Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2025   |   2 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:42
Peshin
12:30
Asr
17:10
Shom
19:11
Xufton
20:29
Bismillah
25 Avgust, 2025, 2 Rabi`ul avval, 1447

RO'ZADOR ZONT YuTIShI MUMKINMI?

22.04.2021   2347   2 min.
RO'ZADOR ZONT YuTIShI MUMKINMI?

— Oshqozon kasalligi bilan bemor bo'lgan kishiga maxsus moslama – zont yuttirish orqali tashxis qo'yiladi. Bunda zont yutayotgan bemor ro'zador bo'lsa uning ro'zasi buziladimi?

— Bismillahir Rohmanir Rohim. Oshqozon tekshiruv moslamasi (zont) deganda – og'iz orqali yutilib, bir uchi tashqarida qolib, ikkinchi uchi oshqozonga etib boradigan tibbiy qurilma tushuniladi. Ushbu moslamadan asosan oshqozonni tasvirga olish va undagi kasallikka tashxis qo'yish uchun foydalaniladi. Tashxis amaliyoti tugaganidan so'ng mazkur moslama og'iz orqali qayta chiqarib olinadi.

Bemor ro'zador holida oshqozon tekshiruv moslamasi (zont)ni quruq holida yutsa, unga yog' yoki biror dori vositasi surtilmagan bo'lsa – bu uning ro'zasini buzmaydi. Chunki hanafiy mazhabining umumiy qoidasiga ko'ra qorin qismi(javf)ga kirgan narsa u erda o'rnashib qolsagina ro'zani buzadi. Bu haqda Imom Kosoniy bunday deydilar: “Ichkariga kirgan narsaning o'sha erda o'rnashib qolishi ro'za buzilishining shartidir” (“Badoyi'us Sanoyi'”).

Fiqhiy manbalarimizda ushbu qoidaga quyidagi holatni misol qilib keltirilgan: “Agar biror taomga ip bog'lab halqumidan o'tkazsa (ya'ni yutsa), ipning boshqa tarafi qo'lida qolsa, ro'za ochilmaydi. Ip uzilib ketsa ro'za ochiladi” (“Bahrur-roiq”).

Demak, oshqozon tekshiruv moslamasining bir uchi tashqarida qolib, to'liq ichkariga kirmagani hamda oshqozonda o'rnashmagani sababli ro'zani ochmaydi.

Shu o'rinda ta'kidlab o'tish lozimki, yuqorida aytib o'tilganidek zont yutish jarayonida unga yog' yoki dori surtilmagan, quruq holatda bo'lishi lozim. Aks holda ro'za ochiladi. Voqelikda esa yog' surtilmagan holda zont yutish bemor uchun katta mashaqqat tug'diradi. Ba'zan moslama uchidagi tasvirga olish qurilmasini oshqozonga suv yuborish orqali tozalab turish zarurati paydo bo'ladi. Suvning ichkariga kirishi bilan shubhasiz ro'za buziladi.

Zont orqali oshqozonni tekshirish asnosida yuqoridagi kabi noqulayliklar kelib chiqadigan bo'lsa, bemor shariatning umumiy ruxsatidan foydalanib, o'sha kungi ro'zani Ramazondan keyin bir kun tutib berishi mumkin.

 

Muhammad Ayyub HOMIDOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hamdardlik bildiramiz

16.08.2025   14054   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahridagi "To‘ra Buva" jome masjidi imom-xatibi Umidjon domla Sodiqovning otalari Anvar hoji otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.

Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.

Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Umidjon domla Sodiqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».

O‘zbekiston musulmonlari idorasi