Mamlakatimizning Parijdagi elchixonasi tashabbusi bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi (IMHTM) va Frantsiya Milliy kutubxonasi (BNF) Sharq qo'lyozmalari departamenti o'rtasida videoanjumanaloqa shaklida muloqot tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O'zbekiston tomonidan Markaz rahbariyati, frantsuz tomonidan esa Sharq qo'lyozmalari departamenti rahbari Loren Erishe boshchiligida frantsuz sharqshunos olimlari qatnashdi.
Onlayn-anjumanda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining maqsad va vazifalari tanishtirildi. Islomiy ilmlar, xususan, kalom ilmi tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini tadqiq etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalari bo'yicha qomuslar, kataloglar va kitoblar nashr etish ustida ishlar olib borilayogani aytib o'tildi.
Frantsuz ilmiy jamoatchiligi vakillari O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohadagi tizimli islohotlarni yuqori baholab, bugungi kunda chet davlatlarning O'zbekiston ilmiy muassasalari bilan hamkorlik qilishga bo'lgan qiziqishi kun sayin ortib borayotganini ta'kidladi.
Hususan, L.Erishe IMHTM bilan ilmiy aloqalar o'rnatishga tayyorligini bayon etdi. O'zbekiston madaniy me'rosi jahon to'plamlarida kitob-al'bomlari to'plamining kutubxonaga taqdim etilgani, BNFda saqlanayotgan qo'lyozmalar asosida tayyorlangan “Movarounnahr qo'lyozmalari Frantsiya to'plamlarida” kitobining nashr etilganini ta'kidladi o'tdi.
Bundan tashqari, Elchixonada tashkil etilgan O'zbekistonda diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik, mamlakatimiz madaniy me'rosiga bag'ishlangan anjumanlarda taqdimotlar o'tkazganini bildirib, IMHTM bilan hamkorlik ikki tomon uchun yangi yo'nalish ekani, frantsuz tadqiqotchilarida mazkur munosabatlarga qiziqish yuqori darajada ekanini e'tirof etdi.
Qo'lyozmalar bo'yicha mutaxasis H.Sh-Alami islom dinining sofligi va bag'rikenglik tamoyillarini bayon etishda Imom Moturidiy ilmiy-ma'rifiy merosi muhim ahamiyatga egadir, deb ta'kidladi.
Tadbir yakunida tomonlar birgalikda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, Imom Moturidiy hayoti va ijodiga doir qo'lyozmalarni tadqiq qilish, Frantsiyaning “Gallica” elektron kutubxona tizimi va kataloglashtirish bo'yicha tajribasini o'rganish va boshqa masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Ma'lumot uchun, BNF hozirgi nomda 1995 yilda tashkil etilgan, biroq turli manbalarga qaraganda, kutubxonaning tashkil etilish tarixi 1368 yilga borib taqaladi. Unda saqlanayotgan kollektsiyalar soni taxminan 40 million donani tashkil qiladi va dunyodagi eng yirik majmualardan biri hisoblanadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Biror kishi bilan tortishib qolib, u bilan aloqani uzib yubormoqchi bo‘lsangiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “U ikkisining eng yaxshisi “Salom” bilan gaplashishni boshlab yuborganidir”[1] degan so‘zlarini yodga oling.
Husayn roziyallohu anhu bilan u kishining ota bir ukasi Muhammad ibnul Hanafiyning orasidagi munosabatlarga dars ketadi. Bo‘lib o‘tgan ishga ikki kun o‘tmay Ibnul Hanafiy Husayn roziyallohu anhuga maktub yuboradi. Maktubda shunday deb yozilgan edi: “Bizning otamiz bir. Bu borada birortamiz boshqamizga faxrlanmaymiz. Ammo sizning onangiz Fotima roziyallohu anhodir, sizning onangiz qayoqda-yu, mening onam qayoqda. Sizni Rasulullohning o‘zlari katta qilgan va tarbiyalaganlar, men esa bundayin buyuk martabadan ancha pastdaman. Ushbu maktubim sizga yetib borishi bilan darhol men tomonga shoshiling va orani isloh qiling. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “U ikkisining eng yaxshisi “Salom” bilan gaplashishni boshlab yuborganidir”, deganlar. Siz mendan yaxshiroqsiz. Aytadigan gapim shu”.
Birodarini ustun qo‘yishning ulkan ko‘rinishiga e’tibor bering. Ibnul Hanafiyning Husayn roziyallohu anhudan avval bu savobga erishishi mumkin edi. Lekin u kishi birodari Husayn roziyallohu anhuni o‘zidan ustun ko‘rdi. Husayn roziyallohu anhuning u kishidan ko‘ra yaxshiroq ekanini eslatdi, bu ishi esa u zotning o‘rtani isloh qilishga bo‘lgan g‘ayrati va himmatini qo‘zg‘ash uchun edi. Chunki yaxshilar doim yaxshilik sari intiladilar.
Va’da qilingan ajr jannat bo‘lsa, boshqalarni o‘zidan ustun qo‘yish odamlar orasida juda kam uchraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari dushmanga qarshi jang bobida musobaqalashar edi, hatto ota-bolalar o‘rtasida ham shu kabi holat kuzatilardi. Masalan, ota-bolaning har ikkisi birvarakayiga jangga borish imkoni bo‘lmasa qur’a tashlashardi, qur’a bolaga chiqsa, otasi unga: “Men chiqay, bolam, sen qolaver, axir otangman-ku. Meni o‘zingdan ustun qo‘y”, der edi, bunga javob berar ekan o‘g‘ilning ko‘zlari yoshga to‘lib: “Otajon, uning mukofoti jannat-da... Agarda jannatdan boshqa narsa bo‘lganida ham, Xudo haqqi, sizni o‘tkazib yuborardim”, derdi.
Shubhasiz, siz ham barcha musulmonlarning jannatga kirishlarini orzu qilasiz. Biroq jannat musobaqasi kuchayib ketganida, u faqatgina eng g‘ayratli va unga eng ishtiyoqmandlargagina nasib etadi. Odamlarga yaxshilikni ilining, faqat o‘zingizni o‘ylayvermang!
Shoir Abul A’lo Ma’arriy bunday satrlarni yozgan ekan:
Abadiy qolmoq imkoni bo‘lsa gar so‘qqabosh holim,
Boqiy qolish istagin suymadim yolg‘iz o‘zim.
Menga ham, yerimga ham yog‘masin yomg‘ir,
Modomiki qamrab olmas ekan butun qavmim.
Xudbinlik (egoizm) sizning ustingizdan hukmronlik qilishiga hech ham imkon bermang! Doimo Alloh taolodan barcha musulmonlarga yaxshilik va xayr-baraka so‘rab duo qiling va shu jumlalarni ham ayting: “Ey Yaratgan Zot! Mening duolarim orasiga barcha musulmonlarni ham qo‘shib qo‘y”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Buxoriy rivoyati.