bo'lib, har bir ota-ona bu ne'matni qadriga etib, haqqini ado qilishi zarurdir. Dinimizda farzand tarbiyasiga katta ahamiyat berilgan bo'lib, uni farzand hatto dunyoga kelmasidan oldin boshlash kerak ekani bir qancha kitoblarimizda bayon qilingan.

Muqaddas dinimiz otaning zimmasiga farzandi dunyoga kelishidan oldin bir qancha vazifalarni yuklagan. Quyida ulardan ba'zisini bayon qilamiz:

  1. Bo'lajak farzand uchun odob-axloqli, dinu diyonatli ona tanlash. Chunki farzand tarbiyasiga otadan ko'ra onaning ta'siri ko'proq ekani barchamizga ma'lum. Sababi – otalar ko'proq vaqtlarini oilasining moddiy ta'minoti uchun ko'cha-ko'yda o'tkazadilar. Farzand esa ko'proq onasi bilan uyda qoladi. Farzand kim bilan ko'proq muloqotda bo'lsa, tabiiyki o'shaning ta'siri katta bo'ladi.  Shuning uchun ham Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bu borada shunday deganlar:

تَخَيَّرُوا لِنُطَفِكُمْ فَانْكِحُوا الْأَكْفَاءَ

(رواه الإمام ابن ماجه عن عائشة رضي الله عنها)

ya'ni: “Sizlar o'z nutfangizga munosib jufti halolni ixtiyor qilinglar. O'zingizga munosiblarga nikohlaninglar!” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Demak, farzand odob-axloqli bo'lishi uchun uning birinchi suhbatdoshi bo'lmish – onasini husni xulqli va solihasini tanlash otaning burchi ekan.

  1. Er-xotinlik muomalasidan oldin ota hadisi sharifda kelgan duoni o'qishi kerak. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom bunday deganlar:“Agar sizlardan biringiz o'z ayoliga yaqin kelishni xohlasa: “Bismillahi, Allohumma jannibnash shaytona va jannibish shaytona maa rozaqtanaa” desin. Shunday muomaladan keyin Alloh ularga farzand taqdir qilgan bo'lsa, o'sha farzandga shayton hech qachon zarar bera olmaydi”(Imom Buxoriy rivoyatlari).

  Ulamolarimiz aytadilarki, “bismilloh” bilan bo'lgan farzandni shayton ma'lum miqdorda vasvasa qilishi mumkin, lekin hech qachon uni butkul o'ziga bo'ysindira olmaydi.

  Demak, farzandni shayton vasvasa qilmasligi uchun otaning hissasi juda katta ekan.

  1. Homilador bo'lgan onaga haloldan edirish – otaning zimmasidagi farzand uchun bajarishi kerak bo'lgan vazifalardan biridir. Bu haqda Rasululloh alayhissalom bunday deganlar:

لَا يَرْبُو لَحْمٌ نَبَتَ مِنْ سُحْتٍ إِلَّا كَانَتْ النَّارُ أَوْلَى بِهِ

(رواه الإمام الترمذي عَنْ كَعْبِ بْنِ عُجْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Qaysi go'sht haromdan ulg'aysa, jahannamga kirishga loyiq bo'ladi”(Imom Termiziy rivoyatlari).

Ma'lumki, homila ona ozuqasidan rivojlanadi. Shuning uchun onaning luqmasi homilaga albatta ta'sir qiladi. Shunday ekan, homilador ona istagan narsasini ota olib kelishda birinchi navbatda halol ekaniga e'tibor qaratishi ayni muddaodir.

 Dinimiz otaning zimmasiga farzandi dunyoga kelgandan keyin bir qancha vazifalarni yuklagan. Quyida ulardan ba'zisini bayon qilamiz:

  1. O'ng qulog'iga azon va chap qulog'iga takbir aytish. Agar ota buni o'zi bajara olmasa, boshqa kishini o'zidan vakil qilsa ham bo'ladi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar: “Kimning bolasi tug'ilsa-yu, uning o'ng qulog'iga azon, chap qulog'iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon zarar etkaza olmaydi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ummu Sibyon – bolalarga ziyon etkazadigan jin toifasidir. Uning qiladigan ishi go'daklarga zarar etkazishdan iborat. Ammo bolaning qulog'iga azon va takbir aytib qo'yilsa, mazkur jin bolaga zarar etkaza olmay qoladi. Bundan tashqari, yangi tug'ilgan bolaning qulog'iga kirgan birinchi narsa Allohning zikri bo'lishi qanday ham yaxshi. Shuningdek, azon va takbir bolaning qalbiga, butun vujudiga yaxshi ta'sir qilishidan umidvorlik ham bor.

  1. Farzandga ma'noli va chiroyli ism qo'yish ota-onaning burchlaridan biridir. Farzand kelajakda o'z ismidan uyalmaydigan bo'lishi kerak. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنَّكُمْ تُدْعَوْنَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِأَسْمَائِكُمْ وَأَسْمَاءِ آبَائِكُمْ فَأَحْسِنُوا أَسْمَاءَكُمْ

رَوَاهُ الإمام أحْمَدُ عَنْ أَبِى الدَّرْدَاءِ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ

ya'ni: “Qiyomat kunida o'z ismingiz va otalaringiz ismlari bilan chaqirilasizlar. Shuning uchun farzandlarga chiroyli ism qo'yinglar!” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Ismlarning yaxshisi – bandalik va hamdni bildiruvchisidir”, – deganlar. Shuning uchun, “Alloh taologa bandalik” ma'nosini anglatuvchi Abdulloh, Abdurahmon va “Alloh taologa hamd” ma'nosini anglatuvchi Hamidulloh kabi ismlar yaxshi ismlar hisoblanadi.

Shuningdek, Payg'ambarlar, sahobalar va tobeinlar kabi ulug' zotlarning ismlari  ham  qo'yishga tavsiya qilingan yaxshi ismlar hisoblanadi.

Qizlarga ham o'tgan ulug' momolarimiz, sahobiya ayollar va “ezgulik” ma'nosini anglatuvchi ismlarni qo'yish tavsiya qilinadi.

  1. Ota imkoniyatga qarab farzandiga aqiqa qilib berishi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَعَ الْغُلاَمِ عَقِيقَةٌ، فَأَهْرِيقُوا عَنْهُ دَمًا، وَأَمِيطُوا عَنْهُ الأَذَى

رَوَاهُ الإمام  البخاري سَلْمَانُ بْنُ عَامِرٍ الضَّبِّىُّ رَضِي اللهُ عَنْهُ

ya'ni: “Yangi tug'ilgan bolaga aqiqa qilish bordir. Uning uchun qon chiqaring va undan nopoklikni ketkazing” (Imom Buxoriy rivoyatlari).  

Shariatimizga ko'ra, aqiqani ko'rinishi shuki, bola tug'ilganidan keyin ettinchi kuni uning sochi olinadi va o'sha sochni og'irligicha tilla yoki kumushning  qiymati miqdoricha faqirlarga sadaqa qilinadi.

Keyin xohlovchilar bolani boshiga za'faron surtishlari mumkin. Sochi olingandan keyin uning nomidan jonliq so'yiladi.

Aqiqa kunini ta'yin qilinishi borasida Oisha raziyallohu anho shunday deganlar: “Aqiqa ettinchi kuni bo'lsin. Agar ettinchi kuni bo'lmasa, o'n to'rtinchi kuni bo'lsin. Agar o'n to'rtinchi kuni ham bo'lmasa, yigirma birinchi kuni bo'lsin” (Imom Hokim rivoyatlari). Ulamolarimiz aytadilarki, mana shu kunlarda aqiqa qilishga otaning moliyaviy imkoniyati bo'lmasa, qachon qodir bo'lsa, o'sha paytda aqiqa qilishi mumkin.

Shu bilan birga ota yosh bolasini solih va taqvodor kishi huzuriga olib borib, tanglayini ko'tarishi ham marg'ub ishlardandir. Tanglay ko'tarish degani – solih va taqvodor kishi bir xurmo yoki shirin mevani oldin o'zi chaynab turib, bolaning og'ziga qo'li bilan solib qo'yishidir. Bu narsa meva bo'lgani afzaldir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam, deyarli, doimo bolalarning tanglayini xurmo bilan ko'targanlar.

  1. Chiroyli ta'lim-tarbiya va odob-axloqli qilib farzandni tarbiyalash ham ota-onalarning burchlaridandir. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarining birida shunday marhamat qildilar:

مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ

(رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Ota o'z bolasiga chiroyli odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, ota-ona va farzand tarbiyasiga mas'ul bo'lgan shaxslar yosh avlodni rostgo'ylik, va'daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o'zgalarga mehr-oqibatli bo'lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga etkazishga katta ahamiyat qaratishlari – dinimiz talabidir!

Azizlar! Hozirgi kunda farzandlarimiz maktabdan ta'tilga chiqmoqdalar. Mana shu paytdan ham unumli foydalanib, yoshlarimizni kasb-hunar, til kurslari kabi foydali to'garaklarga yo'naltirishimiz – ayni muddaodir. Shu bilan birga ta'til paytida farzandlarimiz kimlar bilan do'stlashyapti va bo'sh vaqtlarini kimlar bilan o'tkazyapti shularga ham alohida e'tibor berib qo'yishimiz kerak bo'ladi.

Bugungi kun yoshlariga juda ko'p imkoniyatlar yaratib berilgan. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to'g'ri foydalanishlari lozim. Lekin, ming afsuslar bo'lsinki, ba'zilarning farzandlari, xossatan, maktab yoshidagi yigitlar vaqtlarining aksarini internet va komp'yuter o'yinlari (playstation) klublarida har xil nojo'ya o'yin o'ynab, insonning qalbi va imoniga zarar keltiradigan rasm va videolarni tomosha qilib va to'g'ri yo'ldan adashtiruvchi notanish kishilar bilan suhbat o'tkazib, umrlarining oltin davrini zoye qilmoqdalar.

Shuningdek, ba'zi oilalarda farzand tarbiyasi to'lig'icha televizor yoki telefon apparatlariga topshirib qo'yilgan. Ularning farzandlarini o'zlari emas, balki o'sha texnik jihozlar “tarbiyalamoqda”. Har bir ota bolalari tarbiyasi uchun javobgar ekanini unutmasligimiz va oxiratda bu haqda aynan ota so'ralishini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak.

Islom dinida “ilm” deganda “diniy” va “dunyoviy” ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e'tiqodiga oid bo'lib, oxirati uchun zarur bo'lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir. Shuning uchun ham hadisi sharifda:

خَيْرُكُمْ مَنْ لَمْ يَتْرُكْ آخِرَتَهُ لِدُنْياهُ ولا دُنْياهُ لآخِرَتِهِ ولَمْ يَكُنْ كَلاًّ على النَّاس

(رواه الإمام الديلمي)

ya'ni: “Sizlarning eng yaxshingiz bu dunyosini deb oxiratini unutmagan, oxiratini deb bu dunyosini unutmagan va o'zgalarga malol keltirmaganidir” deyilgan. Ushbu ta'limotlarga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o'rnak bo'lganlar.

Muhtaram azizlar! Ba'zida internet xabarlarida o'quvchilar o'z ustozlariga hurmatsizlik qilishlari, hatto oxirgi paytlarda qo'l ko'tarishlarini ham kuzatmoqdamiz. Bu xalqimiz kelajagi uchun ofat emasmi, necha asrlik tariximizda bunday holatlar hech kuzatilganmi?! Shuni ta'kidlash kerakki, ustozini va ilm maskanini hurmat qilmagan talaba va o'quvchiga hargiz foydali ilm yuqmaydi va hayotda baraka topmasligini tajribadan ko'rib turibmiz.

Farzandlarimizga ustozlar va o'qituvchilarning hurmatlarini joyiga qo'yib, ehtirom bilan muomala va munosabatda bo'lishlarini ham o'rgatishimiz kerak. Vaholanki, tarixda o'tgan va hozirgi kunda mashhur va ma'lum allomalarning hayotlariga e'tibor beradigan bo'lsak, ular ustozlarini juda yuksak darajada ehtirom qilgan, natijada ustozlarini ilmlari va duolarini olganlar. Masalan, mazhabboshimiz Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog'imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida ettita ko'cha bor edi”.

Yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib bilimlarini oshirishmoqchi bo'lishsa, rasmiy saytlarga murojaat qilishsin, rasmiy domlalarimizning kanallariga a'zo bo'lishsin. Zero, ijtimoiy tarmoqlarda g'arazli maqsadlar bilan faoliyat olib boradigan sayt, kanal va shaxslar juda ko'p. Ularning na manzili, na shaxsi, na ustozi, na mazhabi ma'lum! Ular jamiyatimiz va yoshlarimiz tarbiyasiga katta tahdid bo'lib, firqalanish, dinda g'ulu ketish va mazhabsizlik urug'larini sochmoqdalar.

Muhtaram jamoat! Ma'ruzamiz davomida hozirgi kunda dolzarb masalalardan biri bo'lgan yo'l harakati qoidalariga amal qilish haqida suhbatlashamiz. Sababi, xabaringiz bor, oxirgi paytlarda ba'zilar tomonidan yo'l harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida bir qancha kishilar vafot etmoqda yoki bir umrga nogiron bo'lib qolmoqda.

Islom shariati yo'l harakati qoidalariga ijtimoiy qoidalar sifatida qaraydi va unga rioya qilishga buyuradi! Zero inson ulovda yurganida o'zi va o'zgalarni xatarga qo'ymasligi, piyodalar, yo'lovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yo'l harakati ishtirokchilarining barchasi yo'l harakati qoidalariga qat'iy rioya qilishlari lozim bo'ladi. Qoidani buzish – boshqa bir yo'l harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish va unga zulm qilish hisoblanadi.

Islomning asosiy qoidalaridan biri hisoblangan hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

لَا ضَرَرَ وَلَا ضِرَارَ

ya'ni:Islomdazarar ko'rish ham zarar berish ham yo'q(Imom Bayhaqiy rivoyatlari). Ushbu shar'iy qoidaga ko'ra, haydovchi o'zgalarning joni, moliga etkazgan zarari uchun javobgar bo'ladi. Faqat haydovchiga bog'liq bo'lmagan, uning aybi yo'q holatlar – bundan mustasno hisoblanadi.

Islom Fiqhi Akademiyasi va Saudiya Arabistoni podshohligining ilmiy bahslar va fatvo berish bo'yicha doimiy qo'mitasi kabi fatvo idoralari va jumhur ulamolar yo'l harakati qoidalariga amal qilish – vojib ekani haqida xulosa berganlar. Demak, yuqoridagi sabablarga ko'ra yo'l qoidalariga amal qilishning lozimligi hamda uni buzganlarga moliyaviy jazolar qo'llash joizligi kelib chiqadi.

Yo'llardagi baxtsiz hodisalarning aksariyati tezlikni oshirish va qarama-qarshi yo'lga chiqish oqibatida sodir bo'lmoqda. Buning sababi, birinchi navbatda – shoshqaloqlikdir. Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har bir ishda sahobalarni shoshqaloqlikdan qaytarib kelganlar va hadisi shariflaridan birida: “Bosiqlik – Allohdan, shoshqaloqlik – shaytondandir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Tezlikni cheklashda asosan haydovchi va yo'lovchilarning hayotini saqlash nazarda tutiladi. Haydovchining bu cheklovni buzishi o'zining va boshqalarning hayotini xatarga qo'yish bo'ladi. Shu bois qator fatvo markazlari va ulamolar, jumladan, Saudiya Arabistoni ulamolari ruxsat etilgan tezlikdan yuqori tezlikda harakatlanish oqibatida ro'y bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi o'z joniga qasd qilganbo'ladi, deb fatvo bergan.

Shunday ekan, musulmon kishini yo'l harakati qoidalariga amal qilishi kuzatuv kameralari yoki yo'l harakati havfsizligi bo'linmalari xodimlari nazorat qilayotgani uchun emas, Islom shariatining talabi deb e'tiqod qilgan holda bajarishi kerak! Shunda yo'lda yurish ham ibodatga aylanadi.

Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilib, barchamizni to'g'ri yo'lda bardavom aylab, turli balo-ofatlardan O'z hifzu himoyasida saqlasin! Omin!

 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Aqidada adashmaylik”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kahf surasi fazilatlari

10.03.2026   802   12 min.
Kahf surasi fazilatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Kahf surasi Qur’oni Karimning o‘n sakkizinchi surasi bo‘lib, u Makkada nozil bo‘lgan, bir yuz o‘n oyatdan iborat. Suraning yetmish bir oyati qissalardan iborat. Kahf so‘zi «g‘or» ma’nosini anglatadi. Suraning bunday nomlanishiga sabab, undagi asosiy qissa qahramonlari yosh yigitlar o‘z zamonidagi zolim podshoh barcha iymonli kishilarni butparast bo‘lishiga majbur qilgan vaqtda uning zulmidan qochib, iymonlarini saqlash maqsadida g‘orga kirib oladi va o‘sha yerda ilohiy mo‘jiza sodir bo‘ladi.

Ular Allohga tavakkul qilib «Ey, Robbimiz! Bizlarga o‘z huzuringdan rahmat ato etgin va bizlarning ishimizni O‘zing to‘g‘rilagin!» deb duo qilishadi. Ularning duosi ijobat bo‘lib, ular g‘orda uch yuz yil uxlatib qo‘yiladi va muhofaza qilinadi.

«(Ular) g‘orlarida uch yuz yil turdilar va yana to‘qqiz (yil)ni ziyoda qildilar». (25-oyat). Olimlar oyatda ishora qilingan vaqtni shunday izohlaydi: 300 yil x 11 kun (har yili yuzaga keladigan hijriy yilning milodiy yildan farqi) = 3300 kun. Bir quyosh yili 365 kun, 5 soat, 48 daqiqa va 45,5 soniyadan iborat bo‘lib, 3300 kun : 365,24 kun = 9 yil. Buni shunday ifodalash mumkin, Georgiy taqvimiga ko‘ra 300 yil hijriy taqvimi bo‘yicha 300+9=309 yilga tengdir. Guvoh bo‘lganimizdek, bu oyat aniq hisoblab chiqilgan 9 yil farqni nazarda tutmoqda. Vaqt to‘g‘risidagi bunday aniq ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan Qur’oni Karim ilohiy kitobligiga yaqqol bir misoldir.

Bu vaqt mobaynida quyosh nuri ham ularga manfaatli qilib qo‘yildi. Quyosh nuri chiqishida g‘orning o‘ng tomonidan, botishida esa chap tomonidan tushishi, g‘or ularning uyquda orom olishiga juda qulay sharoit qilib qo‘yildi. Uyqu vaqtida ular chirib ketmasligi uchun goh o‘ng tomonga, goh chap tomonga aylantirilib, huddi uyg‘oq odamlardek harakatga keltirib qo‘yildi. Ularning iti esa ostonada ikki old oyoqlarini uzatib yotardi. Ularning ushbu holatini ko‘rgan har qanday odam, ularni harakatidan qo‘rquvga tushib, ulardan yuz o‘girib ketardi. Ular uyg‘ongalarida bir birlaridan o‘zaro qancha uxlaganini so‘rashdi, ulardan biri bir yoki yarim kun uxladik xolos deb javob berdi. So‘ngra ulardan biri yegulik olish uchun shaharga tushadi, u yerdagi o‘zgarishlarni ko‘rib oradan uch yuz yil o‘tganini biladi. Bu vaqtga kelib xalq ustiga iymonli podshox kelganidan xabardor bo‘lishadi. Shu bilan ular iymonli holda omon qolishadi.  

Alloh taolo surada g‘or egalarini uzoq yillik uyqudan turgizganidek, qiyomat kunida ham barchani qayta tiriltirishi haq ekanligini odamlarga xabarini berish uchun ushbu qissani ibrat qilib keltirdi. Shu bilan birga, har bir zamonda iymon ahli bardoshi yetadigan sinovga uchrashi, kofirlar esa vaqtincha ulardan ustun kelishi mumkinligini tushuntiradi. Bu qissa orqali iymon ahlining iymoni ziyoda bo‘lishi, Allohdan o‘zgaga ibodat qilmasligi, hayotida duch keladigan qiyinchiliklarga bardosh bersa, Alloh unga nusrat berishi va najot topishi xabari beriladi.

Qur’oni Karim sura va oyatlari mazmuni jihatidan uchga bo‘linadi: tavhid – Allohning yagona ilohligi, shariat hukmlari va tarixiy qissalar. Bu surada islom aqidasi asoslari, odob-axloq va qadriyatlarni qissalar orqali o‘rganish, dunyo ishqi, hayot mohiyatini anglashga dior ma’lumotlar bayon qilinadi.

Surada yana ibrat olish uchun ikki bog‘ egasi hayotidan namuna keltiriladi. Qissada Alloh taolo bir kishiga o‘rtasidan anhor oqib o‘tgan ikki bog‘, boylik va kuch-qudratni rizq qilib beradi. U birodariga: «Mening boyligim senikidan ko‘proq va odamlarim kuchliroq. Bu bog‘ va boyligim hech qachon yo‘q bo‘lmaydi. Qiyomat qoim bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Qasamki, agar mabodo men Robbimga qaytarilsam, ya’ni qayta tirilsam, albatta, bundan ham yaxshiroq oqibat (baxt)ni topaman» dedi.          

Iymonli birodari unga xitob qilib: «Seni (Odamni) tuproqdan, so‘ng bir tomchi suvdan yaratib, so‘ngra inson qilib rostlagan zot (Alloh)ga kofir bo‘ldingmi?, dedi. U yana: «U Alloh Robbimdir va Rabbimga hech kimni sherik qilmayman. Qani edi, sen ham Alloh hohlagan narsagina bo‘lur va kuch-quvvat yolg‘iz Allohdandir desang o‘zingga manfaatli bo‘lardi» dedi. Kufr keltirgan kishi bu bog‘lar va mol-mulk menga Allohning fazli bilan berildi demagani va kufr keltirgani uchun barchasi halok qilindi. U esa sarf qilgan xarajatlarini o‘ylab, afsus-nadomat chekib “Qani edi, men ham Parvardigorimga hech kimni sherik qilmaganimda edi!” deb qolaverdi. Bu qissadan ibrat shuki, bizga berilgan har bir ne’mat uchun Alloh taologa doimo hamd aytishimiz, unga shukr qilishimiz, berilgan ne’matlar Allohning fazli ekanligi va har bir ish Allohning hohishi bilan amalga oshishishini anglab yetmog‘imiz lozim.

Keyingi qissada Muso alayhissalom va solih banda (Hizr) haqida bayon qilinadi. Unda Muso alayhissalom Alloh taolodan “Bandalaring orasida mendan ham ilmliroq bandang bormi?” deb so‘radi. Alloh taolo: “Ha, solih bandam, Hizr alayhissalom sendan olimroq” dedi. Shunda Muso alayhissalom ilmini boyitish uchun Hizr alayhissalomni qidirib topadi. Unga boshqalarga berilmagan ne’mat – g‘oyibdan ogohlik ne’mati berilgan bo‘lib, har bir ishni hikmat ila amalga oshiradi. Muso alayhissalom unga “Senga berilgan ilmdan menga ham o‘rgatgin, senga ergashsam maylimi?” deb so‘radi. Shunda Hizr alayhissalom: “Seni men bilan yurishga sabring yetmaydi, Senda bu ilm yo‘q” dedi. Muso alayhissalom undan ilm o‘rgatishi va birga hamrohlik qilishini so‘radi.

Hizr alayhissalom bilan Muso alayhissalom birga kemaga chiqishadi va Hizr alayhissalom yo‘lda kemani teshib qo‘yadi. Muso alayhissalom unga e’tiroz bildiradi. “Bizga yaxshilik qilib kemasidan joy bersayu, sen nega ularga yomonlik qilasan”, dedi.

Yana yo‘lga chiqib bir qishloqqa borganda, ko‘chada o‘ynab yurgan yosh bolani Hizr alayhissalom o‘ldiradi. Shunda Muso alayhissalom unga yana e’tiroz bildiradi. “Nega sen yosh, begunoh bolani o‘ldirding”? dedi.  

Ular yana yo‘lga tushib bir qishloqqa yetganda, xalqdan yegulik so‘raydilar, ularga hech kim yegulik bermaydi, och bo‘lishiga qaramay Hizr alayhissalom bir uyni oldidagi eski devorni buzib, uni yangidan quradi, lekin evaziga egalaridan hech narsa so‘ramaydi. Muso alayhissalom yana sabri yetmay unga e’tiroz bildirib, shu ish uchun egalaridan yegulik talab qilsak bo‘lardi, dedi. Shunda Hizr alayhissalom bu ishlarni ularning sohiblariga xayrli bo‘lishi uchun bajarganini aytib, hikmatini shunday keltiradi: “Kema miskin-bechoralarning mulki bo‘lib, uni aybli qilib qo‘ydim. Aybli bo‘lmagan kemalarni zolim podshoh talon-taroj qilib, tortib olayotgan edi. Endi ularni kemasiga tegmaydi va tirikchiligi o‘taveradi. Bolaga kelsak, uning ota-onasi mo‘min kishilar bo‘lib, u kelajakda ularga ozor beradigan va kufr ahlidan bo‘lgan farzand bo‘lar edi. Uni o‘rniga Alloh taolo solih farzand berishini iroda qildi. Eski devor tagida esa ikki yetim bolaning merosi bo‘lib ota-onalari solih insonlar bo‘lgan edi. Ular voyaga yetgunga qadar devor qulamaydi va merosini hech kim o‘zlashtira olmaydi. Seni men bilan yurishga sabring yetmaydi degan edimku, endi sen bilan ajrashish vaqtimiz keldi”, dedi.  

Bu qissadan bizga eng go‘zal fazilatlardan biri sabrli bo‘lish naqadar ulug‘ hikmat ekanligi, shuningdek, ilm olish va ma’rifatli bo‘lishga doimo intilish, bu yo‘lda bor imkoniyatni ishga solish lozimligini o‘rgatadi. Har bir inson bu dunyoda o‘zidan afzal bo‘lgan boshqa ilmli, tajribali, quvvatli, taqvodor, Allohning xos bandalari borliginini anglashi lozim.   

Keyingi qissada Alloh taoloning marhamati bilan butun dunyoni o‘z hukmida tutish sharafiga muyassar bo‘lgan , sharq va g‘arbga hukmronlik qilgan odil va oqil podshoh Zul-qarnayn qissasi bayon qilinib, unga butun yer yuziga hukmronlik, ilm va hikmat berilgani, barcha narsaga erishish uchun sabab yo‘llari berib qo‘yilgani, uning fath yurishlari, zolimlarni jazolab, iymonli xalqlarga yordam bergani, Ya’juj va Ma’juj qavmi yer yuzida buzg‘unchilik qilmasligi hamda ularni yo‘lini to‘sish uchun temir va mis qorishmasidan iborat ulkan devor qurgani zikr qilingan. Bu qissada har bir rahbar va amaldorlar qanday sifatga ega bo‘lishi kerakligiga javob beriladi.

Kahf surasining fazilati to‘g‘risida hadislarda shunday bayon qilingan:

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom bunday deganlar: «Kim Kahf surasining avvalidan o‘n oyatini yodlasa, Dajjol (yomonligi, fitnasi)dan saqlanadi», (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziylar rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda:

«Kim «Kahf» surasining oxiridan yodlasa, Dajjoldan saqlanadi», deyilgan.

Sahl ibn Muoz ibn Anas Juhaniydan, u kishi otasidan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Kahf surasining avvali va oxirini o‘qisa, oyog‘idan boshigacha nurga ko‘miladi (nurli bo‘ladi). Kim uni to‘liq o‘qisa, uning uchun osmon bilan yer masofasicha nur paydo bo‘ladi (porlaydi)», dedilar. (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy rivoyati).

Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim «Kahf» surasini Jum’a kechasida qiroat qilsa, unga ikki juma orasicha nur ziyo sochadi», dedilar (Imom Hokim, Imom Bayhaqiy rivoyati).

Boshqa rivoyatda: «U bilan Baytul Atiyq orasicha nur ziyo sochadi», deyilgan.

Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Ahmadlar rivoyat qilgan hadisda Abu Is'hoq quyidagilarni aytadi: Al-Barrosning quyidagilarni aytayotganini eshitdim:

«Bir kishi Kahf surasini o‘qidi. Hovlida hayvon bor edi. Hayvon bezovta bo‘la boshladi. Odam qarasa, uni bulut o‘rab turibdi. Bo‘lgan hodisani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytib bergan edik, u zot: «Ey falonchi, o‘qiyver, u Qur’on tilovati uchun tushgan sakiynadir», dedilar.

Hofiz Abu Bakr ibn Murdavayh Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Kahf surasini juma kuni o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi xatolari kechiriladi», dedilar. Kim har juma kuni Kahf surasini tadabbur bilan o‘qisa, unga amal qilsa dunyo va oxirat yaxshiligiga musharraf bo‘ladi.

«Kahf» surasini tez-tez o‘qib turish va oyatlari ma’nosini tafakkur qilish orqali har bir inson hayoti davomida uchrashi mumkin bo‘lgan turli xil fitnalardan chetda bo‘ladi, berilgan barcha ne’matlarni Allohning fazlidan deb biladi. Ushbu ne’matlar shukrini banda Alloh taologa doimiy hamd aytish va unga ibodat qilish bilan ado etishi mumkin. Alloh taolo yana bir oyatda “Agar berilgan ne’matlarga shukr qilsangiz, ne’matlarimni ziyoda qilib beraman” deb marhamat qiladi. Suradagi ibratli qissalarni o‘rganib chiqqanimizdan keyin Alloh taolo surani bejizga hamd aytish bilan boshlamagani hikmati ayon bo‘ladi.

 

“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”, “Qur’oni azim muxtasar tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon Mamadaliyev tayyorladi.

Maqolalar