Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

Dunyodagi eng yirik masjidlar (birinchi qism)

15.04.2021   2484   4 min.
Dunyodagi eng yirik masjidlar (birinchi qism)

Jahon ommaviy axborot vositalarida

facebook.com › posts.  Musulmon olamida masjidlarning o'rni beqiyos. Ular nafaqat ibodat, balki ma'rifat, saxovat, axborot almashinuvi markazlari hamdir. E'tiboringizga dunyodagi eng yirik masjidlar ettiligini keltirib o'tamiz.

Masjid ul-harom. Makka, Saudiya Arabistoni

Eng ulkan, barcha musulmonlar talpinuvchi mo''tabar masjid. Umumiy sahni 400 ming kv. metr bo'lib, 1,1 million namozxonni sig'dira oladi. Bu ko'rsatkich haj mavsumida 4 million nafarga qadar ortadi. Ka'ba eshigi 280 kilogrammlik sof oltindan yasalgan. Har birining balandligi 90 metrdan ortiq to'qqizta minorasi, to'rtta bosh darvozasi, qirq bitta eshigi bor.

Qur'oni Karimda «Masjidul harom» iborasi bir necha xil ma'noni anglatadi, gohida «haram» ma'nosida keladi. Makkai Mukarrama shahri atrofida belgilangan maxsus chegara bilan o'ralgan, shahar va uning atrofidagi muayyan joylarni o'z ichiga olgan mintaqadir. Bu hudud, Payg'ambarimizdan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, Alloh taolo osmonlar-u erni yaratgan kunida harom qilingan. U Allohning hurmati ila qiyomat kunigacha haromdir: daraxti kesilmaydi, o'simligi yulinmaydi, hayvonlari ovlanmaydi va bu erda urush qilib bo'lmaydi. Ichida va atrofida yomonliklar, shariatda ko'rsatilgan bir qancha ishlarni qilish harom bo'lgan masjiddir. Markaziy Osiyoda, xususan O'zbekistonda ham bir qator yirik masjidlar joylashgan. Jumladan, 2018 yil Qirg'iziston poytaxti Bishkek shahrida Turkiya bilan hamkorlikda qurib bitkazilgan masjid bir vaqtda 20 ming namozxonni sig'dira oladi. Ostonadagi «Hazrat Sulton» masjidi esa 11 gektar hududda joylashgan bo'lib, umumiy maydoni 17 ming kvadrat metrdan ortiq, sig'imi 5 ming kishi.

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida joriy yil ishga tushishi kutilayotgan Markaziy Osiyoning eng yirik masjidi o'z bag'riga 120 ming kishini sig'diradi. Qatarlik homiylar ko'magida 2009 yildan buyon qurilayotgan bu masjid bitganidan so'ng dunyo etakchilari safidan joy ola biladi. 

«Hazrati imom» majmuasi O'zbekistondagi eng yirik masjid hisoblanadi, Andijon viloyati Asaka tumanidagi «Holid ibn Valid» masjidi ham yirik masjidlar qatorida turadi.

***

   Nabaviy masjidi (Masjid un-nabiy), Madina, Saudiya Arabistoni

Madinai Munavvaradagi barcha musulmonlar uchun tabarruk masjid – Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) payg'ambarning masjidi. Masjid qurilishida Rasulullohning (s.a.v.) shaxsan o'zlari ishtirok etgan. Majmua ichida Payg'ambar (s.a.v.) hamda Hazrati Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Hattob (roziyallohu anhum) qabrlari joylashgan. Ushbu masjid keyinchalik Hazrati Umar va Usmon (roziyallohu anhum) tomonidan bir necha bor ta'mirlanib, kengaytirib borilgan. 105 metrli ikkita, 75 metrli to'rtta minorasi, o'zi ochib-yopiladigan 27ta tomi, 400dan ortiq ustuni, 6800 qandili bor. Sahni 100 ming kv. metrdan ortiq bo'lib, bir vaqtda 1 milliondan ziyod kishini bag'riga sig'dira oladi.

***

Feysal masjidi. Islomobod, Pokiston

 

Dunyodagi eng katta masjidlar orasida to'rtinchi o'rinda turuvchi Feysal masjidi 90 metr balandlikdagi to'rt minora bilan o'ralgan. Bu inshoot qurilishi 1976 yil boshlanib, 1986 yilda yakunlangan. Masjidning umumiy sahni 5 ming kv. metrni tashkil etadi va 300 mingga yaqin namozxonni sig'dira oladi. Loyihasi an'anaviy masjidlarni eslatmasligi tufayli qurilish jarayonida ko'plab noroziliklar kelib chiqqan. Ko'rinishidan badaviylar o'tovini eslatuvchi majmua to'liq qurib bitkazilgach, mahobati, qulayligi bilan barchaga manzur bo'lgan.

 

 

                                                                            I.Abduxoliqov tayyorladi,O'zA

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Masjid qurish va quduq chiqarishning savobi

04.07.2025   6109   9 min.
Masjid qurish va quduq chiqarishning savobi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا قَدِمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ وَأَمَرَ بِبِنَاءِ الْمَسْجِدِ، قَالَ: يَا بَنِي النَّجَّارِ، ثَامِنُونِي بِحَائِطِكُمْ هَذَا، قَالُوا: لَا وَاللهِ، لَا نَطْلُبُ ثَمَنَهُ إِلَّا إِلَى اللهِ تَعَالَى، أَيْ فَأَخَذَهُ فَبَنَاهُ مَسْجِداً. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasulalloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida:

«Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar.

«Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi.

Bas, u zot uni olib, masjid qurdilar».

Uchovlari rivoyat qilganlar.

Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasining o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganliklari haqida so‘z bormoqda.

Bani najjorliklarning bu himmatlari keyin ham barcha zamonlar va makonlarning muxlis musulmonlari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Masjid uchun hech narsasini ayamaslik yaxshi odat bo‘lib qolgan. Faqat musulmonligini emas, balki odamiyligini ham unutganlargina boshqacha tasarruf qilishi mumkin.

عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَفَرَ بِئْرَ رُومَةَ فَلَهُ الْجَنَّةُ، فَحَفَرْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim Ruma qudug‘ini kovlasa, unga jannat bo‘lur», deganlarida uni men kovladim».

Buxoriy, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.

Boshqa rivoyatlarda:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. «Kim quduqni sotib olib, o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur», dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim», deyilgan.

U Bani g‘iforlik bir kishining bulog‘i edi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar, qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab, o‘z chelaklarida ular bilan bir qatorda suv olib, ichib yurdilar.

عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أُمَّ سَعْدٍ مَاتَتْ، فَأَيُّ الصَّدَقَةِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: الْمَاءُ، فَحَفَرَ بِئْرًا وَقَالَ: هَذِهِ لِأُمِّ سَعْدٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَزَادَ: فَتِلْكَ سِقَايَةُ سَعْدٍ بِالْمَدِينَةِ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.

Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«U kishi roziyallohu anhu:

«Ey Allohning Rasuli, Ummu Sa’d vafot etdi. Qaysi sadaqa afzal?» dedi.

«Suv», dedilar u zot.

Bas, u quduq qazidi va:

«Bu Ummu Sa’dga», dedi».

Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar va:

«Ana o‘sha Sa’dning Madinadagi suvxonasidir»ni ziyoda qilganlar. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.

Ushbu rivoyatdan savobini ma’lum kishiga atab vaqf qilish joizligi kelib chiqmoqda.

O‘sha vaqtda musulmonlar jamoasining ehtiyojiga binoan, shu ish qilingan. Keyinchalik ushbu ma’noda turli vaqflar qilingan. Turar joylar, madrasalar, muhtojlarga maosh bo‘ladigan narsalar vaqf qilingan.

Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.

Dinimizdagi vaqflar tushunchasini hozirgi kundagi xayriya jamiyatlari tushunchasiga o‘xshatish mumkin. Albatta, ikkisi o‘rtasidagi farq juda ham katta. Bu nozik farqlarni ularni sinchiklab o‘rgangan kishilar yaxshi anglab yetishlari mumkin.

A’zolari oliymaqom insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan ummatgina hayotga, taraqqiyotga va dunyoda peshqadam bo‘lishga loyiqdir. Mazkur oliymaqom insoniy fazilatlardan yaxshilik, xayr-ehson va mehru shafqat barq urib turadi hamda ulardan jamiyatdagi barcha tabaqalar bahramand bo‘ladilar.

Musulmonlar xuddi ana shu oliymaqom fazilatlar bilan butun dunyoga yaxshilik urug‘ini sochgan jamoa a’zolaridir. Ular Qur’oni Karim va Payg‘ambarlari Muhammad alayhissalomning hadislarida kelgan butun mavjudotga yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarga amal qilgan holda yaxshilik, xayr-ehson va mehr-shafqat ulashib kelganlar.

Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan.

Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskinlar, faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar.

Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Mu’oz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib, katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor bo‘lgan barcha sahoblar vaqflar qilganlar.

Bu haqda ulkan sahobiy Jobir ibn Abdulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhojir bo‘lsin, ansoriy bo‘lsin, qudrati yetgan sahobalaridan biror kishining sotilmaslik, merosga qolmaslik va hadya qilinmaslik sharti ila o‘z molidan vaqf qilmaganini bilmayman», deydilar.

Keyin kelgan musulmonlar ham bu xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar. Ular hisobsiz bog‘u rog‘larni, yerlarni, hovli-joylarni va boshqa turli-tuman mulklarni vaqf qildilar. Buning oqibatida hamma taraflarga xayriya muassasalari tarqaldi.

Mazkur vaqflar ikki xil bo‘lgan:

Birinchisi – davlat tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Ikkinchisi – shaxslar tomonidan tashkil qilingan vaqflar.

Xayriya muassasalarining eng birinchilaridan bo‘lgani masjidlardir. Musulmonlar masjid qurishda qadimdan bir-birlari bilan musobaqa qilib kelganlar.


Shuningdek, madrasalar ham bu borada Islom ummatining alohida e’tiborga sazovor ishlaridan biridir.

Vaqflar haqida so‘z ketar ekan, shifoxonalar, mehmonxonalar, zoviya – zikrxonalar, takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar haqida alohida ta’kidlash lozim bo‘ladi.

Kambag‘alligi tufayli turar-joy qura olmaydigan, uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turar-joy vaqflari ham ko‘p bo‘lgan.

Yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga atalgan alohida vaqflar ham hamma joylarda yetarli ravishda bo‘lgan. Kishilarga turli taomlar, non, go‘sht, holva va boshqa narsalarni tarqatadigan xayriya oshxonalari ham juda ko‘p bo‘lgan.

Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj hamda ziyoratga kelganlarga atalgan takiyalar ham juda ko‘p bo‘lgan. Ulardan hozirga qadar ko‘pchilik foydalanib kelmoqda.

Yo‘lovchilar, ziroatlar, hayvonlar va muhtojlarni suv bilan ta’minlash niyatida hamma joylarda quduqlar qaziydigan vaqflar ham ko‘p bo‘lgan.

Musulmonlarning xayriya ijtimoiy muassasalari qatorida yo‘l va ko‘priklarni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan vaqflari ham bo‘lgan.

Tashlandiq va yetim bolalarga atalgan vaqflar ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta’minlash bilan birga, ularni xatna qildirishga ham katta ahamiyat berganlar.


Shuningdek, ko‘zi ojiz, shol va nogiron kishilarga atalgan vaqflar ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qilganlar.

Qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan vaqflar ham bo‘lgan.

Oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga oila qurishda kerakli barcha yordamlarni taqdim qiladigan vaqflar ham hamma joylarda muvaffaqiyat bilan ish olib borganlar.

Emizikli onalarni sut va qand bilan ta’minlaydigan xayriya muassasalari bo‘lib, bu kabi vaqfni birinchilardan bo‘lib, Salohuddin Ayyubiy tashkil qilgan edi. U kishi Damashq shahri qal’asi darvozalaridan biri yaqinida ikki tarnov qilib, biridan sut, ikkinchisidan qandli suv oqib turadigan qilgan edi. Onalar har haftada ikki marta kelib, bolalari uchun sut va qandli suv olib ketar edilar.

Idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan vaqflar o‘yinqaroqlik qilib, idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yangi idish berar edilar. Bolalar esa yangi idishlarni olib, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, ota-onalari huzurlariga bemalol boraverar edilar.

Musulmonlarning xayriya tashkilotlaridan hamma barobariga foyda topar edi. Hatto qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ham turli joylarda o‘z xizmatlarini ado etar edi.


«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi