Alhamdu lillahi Robbil olamin. Hamdan kasiron toyyiban muborakan fihi alo kulli halin va fi kulli hin... Vassalatu vassalamu a'lo sayyidina va sanadina Muhammadanil mustafo va a'lo olihi va sahbihi va man tabiahu biihsonin ila yavmil jazo... Ammo ba'd:
Sizlarga Allohning salomi, rahmati, barakoti bo'lsin. Alloh jalla jaloluhu dunyoda ham, oxiratda ham sizlardan lutfu karamini darig' tutmasin, saodatmand qilsin. Jannatiga,jamoliga musharraf aylasin...
Bu dunyo, bu hayot, kunlarimiz va umrimiz o'tkinchidir, abadiy emas, qisqadir, vaqtinchadir, so'ngi va oxiri bordir, o'lim bordir. Haqiqat va abadiy hayot oxiratdadir, o'limdan keyingi hayotdir. Oxirat– abadiy hayot, bu dunyo esa– foniy, o'tkinchi. Aslida oxiratga hozirlik ko'rish kerak.
Islomning, imonning bizga tavsiya etgan haqiqati shunday. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazratlari ham shunday fikr bilan yashaganlar. Dunyoga ahamiyat bermaganlar, elib-yugurmaganlar, unga hirs quymaganlar. Oxiratda saodatli bo'lishga, Allohning roziligini topishga bizlarni da'vat etganlar. O'zlari ham oxiratning shavqi, sog'inchi bilan yashaganlar:
مالي و للدنيا؟ انما انا کراکب استظل تحت ظل الشجرة (ترمذي عن عبد الله بن مسعود)
Mo li va lid dunyo– mening dunyo bilan nima ishim bor?.. Innamo ana karokibun istazalla tahta zillish shajarah– Men bir daraxt soyasida biroz nafas rostlab, o'tadigan bir otliq yo'lovchi kabidurman,– deb marhamat qilganlar. «U daraxt, ya'ni bu dunyo mening asosiy makonim, maqomim, maqsadim emas», degan ma'noda aytganlar...
Biz ham shu buyuk haqiqatga ko'ra hayotimizni qurib, izga solib, tuzatib yashashga majburmiz... Imkonimiz boricha shunday yashashga, ibodatlarimizni qilishga, Allohning amrlarini bajarishga, haromlardan, gunohlardan saqlanishga harakat qilamiz. Oxirat saodatiga musharraf bo'lishning yo'li shu deb, shu yo'lni tanlaganmiz...
Kimdir oxirat yo'lini, Allohning amrlarini astoydil ixlos ila bajarsa, kimdir zo'rma-zo'raki, malol bilan ado etadi. Ba'zan haromlarga ham o'ralashib qoladi, savobli ishlarni qilishda g'ayrat qilmaydi, tanballik qiladi, oqsaydi.
Albatta, har bir holat, harakatni xoh savob, xoh gunoh bo'lsin «Kiroman kotibin» farishtalar hech qoldirmasdan amal daftarlariga yozib qo'yadilar. Oxiratda hammasi uchun hisob beradi, savol-javob bo'ladi...
فَمَن يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ خَيْرًايَرَهُ 7 وَمَن يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ شَرًّا يَرَهُ 8 (سورة الزلزلة: 7–8)
Fa man ya'mal misqola zarratin xayran yarah. Va man ya'mal misqola zarratin sharran yarah– Bas, kim (hayoti dunyolik paytida) zarra misqolchalik yaxshilik qilsa (qiyomat kunida) o'shani ko'rur. Kim zarra misqolchalik yomonlik qilsa uni ham ko'rur! («Zalzala» 7-8 oyatlar).
Allohning roziligiga etkazuvchi, ulashtiruvchi yo'l– taqvo yo'li, ehson yo'li deyiladi. Taqvo qo'rqish, saqlanish, o'z-o'zini saqlash degani... Kishi Allohdan qo'rqib, gunohlardan, haromlardan, Alloh yoqtirmagan ishlardan o'zini saqlagani uchun ham «taqvo yo'li» deyiladi.
Ya'ni, nafsi istasa ham, gunoh, harom ishlar qilishdan o'zini saqlaydi, tiyadi. Nafs xohlamasa ham, savobli, xayrli, ezgu ishlarni bajaradi, savob topadi, do'zaxga tushishdan, Allohning g'azabiga yo'liqishdan qo'rqadi.
Demak taqvodor bo'lish, taqvo doirasida faoliyat ko'rsatish, o'zini asrash va saqlashga harakat qilish kerak. Bu o'rinda ham nafs bilan jihod qilish kerak bo'ladi. Nafs gunoh qilishni yaxshi ko'radi va xohlaydi. O'yin-kulgi, kayf-safo, to'y-hasham, maishat, sayru tomosho, ko'ngil ocharlik qilishni xush ko'radi. Savobli ishlarni esa, yoqtirmaydi. Hayrli, savobli ishlar qilish mashaqqatli ko'rinadi, qochishga harakat qiladi. Hayrli ishlardan qaytarishga tirishadi.
Bir bola misolida uni kuzatishimiz mumkin. Onasi, otasi majburlamasa, namoz o'qimaydi. Hatto ota-onasini aldashga harakat qiladi. Yolg'ondan «tahorat oldim, men namozimni o'qidim...»,– deydi lekin o'qimagan bo'ladi. Nega?.. Chunki og'ir tuyuladi. Holbuki, savobli bir amal... Nafs sababli savobli ishlarni xush ko'rmasdan, gunoh ishlarni esa judayam yoqtirishi mumkin.
Shunday ekan, Allohning roziligiga erishishning yo'li nafsga qarshi kurashishdan iboratdir. Mana shu muxolafat, kurash– taqvo yo'lining asosi, tasavvufning eng muhim masalasidir... Inson nafsini qo'lga olgandan keyin, enggandan keyin, nafsi istamagan narsani «savobli, foydali, xayrli» deb majburan bajartiradi, nafsi yoqtirgan narsani esa «gunoh, harom, Alloh sevmaydigan ish» deb qildirmaydi, xohish, shiddatini so'ndiradi... Demak, nafs bilan kurashish, uni tizginlash orqali Allohning roziligini topishga erishish mumkin...
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Biror kishi bilan tortishib qolib, u bilan aloqani uzib yubormoqchi bo‘lsangiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “U ikkisining eng yaxshisi “Salom” bilan gaplashishni boshlab yuborganidir”[1] degan so‘zlarini yodga oling.
Husayn roziyallohu anhu bilan u kishining ota bir ukasi Muhammad ibnul Hanafiyning orasidagi munosabatlarga dars ketadi. Bo‘lib o‘tgan ishga ikki kun o‘tmay Ibnul Hanafiy Husayn roziyallohu anhuga maktub yuboradi. Maktubda shunday deb yozilgan edi: “Bizning otamiz bir. Bu borada birortamiz boshqamizga faxrlanmaymiz. Ammo sizning onangiz Fotima roziyallohu anhodir, sizning onangiz qayoqda-yu, mening onam qayoqda. Sizni Rasulullohning o‘zlari katta qilgan va tarbiyalaganlar, men esa bundayin buyuk martabadan ancha pastdaman. Ushbu maktubim sizga yetib borishi bilan darhol men tomonga shoshiling va orani isloh qiling. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “U ikkisining eng yaxshisi “Salom” bilan gaplashishni boshlab yuborganidir”, deganlar. Siz mendan yaxshiroqsiz. Aytadigan gapim shu”.
Birodarini ustun qo‘yishning ulkan ko‘rinishiga e’tibor bering. Ibnul Hanafiyning Husayn roziyallohu anhudan avval bu savobga erishishi mumkin edi. Lekin u kishi birodari Husayn roziyallohu anhuni o‘zidan ustun ko‘rdi. Husayn roziyallohu anhuning u kishidan ko‘ra yaxshiroq ekanini eslatdi, bu ishi esa u zotning o‘rtani isloh qilishga bo‘lgan g‘ayrati va himmatini qo‘zg‘ash uchun edi. Chunki yaxshilar doim yaxshilik sari intiladilar.
Va’da qilingan ajr jannat bo‘lsa, boshqalarni o‘zidan ustun qo‘yish odamlar orasida juda kam uchraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari dushmanga qarshi jang bobida musobaqalashar edi, hatto ota-bolalar o‘rtasida ham shu kabi holat kuzatilardi. Masalan, ota-bolaning har ikkisi birvarakayiga jangga borish imkoni bo‘lmasa qur’a tashlashardi, qur’a bolaga chiqsa, otasi unga: “Men chiqay, bolam, sen qolaver, axir otangman-ku. Meni o‘zingdan ustun qo‘y”, der edi, bunga javob berar ekan o‘g‘ilning ko‘zlari yoshga to‘lib: “Otajon, uning mukofoti jannat-da... Agarda jannatdan boshqa narsa bo‘lganida ham, Xudo haqqi, sizni o‘tkazib yuborardim”, derdi.
Shubhasiz, siz ham barcha musulmonlarning jannatga kirishlarini orzu qilasiz. Biroq jannat musobaqasi kuchayib ketganida, u faqatgina eng g‘ayratli va unga eng ishtiyoqmandlargagina nasib etadi. Odamlarga yaxshilikni ilining, faqat o‘zingizni o‘ylayvermang!
Shoir Abul A’lo Ma’arriy bunday satrlarni yozgan ekan:
Abadiy qolmoq imkoni bo‘lsa gar so‘qqabosh holim,
Boqiy qolish istagin suymadim yolg‘iz o‘zim.
Menga ham, yerimga ham yog‘masin yomg‘ir,
Modomiki qamrab olmas ekan butun qavmim.
Xudbinlik (egoizm) sizning ustingizdan hukmronlik qilishiga hech ham imkon bermang! Doimo Alloh taolodan barcha musulmonlarga yaxshilik va xayr-baraka so‘rab duo qiling va shu jumlalarni ham ayting: “Ey Yaratgan Zot! Mening duolarim orasiga barcha musulmonlarni ham qo‘shib qo‘y”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Buxoriy rivoyati.