Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Dekabr, 2024   |   20 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:45
Peshin
12:26
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:20
Bismillah
21 Dekabr, 2024, 20 Jumadul soni, 1446

Islom tarixi: ALIY IBN ABU TOLIB ROZIYaLLOHU ANHU. HULOSA. ROShID HALIFALAR DAVRI HAQIDA MULOHAZALAR.

27.04.2021   6641   37 min.
Islom tarixi: ALIY IBN ABU TOLIB ROZIYaLLOHU ANHU.  HULOSA.  ROShID HALIFALAR DAVRI HAQIDA MULOHAZALAR.

 

TO'RTINChI FASL

ALIY IBN ABU TOLIB ROZIYaLLOHU ANHU

(xalifalik davri: hijriy 35 yil zulhijja oyidan 40 yil 21 Ramazongacha; milodiy 656-661 yillar)

Hazrati Aliyning hayotlari va Islomga kirishlari

Nasablari: Aliy ibn Abu Tolib ibn Abdulmuttalib ibn Hoshim ibn Abdumanof ibn Qusay.

U kishining onalari: Fotima bint Asad ibn Hoshim ibn Abdumanof ibn Qusay roziyallohu anho.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu tavallud topgan yillari Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'ttiz yoshga kirgan edilar.

U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilarining o'g'illari, qizlari Fotimaning umr yo'ldoshlari va jannat bashorati berilgan o'n kishining biri edilar. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu yoshliklarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida tarbiya topdilar. O'n yoshlaryda musulmon bo'ldilar. U kishi yosh bolalardan birinchi Islomga kirgan zotdirlar. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Islom ta'limotlari asosida o'sib-ulg'aydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hijratlari davrida o'limdan qo'rqmasdan, u zot sollallohu alayhi vasallamning o'rinlariga kirib, to'shaklarida yotdilar. Shu bilan birga, u kishi Islomda birinchi fidoyi inson sifatida, Alloh yo'lida o'zini fido qilishga tayyor shaxs sifatida tanildilar.

Vaqt etib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo'lgan omonatlarni olib, hammasini egalariga topshirib, keyin Madinai munavvaraga hijrat qildilar.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu barcha janglarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga qatnashgan eng katta qahramonlardan biri edilar. U kishining shijoatlari zarbulmasal bo'lib ketgan.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu fasohatda nihoyatda yuqori nuqtada, ilmda etuk olim edilar.

Hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqida juda ko'p hadislar kelgan.

Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning davrlarida u kishi bilan birga bo'ldilar. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu u kishidan rozi holda vafot etdilar.

Hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrida hazrati Aliy roziyallohu anhu har doim u kishi bilan birga bo'ldilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu har bir ishda u kishi bilan maslahatlashar edilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu pichoqlanganlaridan keyin o'zlari aytgan olti kishilik maslahat kengashining ichida hazrati Aliy roziyallohu anhu ham bor edilar. Ular Umar roziyallohu anhudan keyin musulmonlarga kim xalifa bo'lishini xal qilishlari kerak edi. Shunda hazrati Usmon roziyallohu anhu xalifa etib saylandilar. Hazrati Aliy roziyallohu anhu esa u kishining yonlarida davlat ishlarini yuritishda yordamchi bo'ldilar. Hazrati Usmon roziyallohu anhu qamal qilinganlarida hazrati Aliy roziyallohu anhuning o'g'illari u kishining mudofaachilaridan bo'lishdi.

Halifaliklari

Hazrati Usmon roziyallohu anhu o'ldirilganlaridan keyin musulmonlar hazrati Aliy roziyallohu anhuni o'zlariga rahbar qilib sayladilar. U kishi buni rad etdilar, lekin sahobalar mahkam turib olishdi. Ular o'zlari kirib qolgan boshi berk ko'chadan chiqishlari uchun Aliy roziyallohu anhuning rahbarligi zarurligini yaxshi bilishar edi. Madinai munavvaradagi ahvol juda ham og'irlashgan, yo'ldan ozganlar ushbu shaharga ega chiqib olishgan edi.

Hazrati Aliy roziyallohu anhu o'zlari qiziqmasalar ham, xalifalikni qabul qilib oldilar.

Imom Tabariy Muhammad ibn Hanafiyyadan rivoyat qiladilar: «Usmon roziyallohu anhu o'ldirilganida, otam bilan birga uyda edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari kelib, hazrati Aliy roziyallohu anhuga: «Bu kishi (ya'ni Usmon roziyallohu anhu) o'ldirildi. Odamlarga imom (rahbar) lozim. Bugungi kunda bu ishga sizdan ko'ra haqli odam yo'q. Sizdan avval Islomga kirgan ham, sizdan ko'ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin ham yo'q», dedilar.

Hazrati Aliy: «Unday qilmanglar. Men uchun vazir bo'lganim amir bo'lganimdan yaxshidir», dedi.

Odamlar: «Allohga qasamki, sizga bay'at qilmasdan qo'ymaymiz», deyishdi.

Hazrati Aliy: «Unday bo'lsa, masjidda. Menga bay'at maxfiy bo'lmasligi, faqat musulmonlarning roziligi bilan bo'lishi kerak», dedi. U kishi masjidga kirganida muhojirlar kirib bay'at qilishdi. So'ng boshqalar bay'at qilishdi».

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuta xalifa sifatida hijriy 35 yil 25 zulhijja, juma kuni bay'at qilindi. Bu vaqtda Islom olamida fitna dengiz to'lqinidek mavj urib turar edi.

Hazrati Aliy roziyallohu anhuning siyosatlari

Hazrati Aliy roziyallohu anhu juda ham qat'iyat va jazm bilan ish tutadigan, salobatli va haq yo'lda shiddatli zot edilar. U kishi o'zlariga bay'at qilinganidan keyin darhol ikkita farmon chiqardilar. Bu farmonlarning ikkovi ham juda qat'iyat bilan chiqarilgan farmonlar edi:

- Hazrati Usmon roziyallohu anhu qo'ygan ayrim voliylarni ishdan olish. Ularning ko'pchiligi Banu Umayyadan edilar.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu quyidagi voliylarni tayin qildilar:

Usmon ibn Hunayfni Basraga;

Umora ibn Shihobni Kufaga;

Ubaydulloh ibn Mas'udni Yamanga;

Qays ibn Sa'd ibn Ubodani Misrga;

Sahl ibn Hunayfni Shomga...

Tayin qilingan mazkur voliylarning ishlari turlicha bo'lib chiqdi. Bundan ixtilof kuchayib borayotgani ko'rinardi.

- Ikkinchi farmon hazrati Usmon roziyallohu anhu o'z yaqinlariga Baytulmoldan bergan sovg'alar va suyurg'ollarni qaytarib olish haqida edi.

U zotning bu tasarruflaridan so'ng Banu Umayya qabilasi a'zolari u kishiga qarshi bosh ko'tarib, bay'at qilmaslikka o'tishdi. Bu ishning boshida Shomning voliysi Muoviya ibn Abu Sufyon turar edi.

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu hazrati Umar roziyallohu anhuning davridan buyon Shomning voliysi bo'lib kelar edi. U kishi o'z ishini a'lo darajada bajarar, o'z aholisi ichida juda katta obro'ga ega edi. Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuga hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o'ldirilganlari va hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning xalifa bo'lganlari haqidagi xabar etganda, u kishi yangi xalifaga bay'at qilmadi. Buning bir necha sababi bor edi.

  1. Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o'limlarida hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning ham ayblari bor deb tushunar edi.
  2. U kishi Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning lashkari ichida fitnachilarning borligini ham ayb hisoblar edi.

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu bu ishlarni bir yoqlik qilib, orani ochib olmay turib toatni vojib qiluvchi bay'at qilishga qo'l urmadi.

Boshqa Islom yurtlarining barcha aholisi hazrati Aliy roziyallohu anhuga bay'at qildilar va u erlarda ish o'z maromida ketdi.

Basradagi tuya jangi

(hijriy 36; milodiy 656)

Muoviya ibn Abu Sufyon Shomning voliysi o'laroq hazrati Aliy roziyallohu anhuga bay'at qilmadi. U kishi hazrati Usmon roziyallohu anhuning o'chi olinishini talab qilar edi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu esa vaziyat barqaror bo'lmagani uchun hazrati Usmon roziyallohu anhuning o'chini olishni orqaga surgan edilar. Shunday qilib Shom viloyati hazrati Aliy roziyallohu anhuga itoat qilmaslikni ma'qul ko'rdi va Muoviya roziyallohu anhu u erda mustaqil bo'lib oldi.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Shomga borib, tushunmovchilikni o'z o'rnida hal qilishga tayyorgarlik ko'rib turganlarida kutilmagan boshqa xabar kelib qoldi. Unda aytilishicha, Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh va Oisha onamiz roziyallohu anhum boshliq ko'pchilik makkaliklar Basraga qarab ketishayotgan edi.

Bu xabar hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni avvalgisidan ham qattiqroq tashvishga soldi. U kishi Shomni qo'yib, ushbu guruhga haqiqatni tushuntirish lozimligini anglab etdilar va ular tomon yurishga qaror qildilar.

Oisha onamiz roziyallohu anho Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh va bir jamoa sahobalar bilan Makkadan Basraga borib, hazrati Usmon roziyallohu anhuni o'ldirishda ishtirok etganlarni qatl qildirdilar. Boshqa shaharlarga ham xuddi shunday qilishlari haqida maktub yubordilar. Shunda hazrati Aliy roziyallohu anhu Shomga yurishni to'xtatib, Basra tomon yurishga majbur bo'ldilar. Oisha onamizga va u kishi bilan bo'lganlarga qilayotgan ishlarining oqibati yaxshi bo'lmasligini bayon qilib odam yubordilar, shoshilish yaxshi emasligini aytdilar. Ular hazrati Aliy roziyallohu anhuning so'zidan qanoat hosil qildilar va sulh tuzish niyatida u kishining lashkargohi tomon yurdilar.

Sulh haqidagi xabarni eshitgan fitnachilar talvasaga tushib qolishdi. Ular sulh tuzilishi o'zlarining adolatli jazoga tortilishlarini yaqinlashtirishini yaxshi bilishardi.

Fitnachilarning boshliqlari zudlik bilan to'planishdi. Ularning ichida Ashtar Naxa'iy, Shurayh ibn Avfo, Solim ibn Sa'laba, G'ulom ibn Haysam va boshqalar bor edi. Albatta, yahudiy fitnaboshi Abdulloh ibn Saba' ularga bosh-qosh edi. Ularning ichida sahobalardan biror kishi yo'qligi alohida diqqatga sazovor edi. Bu fitnaning tabiatini va qayerdan, kimdan kelib chiqqanini ko'rsatardi.

Fitnachilar nima qilib bo'lsa ham tun qorong'isida orada urush qo'zg'ashga kelishib olishgan edi. Tong otmay turib, adadlari ikki ming atrofida bo'lgan fitnachilar sulh tuzish orzusida uxlab yotgan kishilar ustiga birdan hujum boshlashdi.

Ikki taraf jang qildi. Aliy roziyallohu anhu urushni to'xtatishning imkonini topolmadilar. U kishini og'ir yuk bosdi.

Jang juda ham qizib ketdi. Bu asosan Oisha onamiz roziyallohu anhoning havdajlari yuklangan tuyaning atrofida bo'ldi. Shuning uchun bu jang «Tuya jangi» degan nomni oldi. Jangda Basra lashkari mag'lub bo'ldi. Aliy roziyallohu anhu Oisha roziyallohu anhoning hurmatlarini joyiga qo'yib, Makkaga qaytarib yubordilar. Bu musulmonlarning birinchi marta ikkiga bo'linib qilgan janglari edi.

Jangda musulmonlardan juda ko'p odamlar vafot etdi. Shundan so'ng Basrada hazrati Aliy roziyallohu anhuga bay'at qilindi.

Hazrati Aliy roziyallohu anhu Shom tomonga yurishni davom ettirdilar.

Shomning sharqiy tarafidagi Siffin jangi

(hijriy 37; milodiy 657)

Siffin jangi hazrati Aliy roziyallohu anhu bilan Muoviya roziyallohu anhu o'rtasida bo'ldi. Bu ikki sahoba orasidagi elchilarning borib-kelishlari natija bermadi. Ikki tarafning lashkari Furot daryosi bo'yidagi Siffin pasttekisligida to'qnashdi. Orada jang boshlandi. Ikki tarafdan ham juda ko'p odamlar o'ldirildi. Hazrati Aliy roziyallohu anhuning lashkarlari g'alabaga erishishiga ozgina qolganda, Shom ahllari nayzalarning uchiga mushaflarni bog'lab, baland ko'tardilar. Ular Alloh taoloning Kitobini hakam qilishni talab etdilar. Buni Muoviya lashkarining qo'mondoni Amr ibn Os roziyallohu anhu o'ylab topgan edi. Bu bilan u urushni to'xtatishni xohlagan edi. Shunday bo'ldi ham. Urush to'xtadi. Ikki taraf hakamlari uchrashdilar, lekin kelishuvga erishilmadi. Hakamlik shartnomasi yozildi. Lashkarlar kelgan joylariga qaytdilar.

Naxravon jangi

Horijiylar (hijriy 38; milodiy 658)

Hazrati Aliy roziyallohu anhuning askarlari ichidan keyinchalik xorijiylar (xavorij) deb nomlangan alohida guruh ajralib chiqdi. Aslida «xorijiy» so'zi «xuruj», ya'ni «qarshi chiqish» so'zidan olingan bo'lib, ular hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanlari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular Aliy hakamlikni (Allohning hukmi o'rniga bandaning hakamligini) qabul qilgani uchun u zotni kofir bo'ldi deb fatvo chiqarishdi. Ularga hazrati Aliyning hakamlikni qabul qilganlari yoqmagan edi. Aslida hazrati Aliy roziyallohu anhuni hakamlikni qabul qilishga xorijiylarning o'zlari majburlashgan edi. Endi esa Muoviyaga qarshi urushga qaytishni talab qila boshlashdi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu ularning talabini qabul qilmadilar.

Hazrati Aliy roziyallohu anhu hakamlik ishlarida xiyonat bo'lganini e'lon qilib, katta lashkar bilan Shom tomon yurdilar. Ammo u kishi yo'lda ketayotganlarida, orqadan xunuk va o'ta tashvishli xabar keldi. Horijiylar paytni g'animat bilib, er yuzidagi eng katta fasod ishlarga qo'l urishgandi. Ular Alloh harom qilgan ishlarni o'zlari uchun halol hisoblab, musulmonlarning qonlarini nohaq to'kish, yo'lto'sarlik qilishga qo'l urishayotgan edi. Ular o'ldirgan kishilar ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Abdulloh ibn Habbob ibn Arat roziyallohu anhumo va u kishining homilador ayoli ham bor edi.

Hazrati Aliy roziyallohu anhu ortga qaytishga majbur bo'ldilar. Borib ularga va'z-nasihat qildilar va ogohlantirdilar. Ammo xorijiylarga bu narsalar ta'sir qilmadi. Ular sulhni istamay, bir-birlarini jangga hozirlik ko'rishga targ'ib qila boshlashdi.

Horijiylar birinchi bo'lib urush boshlashdi. Urushda ularning deyarli barchalari qirilib bitdi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning odamlaridan etti kishi shahid bo'ldi, xolos.

Horijiylardan juda kamchilik odam qutulib qoldi. Ushbu jangning natijalari juda ham xatarli bo'ldi. O'lmay qolgan oz sonli xorijiylar har tarafga tarqalib ketishdi: ulardan ikkitasi Umonga, ikkitasi Kirmonga, ikkitasi Sijistonga, ikkitasi Arabiston yarimoroliga va bittasi Yamanga qochib ketdi. Ular borgan joylarida o'z jamoalarini tuza boshlashdi.

Misrdagi qo'zg'alon

Yuqorida bo'lib o'tgan ishlar Shom ahliga shijoat bag'ishladi. Ular bay'at qilmaslikda yana ham bardavom bo'ldilar va o'z ishlarini kengaytirdilar. Amr ibn Os roziyallohu anhu Misr tomon yurdi va u erni egallab oldi. Hijriy 38 (milodiy 658) yildan boshlab o'sha erda o'z hukmini o'rnatdi. Shu tariqa Muoviyaning hukmronligi kengaya boshladi. Muoviya ibn Abu Sufyon Madinai munavvarani, Makkani, Yamanni ham egallab oldi. Lekin hazrati Aliy roziyallohu anhuning askarlari u joylarni qaytarib olishdi. Shu orada hazrati Aliy roziyallohu anhu o'ldirildilar.

Hazrati Aliy roziyallohu anhuning o'ldirilishlari

Hazrati Aliy roziyallohu anhu bomdod namoziga chiqayotganlarida, xorijiylardan bo'lgan Abdurrahmon ibn Muljam Murodiy degan odam u kishini zaharlangan qilich bilan jarohatladi. Bu mudhish hodisa hijriy 40 yil Ramazon oyining o'n sakkizinchi kunida (milodiy 660 yilda) sodir bo'ldi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu uch kundan keyin vafot etdilar. U zotning xalifaliklari to'rt yilu to'qqiz oy davom etdi.

Hasan ibn Aliyga bay'at qilinishi

Hazrati Aliy roziyallohu anhu o'ldirilganlaridan keyin odamlar u kishining o'g'illari imom Hasanga bay'at qilishdi. U kishi 6 oy davomida xalifalik qildilar. Ana shu olti oy mobaynida imom Hasan roziyallohu anhu o'z ashoblarining notavonliklarini, ummatni birlashtirish zarurligini sezdilar va sulhni afzal ko'rdilar. Halifalikdan voz kechib, Muoviyaga «Siz xalifa bo'lavering» degan ma'noda gap aytdilar. Bu voqea hijriy 40 yil rabi'ul avval oyida (milodiy 661 yilda) bo'lib o'tdi. Islom ummati bir xalifa rahbarligi ostida qayta birlashgan ushbu yil «Jamoat yili» degan nomni oldi.

Hazrati Aliy roziyallohu anhuning o'ldirilishlari bilan roshid xalifalik ham barham topgan, endi Alloh taoloning yo'lida to'liq yurish ham nihoyasiga etgan edi.

Mana shu erdan asta-sekin noto'g'ri holatga burilish boshlandi.

Roshid xalifalar davridagi eng muhim hodisalar:

  • hijriy 11 yilda hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar.
  • hijriy 12 yilda Ridda urushlari bo'ldi.
  • hijriy 13 yilda Yarmuk jangi bo'ldi.
  • jumodul oxir oyida hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu vafot etdilar.
  • hijriy 14 yilda Damashq fath bo'ldi.
  • hijriy 15 yilda Qodisiya jangi bo'ldi.
  • hijriy 16-19 yillarda Fors erlari fath qilindi.
  • hijriy 20 yilda Misr fath qilindi.
  • hijriy 21 yilda Nahovand jangi bo'ldi.
  • hijriy 22-23 yillarda Huroson fath qilindi.
  • zulhijja oyida Umar ibn Hattob roziyallohu anhu shahid bo'ldilar.
  • hazrati Usmon roziyallohu anhu xalifa bo'ldilar.
  • hijriy 27 yilda Taroblus fath qilindi.
  • hijriy 28 yilda Kipr fath qilindi.
  • hijriy 31 yilda Zotus-savoriy jangi bo'lib o'tdi.
  • hijriy 32 yilda Huroson qayta fath qilindi.
  • hijriy 36 yil zulhijja oyida hazrati Usmon roziyallohu anhu shaxid bo'ldilar.
  • hazrati Aliy ibn Abu Tolib xalifa bo'ldilar.
  • tuya jangi bo'ldi.
  • hijriy 37 yilda Siffin jangi bo'lib, hakamlik ishga tushdi.
  • hijriy 38 yilda Nahravon jangi bo'ldi.
  • hijriy 40 yil Ramazon oyida Aliy roziyallohu anhu shahid bo'ldilar.
  • Shu bilan roshid xalifalik davri nihoyasiga etdi.

 

HULOSA

Hech shubha yo'qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o'limlariga sabab bo'lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o'limlarigacha bo'lgan davrda bo'lib o'tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko'rilmagan musibat bo'ldi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o'rtasida bo'linish yuz berdi. Usha paytgacha bir tanu bir jon bo'lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo'ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo'linib ixtilof qildilar. Huddi o'sha mash'um hodisalar tufayli boshlangan bu bo'linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog'lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy'a, rofiza, xavorij va shunga o'xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.

Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba'zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo'lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga etdi.

Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo'ygan ba'zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o'zlariga muxolif bo'lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o'ziga yarasha javob bo'ldi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o'zi uchun halol bilish va bir-birini o'ldirishni ravo ko'rish boshlandi.

Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o'zlariga halol hisoblab, u kishini o'ldirib, modlarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodiyeasi»da, Siffinda bir necha o'n minglab kishi halok bo'ldi. Horijiylar bilan bo'lgan alohida hodisalarni qo'shadigan bo'lsak, bu hisob yana ham ortadi.

Bir tanu bir jon bo'lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig'inishidan Allohning ibodatiga, noto'g'ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o'ta boshladi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, etakchi kuchi bo'lmish sahobai kiromlarning ko'pchiligi nobud bo'ldilar. Ularning ma'naviy kuchlariga futur etdi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og'ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma'qul.

Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og'iz so'z.

Bu hodisalar bo'lib turgan vaqtlarning o'zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o'zini haq, o'zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo'lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo'lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo'lib o'tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo'lib o'tgandan keyin turli sabablarga ko'ra ularni baholash, «Kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi?» kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o'sha to'palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og'iz ran va so'zdan o'z fikrini qo'llashga, o'zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o'zidan qo'shib yuborishlar bo'lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.

Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o'zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o'zida bo'lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da'vo qilganidek, o'zida bo'lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag'daradi. Mana shu jarayonda nima bo'lsa bo'ladi.

Islom ummati yolg'on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o'z qilmishlarini xaspo'shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg'on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg'onlarni ham tarqatishgan edi.

Fitnachilar mazkur mash'um hodisalar o'tib ketganidan keyin ham o'z tarafini olib, o'zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o'z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta'vil qilganlari etmagandek, yolg'onlar to'qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha etib borishdi. Ammo mas'ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo'g'ib tashlash yo'liga o'tdilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o'tmadi.

Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e'tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e'tiqod masalalari bo'yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o'y bor edi. Usha paytlarda bo'lib o'tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to'plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o'zaro kurash olib borgan toifalarga qo'l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o'z manfaatlari yo'lida foydalanish bilan birga, etmay qolgan joylariga o'zlaridan qo'shib yuborishdi.

Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o'ziga yarasha javob berishdi. Har kim o'zi ergashgan shaxsni ulug'lashga o'tdi.

Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o'xshash gap-so'zlar ko'p uchraydi. Ba'zi g'uluvga ketgan toifalar u zotni iloxdik darajasigacha ko'targan bo'lishsa, xorijiylarga o'xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.

Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko'rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo'yishgan. Bu masalalarga bag'ishlangan majlislar, janjallar bo'ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o'qildi. Nima bo'lsa bo'ldi, lekin ixtilof ko'payib boraverdi.

Nihoyat musulmonlar jumhuri – Ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo' ila eng adolatli va so'nggi nuqtani qo'ydi: orada bo'lib o'tgan ko'ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo'lganlar. Ular haqida boshqacha ran bo'lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar etarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo'lgan saxih hadislardir. Hususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajaqda bo'ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo'la oladi.

Orada bo'lib o'tgan ko'ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba' boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo'ynida. Ular haqida boshqa gap bo'lishi mumkin emas.

Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo'yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u erda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo'lgani va boshqa shunga o'xshash omillar fitnachilarning o'z fikr-mulohazalarini avom xalqqa etkazishlariga katta imkon berar edi.

Orada bo'lib o'tgan ko'ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo'shilmagan, balki u zotga talab qo'yib, talabi bajarilgandagina bay'at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma'lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Hato ta'vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo'lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko'riladi.

Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g'oyatda talabchan bo'lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e'tiqod qilishi lozim bo'lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo'yganlar. Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo'lmish «Aqiydatut-Tahoviya»da quyidagilar aytiladi:

«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o'tgan birodarlarimizni mag'firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g'ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen shafqatlisan, rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).

Alloh taolo bizning qo'llarimizni o'z vaqtida bo'lib o'tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so'raymiz».

 

ROShID HALIFALAR DAVRI HAQIDA MULOHAZALAR

Roshid xalifalar – Abu Bakr Siddiq, Umar Foruq, Usmon Zunnurayn va Aliy Murtazo roziyallohu anhumning davrlarida Islom tamadduni o'zining eng yuqori cho'qqisiga chiqdi. Ko'pchilik bu qatorga imom Hasan roziyallohu anhuning olti oylik xalifalik davrlarini ham qo'shadilar. Boshqacha qilib aytganda, hijriy 40 yilda musulmonlar tamadduni o'zining eng oliy nuqtasini zabt etgan. Ushbu gapni deyarli barcha musulmon ulamolar tasdiqlaydilar.

Shayx Abul Hasan Nadaviy rahmatullohi alayh roshid xalifalar davri haqida quyidagilarni yozadi:

«Islom jamiyatiga – va bilvosita olamga – yo'lboshchilik qilish iymon, e'tiqod, amal, axloq, tarbiya, tartib, nafs pokligi, hayot tarzining yuksakligi, komillik va mo''tadillik jihatidan har birlari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yuksak «mo''jiza»lari bo'lgan shaxslarning qo'llarida turgan edi. Ularni Nabiy sollallohu alayhi vasallam shakllantirgan va Islomning qolipiga solib qo'ygan edilar. Shuning uchun ham ularning jismlari, ko'ngil istaklari, harakatlari, rag'batlari va hoyu havaslari mutlaqo o'zlarinikiga o'xshamaydigan bo'lib qolgandi. Agar birorta odam diqqat bilan nazar solganida ham, ularning siyratlari va axloqlari orasida Islomning ruhiyatiga hamda islomiy hayotga zid keladigan hech bir kamchilikni ko'rmagan bo'lar edi. Farazan, Islom bashar timsolida namoyon bo'lganida, ularning birortalari kabi bo'lishdan nariga o'tmagan bo'lardi. Ular yuqorida aytib o'tganimizdek, din va dunyoning hamda u ikkisining o'rtasini jamlashning mukammal timsollari va etuk namunalari edilar. Shu sababli ular odamlar bilan namoz o'qiydigan imomlar, ularning muammolarini echib beradigan, ularning o'rtalarida adolat va ilm bilan hukm chiqaradigan qozilar, musulmonlarning mollari va xazinalari uchun ishonchli kishilar, mamlakatning ishlarini nazorat qiladigan va Allohning hadlarini qoim qiladigan shaxslar bo'lganlar. Ularning birlari bir paytning o'zida taqvodor zohid va qahramon jangchi, tushunchasi o'tkir qozi, mujtahid faqih, tadbirkor amir, usta siyosatdon edi. Bitta shaxsda ham dinu diyonat, ham siyosat o'z ifodasini topar edi. U ham bo'lsa xalifa va mo'shshlarning amiri bo'lib, uning atrofida, agar ta'bir joiz bo'lsa, ana shu maktab – Payg'ambar maktabining yoki Masjidi Nabiyning bitiruvchilari bor edi. Ular bir tanu bir jon, bitta tarbiyani olgan odamlar bo'lib, xalifa ularning fikrlari bilan hisoblashar, ular bilan maslahatlashar, muhim sanalgan hech bir ishni ularning ishtirokisiz hal qilmas edi. Hatto ulardagi ruhiyat madaniyatga, hukumatdagi tuzumga, odamlarning hayoti, jamiyati va axloqlariga singib ketgan edi. Shuning uchun ruh bilan modda o'rtasida adovat, din bilan siyosat o'rtasida kurash, din bilan dunyo o'rtasida tafovut, printsiplar bilan manfaatlar o'rtasida tortishuv, g'arazlar bilan axloqlar orasida chiqishmovchilik, tabaqalar orasida o'zaro qirg'inbarotlar va shahvatlar yo'lida musobaqalashishlar yo'q edi».

Shuning uchun ham ular «Roshid xalifalar» – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to'g'ri yo'ldagi o'rinbosarlari deb nomlanganlar. Ularning har birlari er yuzida ikki oyog'i bilan yuradigan Qur'on bo'lganlar. Ularning har birlari musulmon ummatiga jonli ibrat edilar. Roshid xalifalarning asosiy qilgan ishlari – ixlos bilan inso-niyatning insoniyligini ro'yobga chiqarish bo'lgan. Ularda insoniyatga etakchilik qilish shartlari mujassam bo'lgan.

Roshid xalifalar davridagi taraqqiyotning bosh omillari ro'yxati quyidagicha:

- Iymonda sodiqlik.

  • Qur'oni Karim va Sunnati mutohharani jiddiyat bilan tutish va ularga ixlos bilan amal qilish.
  • Alloh taoloning yo'lida sodiqlik va ixlos bilan harakat qilish.
  • Ummat ma'nosini haqiqiy suratda yuzaga chiqarish.
  • Rabboniy adolatni voqelikda tatbiq qilish.
    - «Laa ilaaha illalloh» aqiydasiga, Islom axloqiga amal qilish.
  • Axdnomalarga amal qilish.
  • Islomiy ilmiy harakat.
  • Islomiy tamaddun harakati.

Insoniyat tarixida hech bir tamaddun Islom tamadduni kabi tez rivojlanmagan. Hech bir tamaddun atigi qirq yil ichida butun insoniyatni taajjubga soladigan darajada yutuqlarga erishmagan. Misol uchun, dunyodagi eng mashhur tamaddun hisoblangan Rum va Fors tamaddunini olib ko'raylik. Ularning rivojlanish tarixi, mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, ikki ming yil davom etgan. Oradagi farqning sababi – Islom tamadduni Holiq taoloning ta'limotlariga, mazkur ikki tamaddun esa maxluqning (bandalarning, ojiz insonning) harakatlariga asoslanganidir.

Holiq taoloning ta'limotiga asoslangan Islom tamadduni qirq yil to'xtovsiz rivojlanib, so'ng rivojlanishdan to'xtagan bo'lsa ham, u hozirgacha davom etib kelmoqtsa. Maxluqning harakatiga asoslangan Rum va Fors tamaddunlari esa ikki ming yil atrofida rivojlangan bo'lsa ham, zavol etganda ozgina muddatda tugab, tarix sahifasiga aylandi.

Islom ummatida tamaddun cho'qqisiga tarixda misli ko'rilmagan oz muddatda – qirq yilda chiqilgan bo'lsa ham, pasayish holati sezilar-sezilmas tarzda boshlandi.

 

Birinchi kitob bitdi (ajdodlarini biladigan va merosini qadrlaydigan ummat bo'lishimizni O'zi ta'minlasin...)

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishning zararlari

20.12.2024   7504   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati