بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.
ISLOMDA VATANPARVARLIK TUShUNChASI
Muhtaram jamoat! Islomda Vatanga muhabbat bu – tug'ilib o'sgan yurtini e'zozlash, uning ravnaqi uchun bor imkoniyatini sarf qilishdir! Musulmon kishi Vatanini sevadi! Uning iqboli uchun harakat qiladi, uni himoya qiladi, xursand bo'lsa – xursand, xafalik etsa – qayg'uradi.
Shuning uchun ham kishi o'z yurtidan uzoqlashganda, uni qumsaydi va sog'inadi. Islom tarixidan ma'lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'z vatanlari Makkai mukarramani yaxshi ko'rar edilar. U Zot yolg'iz Allohga imon keltirishga da'vat qila boshlaganlaridan so'ng Makka mushriklarining zulmlari haddan oshib, Rasulullohning jonlariga qasd qilish darajasiga borganlaridan so'ngina Allohning buyrug'iga binoan, Makkadan chiqib ketishga majbur bo'ldilar. Chiqish vaqti kelganida, ko'zlariga yosh oldilar, ko'ngillari bo'shab, Makkaga qarab shunday dedilar:
﴿مَا أَطْيَبَكِ مِنْ بَلَدٍ، وَأَحَبَّكِ إِلَيَّ! وَلَوْلاَ أَنَّ قَوْمِي أَخْرَجُونِيْ مِنْكِ مَا سَكَنْتُ غَيْرَكِ﴾
(رواه الإمامُ الترمذي عَنْ عَبْدِ اللهِ بن عباسٍ رضي الله عنهما).
ya'ni: “(Ey Makka),sendan ko'ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo'q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashganlari sari unga bo'lgan ishtiyoqlari ziyodalashib borardi. Shunda Alloh taolo Rasulullohning ko'ngillarini ko'tarib, Makkaga qaytib kelishlarini bashoratini berib, Qur'oni karimdagi quyidagi oyati karimani nozil qildi:
إِنَّ الَّذِي فَرَضَ عَلَيْكَ الْقُرْآَنَ لَرَادُّكَ إِلَى مَعَادٍ ...
ya'ni:“(Ey, Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qur'onni farz qilgan zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir...” (Qasos surasi 85-oyat).
Shundan keyin Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam xotirjam safarlarini davom ettirdilar.
Insonning o'z Vatani oldida bir necha vazifalari bo'lib, ularning eng muhimlari uchtadir:
وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا بَلَدًا آَمِنًا وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنَ الثَّمَرَاتِ مَنْ آَمَنَ مِنْهُمْ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ قَالَ وَمَنْ كَفَرَ فَأُمَتِّعُهُ قَلِيلًا ثُمَّ أَضْطَرُّهُ إِلَى عَذَابِ النَّارِ وَبِئْسَ الْمَصِيرُ
ya'ni: “Eslang, Ibrohim: “Ey, Rabbim, buni (Makkani) tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilariga (turli) mevalardan rizq qilib bergin!”, – deganida, Alloh: “(Ulardan) kofir bo'lganlarini esa, biroz rizqlantirib, so'ngra do'zax azobiga mubtalo eturman. Bu o'ta yomon oqibatdir”, – dedi” (Baqara surasi 126-oyat).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham Madinai munavvaraga borganlarida, uning haqqiga quyidagicha duo qildilar:
﴿اللَّهُمَّ حَبِّبْ إلَيْنَا المَدِينَةَ كَحُبِّنَا مَكَّةَ أوْ أشَدَّ، اللَّهُمَّ بَارِكْ لَنَا في صَاعِنَا وفي مُدِّنَا...﴾
(رواه الإمامُ البخاري والإمام مسلم عن عائشة رضي الله عنها).
ya'ni: “Ey Alloh! Madinani bizga Makkani suyganimizdek yoki undanda ziyodaroq suyukli qilgin! Va uni toshu tarozusiga – so'u muddiga barakot bergin!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Ko'rinib turibdiki, payg'ambar alayhissalomlar yashab turgan yurtlariga tinchlik va rizq so'radilar. Zero bu ikki ne'mat – Vatan farovonligi omillaridandir! U ikkisi yoki biri topilmasa, baxt saodat yo'qoladi.
هُوَ أَنْشَأَكُمْ مِنَ الْأَرْضِ وَاسْتَعْمَرَكُمْ فِيهَا
ya'ni: “U (Alloh) sizlarni erdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi” (Hud surasi 61-oyat). Demak, inson er yuzini, xususan yashab turgan yurtini, o'z Vatanini obod qilishi – uning burchi hisoblanadi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
﴿إِنْ قَامَتِ السَّاعَةُ وَفِي يَدِ أَحَدِكُمْ فَسِيلَةٌ، فَإِنِ اسْتَطَاعَ أَنْ لاَ تَقُومَ السَّاعَةُ حَتَّى يَغْرِسَهَا، فَلْيَغْرِسْها﴾
(رواه الإمام البخاري عَنْ أَنَسٍ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ الله عَنْهُ)
ya'ni: “Qiyomat qoim bo'lib qolsa-yu, biringizning qo'lida ko'chat bo'lsa, u qoim bo'lgunicha ekishga ulgursa, ekib qo'ysin” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Hadisi sharifda inson o'z hayotining oxirgi lahzasini ham g'animat bilib, yashab turgan joyini obod qilish, uni gullab-yashnatishga targ'ib qilinmoqda.
وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا وَادْعُوهُ خَوْفًا وَطَمَعًا إِنَّ رَحْمَةَ اللَّهِ قَرِيبٌ مِنَ الْمُحْسِنِينَ
ya'ni: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo'rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A'rof surasi 56-oyat).
Har bir shaxs o'zi yashab turgan joyini ardoqlab, uni himoya qilishi – o'z joni, moli, ota-onasi va farzandlarini himoya qilish hisoblanadi. Bu ish ulkan savob ekani haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
﴿مَنْ قُتِلَ دُونَ مَالِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ نَفْسِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ دِينِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ أَهْلِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ﴾ (رواه الإمام الترمذى عن سعيد بن زيد رضي الله عنه).
ya'ni: “Moli, joni, dini va ahli ayolini himoya qilish yo'lida halok bo'lgan kishi shahidlik maqomini topadi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Kishi Vataniga xiyonat qilishi, undagi ota-onasi, farzandlari va xalqining qadriga etmasligi, ularni o'ylamasdan Vatanga qarshi qurol ko'tarishi – islomdagi eng og'ir gunoh va juda katta jinoyatdir!
Vatanni sevishimizga bir qancha sabablar bor. Jumladan, Alloh taolo taqdirimizni shu erga bitdi. Shu Vatanda tug'ilib o'sdik, tarbiya topdik. Bu Vatanda eng sevimli qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz yashashadi. Buning ziyodasiga bu zaminni son-sanoqsiz ulug' zotlar, Allohning do'stlari vatan tutishgan.
Afsuski, ayrim Vatan qadriga etmagan kimsalar, go'yoki “hijrat qilish farz” degan soxta da'volarni qilib, oilasi bag'rida tinch, osuda hayot kechirayotgan musulmonlarni o'zga yurtlarga chiqib ketishga da'vat qilmoqda. Ammo bugungi kunda turli siyosiy kuchlarning qo'lida qo'g'irchoq bo'layotganlar dunyoning notinchlik hukm surgan va o'zlari qo'nim topgan mintaqalariga taassubga berilgan shaxslarni bir joyga jamlash va shu orqali xomiylarining rejalashtirilgan siyosiy maqsadlari yo'lida harakatlanishmoqda.
Hususan, ular ilm-ma'rifatdan yiroq, johil kimsalarni o'z atroflariga to'plashga intilib, islom diyori bo'lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari bemalol o'qiladigan, xullas, islomning besh arkonlari emin-erkin ado etilib, musulmonchilik amalda bo'lgan va o'zlari tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan vatanlarini tark etishga targ'ib qilmoqdalar.
Buning oqibatlari esa hammamizga ayon. Shunday ekan, har birimiz Vatanimiz tinchligini qadriga etib, uning obodligi va rivojlanishi yo'lida o'z hissamizni qo'shishimiz, kundan-kunga ko'payib borayotgan islohot va yutuqlariga shukr qilib, har xil yovuz niyatdagi kimsalardan uni ko'z qorachig'imizdek asrab-avaylashimiz, Vatan ravnaqi yo'lida xizmat qilayotgan rahbar va yurtdoshlarimizning haqlariga duolar qilib, ibodatlarimizni o'z vaqtida bajarib, umrguzaronlik qilishimiz maqsadga muvofiqdir.
Azizlar! Shuni ham ta'kidlash kerakki, inson o'zi tug'ilib o'sgan vatanini qadriga etishi, haqqiga duo qilishi va obodligiga hissa qo'shishi bilan birga birinchi vatani bo'lmish – jannatga borish sabab va omillarini bajarib, ularni unutmasligi zarur. Chunki Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh o'zlarining “Mirqotul mafotih” kitoblarida: “Insonning birinchi vatani – jannat” deganlar. Zero, Odam alayhissalom va Havvo onamiz birinchi jannatda yashaganlar va undan ma'lum sabablarga ko'ra tushurilganlar.
Demak, biz hayotimiz davomida dunyodagi Vatanimizni obod qilish bilan birga, oxiratdagi vatanimizga ham zaxira qilib borishimiz darkor. Ulamolarimiz aytadilarki, kishi quyidagi amallarni qilishi bilan jannatga kirishi mumkin:
وَالَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ أُولَئِكَ أَصْحَابُ الْجَنَّةِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ
ya'ni: “Imon keltirib, solih amallarni qilganlar esa, aynan ular jannat ahlidirlar va ular u erda abadiy qoluvchilardir” (Baqara surasi 82-oyat).
قَالَ اللَّهُ هَذَا يَوْمُ يَنْفَعُ الصَّادِقِينَ صِدْقُهُمْ لَهُمْ جَنَّاتٌ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا أَبَدًا
ya'ni: “Alloh dedi: “Bu kun sodiq (mo'min)larga sodiqligi foyda beradigan kundir”. Ular uchun ostidan anhorlar oqib turadigan jannat bog'lari bordir.(Ular) u erda abadiy bo'lurlar” (Moida surasi 119-oyat).
﴿تَقوى الله، وحُسن الخُلق﴾) رواه الإمام الترمذي (
ya'ni: “Allohdan qo'rqish va husni xulq – kishini jannatga kirishiga sababdir”(Imom Termiziy rivoyatlari).
إِلَّا مَنْ تَابَ وَآَمَنَ وَعَمِلَ صَالِحًا فَأُولَئِكَ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ وَلَا يُظْلَمُونَ شَيْئًا
ya'ni: “Illo, imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodir). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada nohaqlik qilinmas” (Maryam survasi 60-oyat).
Alloh taolo barchamizni jannat ahllaridan aylab, tug'ilib o'sgan aziz va mo''tabar Vatanimizni bundanda farovon, osmonini musaffo qilib, xalqimizni tinch va osuda aylab, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Farzand tarbiyasi, yoshlarning e'tiborini ilm-ma'rifatga qaratish”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo‘lib kamolga yetishlariga uyda ota-onalar, o‘quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni ilm-ma’rifatga oshno qilishdan hech kim chetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, deb bejizga aytmagan.
Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Boshqa burchlar ba’zi ishlarni qilish yoki mulkni sarflash bilan oxiriga yetadi. Ammo tarbiya mas’uliyati bardavom bo‘ladi. Zotan, ota‑onaning farzand ne’matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya mas’uliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne’matni ne’mat beruvchi zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi. Binobarin, farzand ne’matiga amaliy shukr qilish o‘sha farzandni Alloh taologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash bilan yuzaga chiqadi. Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni qanchalar katta ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridan bilib olamiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?» dedilar.
So‘ngra Abu Hurayra roziyallohu anhu «Agar xohlasangiz: «(Bu) Alloh odamlarni yaratgan asl fitratdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Ushbu to‘g‘ri dindir», degan oyatni o‘qing», der edi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
Ushbu muborak hadisi sharifda Alloh taolo insonlarni yaratish paytida sof tabiat bilan yaratsa ham, keyinchalik insonlar, xususan, ota-ona tarbiyasi sababli bu soflikka futur yetishi, uning buzilishi haqida so‘z ketmoqda.
“Fitrat” sof tabiat, dinni to‘g‘ri qabul qilishga bo‘lgan qobiliyat deganidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dunyoda tug‘iladigan har bir bola sof tabiat bilan, Alloh taoloning dinini qabul qilish qobiliyati bilan tug‘ilishi haqida xabar bermoqdalar.
Demak, Alloh taolo hech kimni avvaldan sen yahudiy bo‘lasan, sen nasroniy bo‘lasan, sen majusiy bo‘lasan, deb majbur qilmaydi. Odamlarning turli dinga mansub bo‘lishiga sabab bor:
«Bas, ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qiladi».
Ya’ni, ota-onalar bolalarini o‘z dinlarida tarbiyalashlari oqibatida bolalarning sof tabiati buzilib, yahudiy, nasroniy va majusiy bo‘lib qoladilar.
Shu joyda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu ma’noni to‘liqroq tushuntirish maqsadida sahobai kiromlarga hissiy bir misol keltirmoqdalar.
«Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?».
Ya’ni har bir hayvon bolasi onasidan bus-butun tug‘iladi. Birortasining qulog‘i yoki burni kesilmagan bo‘ladi. Ammo, egalari belgi qo‘yish maqsadida va yana boshqa niyatda ularning quloqlarini, burunlarini kesadilar va hokazo. Shunga o‘xshab, inson ham onadan sof tabiat bilan tug‘iladi, u yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onasining tarbiyasi tufayli yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘ladi.
Alloh taolo bu dunyodagi narsalarni sababiyat qonuni ila bir-biriga bog‘lab qo‘ygan. Och inson taom yemasa, qorni to‘ymaydi. Ota-ona qo‘shilmasa, bola tug‘ilmaydi. Xuddi shuningdek, tarbiya bo‘lmasa, inson tarbiya ko‘rgan bo‘lib voyaga yetmaydi. Shuning uchun ham Islomda bola tarbiyasiga alohida e’tibor beriladi.
Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: “Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan: “Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” Chunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. Shuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.
Ikkinchidan: “Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur’oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.
Uchinchidan: “Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.
Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollalloxu alayxi vasallam aytdilar: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan ko‘ra afzal narsa bera olmaydi”.
Albatta, farzand ilmli va odobli bo‘lsa ota–ona hurmatini va haq-huquqlarini yaxshi ado qiladi. Oilada yaxshi tarbiya topgan farzand yaxshi va yomonni farqlay oladi. Qaysi oilada, qaysi mahallada yoshlar tarbiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla, o‘sha yurt gullab yashnaydi. Bu esa jamiyatning ravnaq topishiga olib keladi.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.