Valiylar sultoni haqida
35- وَلِلصِدِّيقِ رُجْحَانٌ جَلِيٌ عَلَى الأَصْحَابِ مِنْ غَيْرِ احْتِمَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Siddiq (roziyallohu anhu)ning barcha sahobalardan hech ehtimolliksiz yaqqol ustunligi bor.
Nazmiy bayoni:
Bordir afzalligi Siddiqning zohir,
Ashoblar ustidan, hech shubha yo'qdir.
Lug'atlar izohi:
لِ – “shibhi mulk” (mulk ko'rinishidagi) ma'nosida kelgan jor harfi.
الصِدِّيقِ – jor majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
رُجْحَانٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Lug'atda “afzallik”, “ortiqlik” ma'nolarini anglatadi.
جَلِيٌ – sifat. Lug'atda “aniq”, “ravshan”, “yaqqol” va “oshkora” kabi ma'nolarni anglatadi.
عَلَى – “isti'lo” (ustun bo'lish) ma'nosida kelgan jor harfi.
الأَصْحَابِ – jor majrur رُجْحَانٌ ga mutaalliq. صَاحِبٌ kalimasining ko'plik shakli bo'lib, lug'aviy jihatdan “do'st”, “hamroh” kabi ma'nolarni anglatadi. Istilohda esa “iymon keltirgan holatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan ko'rishib, mo'min holida vafot etgan kishi sahoba deyiladi”.
مِنْ – “ta'liliya” (izohlash) ma'nosida kelgan jor harfi.
غَيْرِ – jor majrur, muzof.
احْتِمَالِ – muzofun ilayh, jumla رُجْحَانٌ ga sifat o'rnida turibdi.
Matn sharhi:
Valiylar to'g'risidagi bahslardan so'ng barcha valiylarning eng ulug'i sanalgan Abu Bakr roziyallohu anhuning fazllari to'g'risidagi xabarlarga o'tildi. E'tiqodiy masalalarga bag'ishlangan kitoblarning deyarli barchasida payg'ambarlardan keyingi afzal insonlar haqidagi bahslar keltirilgan. Bu bahslar chahoryorlar va boshqa sahobalar to'g'risida buzuq e'tiqodda bo'lgan shia firqalarining noto'g'ri qarashlaridan omma musulmonlarni ogohlantirish va shialarga raddiya berish tarzida yozilgan. Shialarga raddiya qilib yozilgan alohida kitoblar ham bo'lib, bu kitoblarda ularning noto'g'ri qarashlari dalillar bilan ochib berilgan. Muhammad Abdussattor Tunsaviyning “Butlanu aqoidi shia” kitobi ana shunday kitoblardan biri bo'lib, unda shialarning o'n ettita buzuq qarashlariga raddiya yozilgan. Shialarning keltirib chiqargan ziddiyatli bahs munozaralari natijasida shu qadar bahslar yuzaga kelganki, hatto chahoryorlarni yaxshi ko'rish va ularni payg'ambarlardan keyingi eng afzal insonlar deb bilish ahli sunnaning belgisiga aylangan. Quyidagi rivoyat bunga dalolat qiladi: “Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan “Ahli sunna val-jamoa” mazhabi haqida so'rashganida: “U ikki shayxni, ya'ni Abu Bakr va Umarni boshqa sahobalardan afzal bilishing, ikki kuyovni, ya'ni Usmon va Alini yaxshi ko'rishing va ikkala mahsiga mash tortishni joiz deb bilishingdir”, – deb javob bergan. Bu javobni Anas ibn Molik rahmatullohi alayhning: “Ikki shayxni afzal bilishing, ikki kuyovni yaxshi ko'rishing va ikkala mahsiga mash tortishni joiz deb bilishing sunnatdandir”, – degan so'zlaridan olgan”[1].
Abu Bakr roziyallohu anhuni barcha sahobalardan afzal degan so'zdan, u zotning payg'ambarlardan keyin insonlarning eng ulug'i ekani ma'lum bo'ladi. Chunki sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suhbatlariga erishishdek ulug' martabaga musharraf bo'lgan buyuk zotdirlar.
Sahobalarning fazilatlari
Sahobalarni yaxshi ko'rish va ularni payg'ambarlardan keyin eng afzal insonlar bo'lgan, deb e'tiqod qilish har bir musulmonning burchi hisoblanadi. Sahobalar muqaddas Islom dinini butun bashariyatga etkazish yo'lidagi barcha mashaqqatlarni zimmalariga ko'targan hamda bu vazifani to'la-to'kis ado etgan zotlardir. Shuning uchun dinini ulug'lagan har bir musulmon ularni ham ulug'lashi lozim bo'ladi.
Sahobalar erishgan ulug' martabaga ulardan keyin hech bir bashar erisha olmaydi. Chunki ular fosiqlik va ulug'likka nomunosib ishlardan pok ekanlari hatto tekshirib ham o'tirilmaydigan darajadagi zotdirlar. Qur'oni karimda sahobai kiromlarga shunday xitob qilingan:
﴿كُنتُمۡ خَيۡرَ أُمَّةٍ أُخۡرِجَتۡ لِلنَّاسِ ﴾
“Sizlar odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo'ldilaringiz”[2].
Ya'ni ushbu oyati karimadagi vasf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha ummatlariga taalluqli bo'lsa-da, sahobai kiromlarning barchalariga mos keladigan xitob hisoblanadi.
Hadisi sharifda sahobalarning martabalari shunday bayon qilingan:
عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَسُبُّوا أَصْحَابِى فَوَالَّذِى نَفْسِى بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ أَحَدَكُمْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلَا نَصِيفَهُ. رَوَهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sahobalarimni tahqirlamanglar, jonim uning qo'lida bo'lgan zotga qasamki, agar sizlardan biringiz Uhud (tog'i) mislicha oltin sarflasa ham, ulardan birortasining “mud”iga[3] ham, uning (mudning) yarmiga ham erisha olmaydi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Chunki bu zotlar payg'ambarlarning so'nggisiga sahoba bo'lishdek baxtga sazovor bo'lgan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan hidoyat nurini boshqalarga etkazish yo'lida molu jonlarini fido qilgan mo'minlardir. Keyingilar esa faqat ular etkazgan narsalarga rioya qiladigan mo'minlar sanaladi.
Abu Zar'a Roziy rahmatullohi alayh sahobalarni ulug'lash lozimligini ta'kidlab shunday degan: “Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birortasini yomonotliq qilayotgan biror kimsani ko'rsangiz, bilingki, u kimsa zindiq (dinsiz)dir. Chunki biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni haq deb bilamiz, (u zot olib kelgan) Qur'onni haq deb bilamiz, bizlarga esa Qur'onni ham, sunnatlarni ham sahobalar etkazganlar. Shuning uchun ham Qur'on va sunnatni botilga chiqarmoqchi bo'lgan kimsalargina bu ikkalasini etkazgan zotlarni yomonotliq qilishga urinadilar. Vaholanki ularning o'zlari guvohliklari qabul qilinmaydigan zindiqlardir”.
Sahobalarning adadi qancha bo'lgan?
Sahobalarning adadi qancha bo'lgani haqida tarix ulamolari aniq bir adadga ittifoq qilishmagan. Faqat ba'zi muhaqqiq olimlar ularning adadi yuz mingdan ortiq bo'lgan, – deganlar. Abu Zar'a Roziy rahmatullohi alayhdan “sahobalarning adadi bir yuz o'n to'rt mingta bo'lgan”, degan qavl ham rivoyat qilingan.
Jinlar ham sahoba hisoblanadimi?
Ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko'rib iymon keltirgan va mo'min holida vafot etgan jinlar ham sahoba hisoblanishini aytganlar. Bu haqida Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh quyidagi qavlni rivoyat qilgan: “Saxoviy: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko'rgan va u zotga imon keltirgan jinlar ham sahoba hisoblanadi, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ularga ham payg'ambar etib yuborilganlari qat'i ravishda aniqdir”, – degan.
Badriddin Shibliy Hanafiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko'rib u zotga iymon keltirgan jinlarning oxirgi vakillaridan birini Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh dafn etganini rivoyat qilgan.
Islomni birinchi bo'lib qabul qilgan sahobalar
Ibn Saloh rahmatullohi alayhning tahqiqlariga ko'ra birinchi bo'lib Islomni qabul qilgan sahoblar deganda quyidagi zotlar tushuniladi:
– Hur erkaklardan: Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu;
– Balog'atga etmagan yosh bolalardan: Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu;
– Ayollardan: Hadija bintu Huvaylid roziyallohu anho onamiz;
– Ozod qilingan qullardan: Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu;
– Qullardan: Bilol roziyallohu anhu.
Faqihlik bilan mashhur bo'lgan sahobalar
Bir qancha sahobalar fiqhiy masalalar bilimdoni sifatida mashhur bo'lganlar. Shu ma'noda quyidagi zotlardan ko'plab fatvolar naql qilingan:
– Umar ibn Hattob roziyallohu anhu;
– Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu;
– Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu;
– Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu;
– Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu;
– Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu;
– Oisha roziyallohu anho.
Eng ko'p fatvo bergan sahoba
Eng ko'p fatvo bergan sahoba “Qur'on tarjimoni” deb nom olgan Abdulloh ibn Abbos[4] roziyallohu anhumo hisoblanadi. Chunki xulofoi roshidinlar va Abdulloh ibn Mas'ud[5] singari ilmda peshqadam bo'lgan zotlar sahobalarning ko'pchiligi hali hayot bo'lgan paytlarda vafot etib ketganlar. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo esa sahobalar kamayib, ularning ilmlariga ehtiyoj kuchaygan vaqtlarda yashab o'tgan. Shu sababli bu zotning fatvolari ko'proq naql qilingan.
Eng ko'p hadis rivoyat qilgan sahobalar
Quyidagi sahobalar eng ko'p hadis rivoyat qilgan sahobalar hisoblanadi:
“Abodila” (Abdulloh ismli sahoba)lar
Abdulloh ismli sahobalar 300 ga yaqin bo'lgan. Lekin hadis ilmida “Abodila”lar deganda asli ismlari Abdulloh bo'lgan quyidagi sahobalar ko'zda tutilgan bo'ladi:
Ushbu zotlar eng oxiri vafot etgan va keyingilar ularning ilmlariga nihoyatda muhtoj bo'lib qolgan olim sahobalar hisoblanadi. Shunga ko'ra bu zotlar boshqalardan “Abodila”lar nomi bilan ajralib turgan. Agar bu zotlar bir fatvoga ittifoq bo'lsalar, “bu Abodilalarning so'zi” – deyilgan.
Tiriklik vaqtlaridayoq jannat bashorati
berilgan sahobalar
Ba'zi sahobalarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning tiriklik vaqtlaridayoq jannatiy bo'lishlarini xabar berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida ularning o'ntasini nomma-nom sanaganlar. “Asharai mubashshara” (bashorat berilgan o'n kishi) nomi bilan mashhur bo'lgan sahobalar quyidagi zotlardir:
عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَبُو بَكْرٍ فِى الْجَنَّةِ وَعُمَرُ فِى الْجَنَّةِ وَعُثْمَانُ فِى الْجَنَّةِ وَعَلِىٌّ فِى الْجَنَّةِ وَطَلْحَةُ فِى الْجَنَّةِ وَالزُّبَيْرُ فِى الْجَنَّةِ وَعَبْدُ الرَّحْمَنِ بْنُ عَوْفٍ فِى الْجَنَّةِ وَسَعْدٌ فِى الْجَنَّةِ وَسَعِيدٌ فِى الْجَنَّةِ وَأَبُو عُبَيْدَةَ بْنُ الْجَرَّاحِ فِى الْجَنَّةِ. رَوَهُ التِّرْمِذِيُّ
Abdurahmon ibn Avf raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Abu Bakr jannatda bo'ladi, Umar jannatda bo'ladi, Usmon jannatda bo'ladi, Ali jannatda bo'ladi, Talha jannatda bo'ladi, Zubayr jannatda bo'ladi, Abdurahmon ibn Avf jannatda bo'ladi, Sa'd jannatda bo'ladi, Sa'iyd jannatda bo'ladi, Abu Ubayda ibn Jarroh jannatda bo'ladi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan boshqa bir hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima roziyallohu anhoga shunday deganlari rivoyat qilingan:
أَمَا تَرْضَيْنَ أَنْ تَكُونِى سَيِّدَةَ نِسَاءِ أَهْلِ الْجَنَّةِ.
“Jannat ahli ayollarining sayyidasi bo'lishingga rozi bo'lmaysanmi!”.
Imom Nasoiy[6] rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nabiralari Hasan va Husayn roziyallohu anhumolar haqida shunday deganlari rivoyat qilingan:
أَنَّ الْحَسَنَ وَالْحُسَيْنَ سَيِّدَا شَبَابِ أَهْلِ الْجَنَّةِ.
“Albatta, Hasan va Husayn jannat ahli yigitlarining sayyidlaridir”.
Hulosa shuki, hadisi shariflarda nomlari aytilgan sahobalarni jannatiy deb e'tiqod qilinadi. Nomlari aytilmagan sahobalar haqida esa jannatiy bo'lishlari boshqalardan ko'ra ko'proq umid qilinadi.
Sahobalarning tabaqalari
Hokim Naysaburiy rahmatullohi alayh sahobalarni Islomni birinchi qabul qilganlari va ko'plab ulug' ishlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida bo'lganlari e'tiboridan o'n ikki tabaqaga ajratgan:
Oldindan Makkada Islomni qabul qilganlar tabaqasi;
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu Islomga kelganidan keyin Islomni qabul qilganlar tabaqasi. Ibn Mas'ud roziyallohu anhu: “Umar Islomga kelganidan keyin doim aziz bo'ldik”, – degan. Shunga ko'ra, bu zotdan keyin Islomni qabul qilganlar musulmonlar aziz bo'lgandan keyingi tabaqa hisoblanadi.
Habashiston muhojirlari tabaqasi. Mazkur muhojirlar “Habashiston muhojirlari” deb ataladigan alohida bir tabaqa sanaladi;
Birinchi aqaba bayatida qatnashib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay'at qilgan sahobalar tabaqasi;
Ikkinchi aqaba bayatida qatnashib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay'at qilgan sahobalar tabaqasi;
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kirishlaridan oldin hijrat qilgan sahobalar tabaqasi;
Badrda qatnashgan sahobalar tabaqasi;
Badr g'azotidan keyin hijrat qilgan sahobalar tabaqasi;
Hudaybiya g'azotidagi “Bay'atur rizvon”da qatnashgan sahobalar tabaqasi;
Hudaybiyadan keyin hijrat qilgan sahobalar tabaqasi;
Fath yilida musulmon bo'lgan sahobalar tabaqasi;
“Fath kuni” va “Hajjatul vado”da yosh va go'dak holida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko'rib qolish baxtiga muyassar bo'lgan sahobalar tabaqasi.
Eng uzun umr ko'rgan sahobalar
Eng uzun umr ko'rgan sahobalar quyidagi zotlardir:
Bu zotlar zotlar johiliyatda 60 yil, Islomda 60 yil umr kechirishgan. Hakim ibn Hizom roziyallohu anhu "Fil yili"dan 13 yil oldin Ka'ba ichida tug'ilgan. Hijriy 54 yilda Madinada vafot etgan. Hasson ibn Sobit haqida Ibn Ishoq rivoyat qilishicha uning ota-bobolari Sobit, Munzir va Haromlarning har biri 120 yildan umr kechirgan. Abu Nuaym Hofiz: "Arablarda boshqa bundaylar kuzatilmagan", – degan. Hasson hijriy 54 yoki 50 yilda vafot etgan, – deyilgan.
Sahobalarning eng so'nggi vakillari
va ular vafot etgan joylar
Quyidagi zotlar sahobalarning eng so'ngi vakillari sanaladilar:
– Abu Tufayl Omir ibn Vosila roziyallohu anhu. Hijriy 110 yilda Makkada vafot etgan;
– Mahmud ibn Robi' roziyallohu anhu. Hijriy 99 yilda Madinada vafot etgan;
– Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu. Hijriy 96 yilda Shomda vafot etgan;
– Anas ibn Molik roziyallohu anhu. Hijriy 93 yilda Basrada vafot etgan;
– Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhu. Hijriy 86 yilda Kufada vafot etgan;
– Abdulloh ibn Horis ibn Jaz'i Zubaydiy roziyallohu anhu. Hijriy 86 yilda Misrda vafot etgan.
Shu o'rinda aytish mumkinki, mazhabboshimiz Imom A'zam rahmatullohi alayh ushbu sahobalardan Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Horis ibn Jaz'i Zubaydiylarni hamda bulardan tashqari Jobir ibn Abdulloh va Oisha bint Ajrad singari sahobalarni ko'rib, ulardan hadis rivoyat qilgani haqida ham sahih qavllar kelgan.
Sahobai kiromlarning eng ulug'i bo'lgan zot barcha valiylarning sultoni bo'lishi tabiiy holdir. Valiylar sultoni Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu milodiy 573 yilda tug'ilgan. Ismi Abdulloh bo'lib, nasabi quyidagicha bo'lgan: Abdulloh ibn Usmon ibn Omir ibn Amr ibn Ka'b ibn Said ibn Taym ibn Murra ibn Ka'b ibn Luay. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan nasablari Murra ibn Ka'bda birlashgan. Bu zotning Siddiq deb nomlanishi haqida Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu shunday degan: “Alloh taoloning O'zi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tillari bilan Abu Bakrni Siddiq deb nomlagan”.
Ha, bu zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tasdiqlashda hech ikkilanmaganlari sababli ana shunday izzatga sazovor bo'lganlar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Masjidul-Aqsoga sayr qildirilganlarida insonlar buni gapira boshladilar. U zot alayhissalomga iymon keltirib, tasdiqlaganlarning ko'pchiligi bundan fitnaga uchrab murtad bo'lib ketdilar. Shunda Abu Bakr: “Men bundan ham uzoqrog'ini tasdiqlayman, unga ertalab yo kechqurun samodan xabar kelishini tasdiqlayman-ku”, – dedi. Shu sababli u Siddiq deb nom oldi”.
“Bu zot yaxshi ishlarga doimo ilgari tashabbus ko'rsatgani sababli “Abu Bakr” (o'ta peshqadam) kunyasini olgan deyilgan”[7].
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning fazllari
Abu Bakr roziyallohu anhuning fazllari haqida ko'plab xabarlar kelgan. Qur'oni karimda shunday xabar berilgan:
﴿وَسَيُجَنَّبُهَا ٱلۡأَتۡقَى١٧ ٱلَّذِي يُؤۡتِي مَالَهُۥ يَتَزَكَّىٰ١٨ وَمَا لِأَحَدٍ عِندَهُۥ مِن نِّعۡمَةٖ تُجۡزَىٰٓ١٩﴾
“Taqvoli kishi esa undan (do'zaxdan) uzoqlashtirilur. Qaysiki, u mol-davlatini (yaxshilik yo'lida) sarf qiladigan bo'lsa. Uning (sarf qiluvchining) huzurida (zimmasida) biror kimsaga qaytariladigan ne'mat yo'qdir”[8].
Aksar mufassirlar ushbu oyati karimalarda vasf qilingan inson Abu Bakr Siddiqdir, deyishgan.
Bu zot Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga hijrat qilish baxtiga muyassar bo'lganiga Qur'oni karimda ochiq-oydin ishora kelgan:
﴿إِلَّا تَنصُرُوهُ فَقَدۡ نَصَرَهُ ٱللَّهُ إِذۡ أَخۡرَجَهُ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ ثَانِيَ ٱثۡنَيۡنِ إِذۡ هُمَا فِي ٱلۡغَارِ إِذۡ يَقُولُ لِصَٰحِبِهِۦ لَا تَحۡزَنۡ إِنَّ ٱللَّهَ مَعَنَاۖ ﴾
“Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (O'zi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovlari g'orda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: “Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!” – degan edi”[9].
Mana shu oyati karimada zikr etilgan ikki kishi – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu ekanlariga barcha mufassirlar ittifoq qilishgan. Shu sababli kim Abu Bakr roziyallohu anhuning sahoba ekanini inkor qilsa, kofir bo'ladi, – deyilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakrga: “Sen Havzda ham, g'orda ham mening sherigimsan”, – deganlar.
Abu Bakr roziyallohu anhu xayrli ishlarda doimo peshqadam bo'lgan:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمُ الْيَوْمَ صَائِمًا قَالَ أَبُو بَكْرٍ أَنَا قَالَ فَمَنْ تَبِعَ مِنْكُمُ الْيَوْمَ جَنَازَةً قَالَ أَبُو بَكْرٍ أَنَا قَالَ فَمَنْ أَطْعَمَ مِنْكُمُ الْيَوْمَ مِسْكِينًا قَالَ أَبُو بَكْرٍ أَنَا قَالَ فَمَنْ عَادَ مِنْكُمُ الْيَوْمَ مَرِيضًا قَالَ أَبُو بَكْرٍ أَنَا فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَا اجْتَمَعْنَ فِى امْرِئٍ إِلَّا دَخَلَ الْجَنَّةَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bugun ro'zador bo'lib tong ottirdi?” – dedilar. Abu Bakr: “Men”, – dedi. U zot: “Kim bugun janozaga qatnashdi”, – dedilar. Abu Bakr: “Men”, – dedi. U zot: “Kim bugun biror miskinni taomlantirdi”, – dedilar. Abu Bakr: “Men”, – dedi. U zot: “Kim bugun biror kasalni borib ko'rdi”, – dedilar. Abu Bakr: “Men”, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ushbu ishlar qaysi bir kishida jamlangan bo'lsa, u, albatta, jannatga kiradi”, – dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning oilalari
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan so'ng hijriy 11 yilda rabiul avval oyining 12 kunida musulmonlarga birinchi xalifa etib saylangan. Halifalik davrlarida murtadlarga qarshi kurashlar va Qur'onning jamlanishi kabi muhim ishlar bo'lib o'tgan. “Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu hijratning 13 yilida jumadul oxir oyining 23 kuni vafot etgan”[10]. Janozasini Umar roziyallohu anhu o'qigan.
KYeYINGI MAVZULAR:
TILI VA QALBIGA HAQ JORIY BO'LGAN INSON:
Umar roziyallohu anhu.
[1] Ibrohim Halabiy. Halabiy kabir. – Istanbul: “Dor Saodat”, 1325 h. – B. 104.
[2] Oli Imron surasi, 110-oyat.
[3] Mud – 544 gramga teng o'lchov birligi.
[4] Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning tug'ilgan yili yili haqida ikki xil qarash bor:
Shunga ko'ra bu zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida o'n yoki o'n uch yoshli bola bo'lgan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning kunyasi Abul Abbos bo'lgan. Bu zotning Abbos, Ali, Fazl, Muhammad va Ubaydulloh ismli o'g'illari hamda Luboba va Asmo ismli qizlari bo'lgan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu hijriy 68 yilda Toifda vafot etgan. Bu zot vafot etganida Rofi' ibn Hudayj yig'lab: “Bugun mashriqu mag'rib orasidagi hamma uning ilmiga muhtoj bo'ladigan kishi vafot etdi”, – degan.
[5] Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu hijriy 32 yilda 60 yoshdan oshib, Madinada vafot etgan. Janozasini Usmon roziyallohu anhu o'qigan. Vasiyatiga ko'ra, Baqi' qabristoniga Usmon ibn Maz'un qabri yoniga dafn etilgan.
[6] Ahmad ibn Ali ibn Shuayb ibn Ali ibn Sanon ibn Bahr ibn Dinor hijriy 215 yilda hozirgi Turkmaniston hududiga kiruvchi Nasa shahrida tug'ilgan. Imom Nasoiy ilm talabida Tobariston, Bag'dod, Basra, Hijoz, Misr kabi shaharlarda bo'lgan va Misrda yashab qolgan. Imom Nasoiyning eng mashhur kitobi “Sunani Nasoiy”dir. Bundan tashqari “Mujtaba” kabi kitoblari ham bo'lgan. Imom Nasoiy hijriy 303 yilda 88 yoshida Baytul Maqdisda vafot etgan.
[7] Muhammad Rizo. Mavsuatu xulofai roshidin. – Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2006. – B. 16.
[8] Layl surasi, 17, 19-oyatlar.
[9] Tavba surasi, 40-oyat.
[10] Muhammad Rizo. Mavsuatu xulafai roshidin. – Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2006. – B. 140.
Hadis ilmi maktabi qoshidagi "Qur’oni karim va tajvid" o‘quv kursida tahsil olgan 51-davra tinglovchilari uch oylik saboq olish mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli yakunladilar.
Shu munosabat bilan tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Tadbirda Hadis ilmi maktabi mutasaddi rahbarlari ishtirok etib, tinglovchilarga Qur’on tilovati va ilm yo‘lida lozim bo‘ladigan muhim tavsiyalarini berishdi.
Shuningdek, "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti qoshidagi "Qur’oni karim va tajvid" o‘quv kursining navbatdagi 57-davra mashg‘ulotlari ham yakunlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati