Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Dekabr, 2025   |   18 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:12
Quyosh
07:37
Peshin
12:20
Asr
15:13
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
09 Dekabr, 2025, 18 Jumadul soni, 1447

Ka'bai muazzamaga “ka'bapo'sh” yopishning joriy bo'lishi

25.03.2021   5194   6 min.
Ka'bai muazzamaga “ka'bapo'sh” yopishning joriy bo'lishi

Ka'bani yopinchiq bilan o'rash tarixi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning eng katta bobolari Adnon ibn Iddga borib taqaladi. U kishi Ka'bani yopinchiq bilan o'ragan kishilarning biri ekanligi rivoyatlarda kelgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, Yaman podshosi (Taba' al-Humayriy) birinchi bo'lib johiliyat davrida Makkani ziyorat qilgandan so'ng Ka'baga yopinchiq yopgan va birinchi bo'lib Ka'baga eshik va kalit yasatgan shaxs hisoblanadi.

Johiliyat davrida Yaman podshosidan keyin yana ko'pchilik Ka'bani yopinchiq bilan o'ragan. Vanihoyat, bu ish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to'rtinchi bobolari Qusay ibn Kilobning qo'liga o'tgan. Qusay o'z qavmining qabilalarini bir joyga yig'ib, bu ishda har bir qabila imkoniyatiga yarasha hamkorlik qilishga chaqirdi va shu tariqa barcha ishlarni tartibga soldi.

Shundan keyin Abu Robi'a Abdulloh ibn Amr Al-Maxzumiy degan badavlat savdogar Qurayshga: Ka'bani bir yil sizlar o'ranglar, bir yil men o'rayman, deb maslahat soldi, Quraysh bunga rozi bo'ldi. Ish shu tarzda to Abu Robi'a vafot etguncha davom etdi. Keyin, bu ishni Quraysh o'z qo'liga oldi.

Ka'bai muazzamani Ka'bapo'sh bilan yopish Baytullohni ulug'lash va e'zozlashning muhim ko'rinishlaridan biri hisoblanadi. Islom tarixi bir jihatdan Ka'bai musharrafani Ka'bapo'sh bilan yopish, uni tayyorlash ishi bilan bog'liqdir. Chunki bu ishda islom olamining eng katta mutaxassislari mohir bo'lib, ular bu ulug' sharafga etishish uchun o'zaro musobaqalashganlar.

Ka'bani yopinchiq bilan o'ralishining hikmati, bu islomiy shiorlardan biri ekanligidir. Zero, bu ishni amalga oshirish Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, u zotdan so'ng sahobai kiromlar qilgan ishni davom ettirish demakdir. Darhaqiqat, Makka fath etilgandan keyin, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam vidolashuv hajida Ka'baning ustiga Yamaniy mato yopganlar, uning sarf-xarajatlari musulmonlarning baytul molidan bo'lgan.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan keyin Hulafoi roshidinlar davrida Abu Bakr va Umar raziyallohu anhumo Ka'baga Qibtiy va Yamaniy matodan Ka'bapo'sh yopganlari rivoyat qilingan. So'ng Usmon ibn Affon raziyallohu anhu ikkita matoni ustma-ust qilib o'raganlar. Bu amal islomdagi o'ziga xos ish bo'lgan.

Keyinchalik Ka'bapo'shga oyatlarni yozish paydo bo'ldi. Umaviylar davlati davrida Ka'baga yilda ikki marta Ka'bapo'sh yopish odatga aylandi. Bittasi Ashuro kunida, ikkinchi marta Iydul fitr bayramiga tayyorgarlik sifatida Ramazon oyining oxirida.

Abbosiy xalifalari Ka'baga yopinchiq yopish ishiga juda katta e'tibor berib mato to'qish, bo'yash, rang tanlash, bichimini o'zgartirish kabi bezash ishlariga alohida e'tibor qaratdi. Bu borada Misr davlatining Taniys, Tuna va Shato mintaqasi aholisi mutaxassis bo'lib etishdi. Halifa Ma'mun o'z davrida Ka'bai musharrafaga yilda uch marotaba Ka'bapo'sh yopdi.

Abbosiylar davridan boshlab Ka'bapo'shga oyatlar yozish paydo bo'ldi. Halifalar Ka'bapo'shga o'z ismlari bilan birga, Ka'bapo'shning to'qilgan joyi va sanasini qo'shib yozishga odatlandilar.

1927 yilda Saudiya arabistoni podshohi Abdulaziz Masjidul haramga yaqin bo'lgan Ajyod mintaqasida Ka'bai muazzama ustiga yopiladigan Ka'bapo'sh ishlab chiqaradigan korxona barpo etishga farmon berdi. Ushbu korxonada Ka'bapo'sh asosan qo'l mehnati orqali to'qilar edi. 1963 yilda Jarval mahallasida zamonaviy uskunalar yordamida  Ka'bapo'sh to'qiladigan korxona barpo qilindi va 1965 yilda zamonaviy uskunalar yordamida birinchi Ka'bapo'sh tayyorlandi.

1972 yilda podshoh Faysal tomonidan Ka'bapo'sh to'qiladigan korxonani “Ummul javd” mintaqasiga ko'chirish yuzasidan farmon chiqarildi. 1976 yilda ushbu yangi korxonada Ka'bapo'shni mukammallashgan tarzda qismlarga bo'lgan holda tayyorlash ishlari boshlandi.

 

1995 yilda Ummul javd mintaqasidagi Ka'bapo'sh korxonasini nazorat qilish Haj va Vaqflar vazirligidan Masjidul haram va Masjidun nabaviy ishlarining umumiy boshqaruvi rayosatiga o'tkazildi.

Ikki Haram Hodimi podshoh Salmon ibn Abdulaziz Oli Saudning ushbu ishga nisbatan e'tibori kuchli bo'lganligidan, uni yanada rivojlantirish va eng yuqori darajaga olib chiqish maqsadida 2016 yilda Ka'bapo'sh korxonasini “Podshoh Abdulaziz nomidagi Ka'babo'sh tayyorlash majmuasi” deb nomlanishiga buyruq berdi.

 

Ka'bapo'sh - ipakdan to'qilgan qora rangli mato bo'lib, unga Qur'on oyatlari oltin suvi bilan naqsh qilib yozilgan bo'ladi. U Ka'baning ustiga yopib qo'yiladi va bu yopinchiq yilda bir marta, Arafa kunining tongida almashtiriladi. Zulhijja oyining to'qqizinchi kuni bomdod namozidan keyin Ka'bai musharrafaning yopinchig'ini almashtirish marosimi bo'lib o'tadi. Ka'bapo'shni almashtirish amaliyoti 160 nafar shu sohaning mutaxassislaridan iborat ishchi, xizmatchilar tomonidan amalga oshiriladi. Bu marosim odatga ko'ra har yili shu kunda Masjidul harom va Masjidun nabaviy ishlarining umumiy boshqaruv rayosati boshchiligida o'tkaziladi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o'rinbosari                 

Homidjon Ishmatbekov

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya bayrami arafasida 615 kishini afv etdi

07.12.2025   9980   1 min.
Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya bayrami arafasida 615 kishini afv etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga sharh

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 615 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 220 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 123 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 97 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 175 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 9 nafarini chet el fuqarolari, 29 nafarini ayol, 23 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 264 nafarini yoshlar (shulardan, 2 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 9 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Manba

MAQOLA