Mazkur dasturlarga asosan Buxoro viloyatidagi yuzga yaqin moddiy madaniy meros ob'ektini ta'mirlash rejalashtirilmoqda.
Bunday keng ko'lamli ishlarni amalga oshirishda xorijdagi soha mutaxassislari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. An'anaviy me'morchiligi tarixiy obidalarimiz uslubiga nisbatan yaqin bo'lgan Turkiya, Eron kabi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatish ko'zda tutilgan.
Yurtimizdagi milliy arxitektura yodgorliklari bilan tanishish, kelajakda ularni restavratsiya qilish bo'yicha loyihalarni ishlab chiqish va asrashga doir ishlarni amalga oshirish istiqbollarini o'rganish maqsadida Turkiyaning “HF ARCHITECTURE” kompaniyasi bosh arxitektori, madaniy meros ob'ektlari bo'yicha mutaxassis Hakan Chifki viloyatga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida xorijiy mutaxassis O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan ob'ektlarni qurish, rekonstruktsiya, restavratsiya qilish va mukammal ta'mirlash Direktsiyasining viloyatdagi vakili Sh.Obidov, Madaniy meros departamenti viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig'i Sh.Mahmudov va viloyatdagi malakali arxitektor Z.Klichev, usta-restavrator B.Bobomurodov bilan uchrashdi.
Mehmon Buxoro shahridagi restavratsiya qilinishi rejalashtirilgan yigirmadan ortiq madaniy meros ob'ektlari bilan tanishtirildi.
Zarif Komilov, O'zA
Boy odam derazadan qarab, faqirga ko‘zi tushdi. U chiqindi titib yurardi. Shunda boy odam “Allohga shukrki, meni nochor hayotda yashatmadi”, dedi.
Nochor odam chiqindilardan ul-bul narsa topib, endi ketayotganida oldidan bir nogiron o‘tib qoldi. “Faqir bo‘lsam-da, sog‘lomman, alhamdulillah!” dedi uni ko‘rganida.
Nogiron odamning oldidan esa bir-birini yetaklagan ko‘zi ojizlar chiqdi. “Vujudimda nogironlik bo‘lsa-da, bu olamni ko‘rib yashayapman, O‘zingga shukrlar bo‘lsin!” dedi u ham.
Ko‘zi ojizlar shifoxonaga borishdi. Navbat kutib turganlarida bir kishining vafot etganini eshitishdi. “Allohga shukr, bizni shu holimizda bo‘lsa ham yashatmoqda, fursat bermoqda”, deyishdi o‘zaro.
Faqat o‘lgan odam Allohga bir og‘iz hamd aytish imkonini ham boy berib bo‘lgandi...
Shunday ekan, nima uchun bugun ko‘pchiligimiz Allohga shukr aytishni unutib, shikoyatimiz ko‘payib ketmoqda. Axir, Alloh bizga hayot, rizq, inson uchun nima kerak bo‘lsa, hamma ne’matlarini berib qo‘ygan-ku! Yaxshilab o‘ylab ko‘rsak, bizning tashvishimiz, erishishni istab, tunu kun g‘am chekkan narsalarimiz asl zaruratdan tashqari bo‘lib chiqadi.
Qarang, bugun yana bir yangi tongni ko‘rdik. Dasturxonda osh-nonimiz, boshimizda boshpanamiz bor, tanda jonimiz salomat. Holbuki, bu kunga, bu yilgi Ramazonga yetmaganlar qancha?..
Shunday ekan, Ramazon oyida, avvalo, ota-onamiz, o‘zimiz, oilamiz, qolaversa, barcha ummat uchun duolar qilaylik. Zero, Alloh bizga berayotgan ne’matlari uchun shukr qilsak, ziyoda qilishini aytgan: «“Va Robbingizning «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb e’lon qilganini ham eslang» (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Demak, berilgan ne’matlarga shukr aytish insonning to‘g‘ri yo‘lda ekanini bildiradi. Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema, joning omon, davlatingni kam, dema.
Berilgan ne’matlardan foydalanib, yaxshi amallarni ko‘paytiraylik, azizlar!
Akbarshoh Rasulov