O'zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan homiylar jalb etilgan holda, Nurota tumanidagi “Chuya” jome masjidining yangi binosi qurib foydalanishga topshirildi.
Bundan ikki yil oldin “Chuya” masjidining binosi eski holatga kelib qolgan, masjid jamoati uni obod qilish istagida edi. O'sha yili O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari viloyatga tashriflari davomida ushbu masjidda bo'lib vaziyatni tezda anglab mutasaddilarga tegishli ko'rsatma bergan, uning qurilishiga xayrli duolar qilgan edilar.
Muftiy hazratlari boshchiligidagi jamoat duosi, diniy idora ko'magi, saxovatpesha insonlar himmati va mahalla ahlining hashari sababli ushbu masjid qurib bitkazilib foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o'tkazilgan marosimda O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi mas'ul xodimi Iskandar Halilov, viloyat hokimi o'rinbosari G'ofur Musulmonov, viloyat bosh imom-xatibi Tohir Ro'ziyev, Nurota tumani hokimi Umarbek Halilovlar ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqan Iskandar domla Halilov ishtirokchilarga muftiy hazratlarining salom va tabriklarini etkazib, yig'ilganlarni masjidning yangi binosi bilan mubarokbod etdi. Shuningdek, marosimda so'z olgan mutasaddilar namozxonlarni yangi masjid bilan tabriklab, uning qurilishiga hissa qo'shgan insonlarga minnatdorlik bildirdi.
Esalatib o'tamiz, O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yurtimizning olis hududlarida masjidlar bunyod etilayotgani haqida xabar bergan edik.
Darhaqiqat, Allohning uyi bo'lgan masjid qurishning savobi ulug' ekani mo''tabar manbalarda bayon etilgan.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to'kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato qilgan va yolg'iz Allohdangina qo'rqadigan zotlargina obod qilurlar. Ana o'shalar hidoyat topuvchi zotlar bo'lsalar ajabmas” (Tavba surasi, 18-oyat).
Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham masjid qurish va uni obod qilish borasida ko'plab targ'iblar kelgan. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy alayhissalom shunday dedilar: “Kim Alloh uchun bir masjid qursa, Alloh jannatda shuning mislicha uy bunyod qiladi” (Muttafaqun alayh).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o'sha chiroqning nuri o'chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig'for aytib turadilar”.
Alloh taolo masjid qurish va uni obod etish mana shunday ulug' savobli amal ekanini chin qalbidan his etgan muxlis xalqimizga ajru mukofotini ko'paytirib bersin, bu kabi xayrli ishlar bardavom qilib, yurtimiz va butun dunyodan balo va ofatlarni aritsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ramazon — mehr-muruvvat, saxovat va shukronalik oyi. Bu muborak kunlarda “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” g‘oyasi asosida ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish xayrli an’anaga aylangan.
2026 yil 6 mart kuni Namangan viloyati hududlarida kam ta’minlangan oilalar uchun iftorliklar tashkil etildi.
Jumladan, viloyat bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samatov To‘raqo‘rg‘on tumani Chust ko‘prik mahallasida istiqomat qiluvchi, nuriniysi bor oila Abdusattarov Muxtorxon xoji otani xonadonida bo‘lishdi. Mazkur xonadonda iftorlik dasturxoni yozilib, oila a’zolariga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, viloyatning shahar va tumanlarida ham xayrli tadbirlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati