Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Soxta salafiylik yoxud vahhobiylik firqasi

04.03.2021   3583   18 min.
Soxta salafiylik yoxud vahhobiylik firqasi

Ushbu oqim ta'limoti mohiyati va g'oyaviy namoyondalariga nisbat berilgan holda «salafiy», «muvahhidun», «vahhobiy» degan atamalar bilan yuritiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davridan 13 asr o'tgach paydo bo'lgan soxta salafiylar oqimi tarafdorlari Islomning dastlabki uch asridan keyin yashagan musulmonlar Islomni noto'g'ri tushungan degan fikrni ilgari surishadi. Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarning yaxshilari men bilan yashaganlar, so'ng ulardan keyingilar, so'ng ulardan keyingilar», deganlar (imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Mazkur davr sahobalar, tobe'inlar va taba'a tobe'inlar davri bo'lib, salaflar davri deb ham yuritiladi. Bu haqiqatni o'zini «salafiylar» deb atayotgan soxta oqim a'zolari ham yaxshi bilishadi. Teranroq o'rganib chiqilsa, bugungi soxta «salafiylar» Islomning dastlabki uch asrida chiqarilgan hukmlardan boshqasi bid'at deyishadi, biroq o'zlari buning teskarisini qilishadi. Holbuki ular Ibn Taymiyya, Ibn Qayyum kabi rahnamolaridan boshqasining so'zini tan olishmaydi, to'rt nafar mujtahid imom: imom A'zam, imom Shofi'iy, imom Molik va imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhimga ergashganlarni esa qoralashadi. Aslida ular ergashayotgan «mujtahid»lar solih salaflar qatoriga kirmaydi, chunki Ibn Taymiyya va Ibn Qayyum Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan deyarli olti yuz yil keyin yashab o'tishgan. Demak, «salafiy» oqimining ikki imomini solih salaflardan olti asrlik tafovut ajratib turibdi. Oradan shuncha uzoq vaqt o'tgan bo'lishiga qaramay, soxta «salafiylar» bu ikki shaxsning ta'limotini juda katta e'tibor bilan o'rganib, qat'iy amal qilishadi. Yana ular go'yo «pok» shariatga qaytishga va keyingi davrda paydo bo'lgan «bid'at»lardan voz kechishga hamda barcha hukmlarni faqatgina Qur'on va Sunnatdan olishga chaqirishadi. Hukmlar avvalo shu ikki manbadan olinishi busiz ham hammaga ma'lum. Lekin gap ushbu ikki manbadan hukmni qanday ravishda, qaysi usullar bilan chiqarishdadir. Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur'on va Sunnatga ergashishni buyurganlar. Qur'on va Sunnatdagi hukmlar hadislar orqali anglanadi. Ulardan olinadigan shar'iy hukmlarni esa mujtahidlar tushuntirib beradilar. Soxta «salafiylar» esa bizga Sunnatni tushuntirib bergan ulamolarni adashgan deb e'lon qilib, Sunnatga ergashish imkoniyatini yo'qqa chiqarishmoqda. Soxta «salafiylar»ning iddaosiga ko'ra, Ahli sunna val jamoadagi aqiydaviy yo'nalish asoschilari bo'lmish imom Ash'ariy hamda imom Moturidiy – Ahli sunnadan chiqib, adashgan emishlar. Holbuki, hadis to'plamlarini sharh qilgan deyarli barcha olimlar e'tiqodda Moturidiy yoki Ash'ariy bo'lganlar. Salafiylarning «Faqatina Qur'on va Sunnatga ergashish kerak» degan chaqirig'i nazariy jihatdangina yaxshidir, ammo amaliy hayotda, musulmonlarning kundalik muammolariga taalluqli minglab savollarga duch kelinadi. Oxir-oqibat har bir odam uchun «Haqiqiy mujtahid olimga ergashish kerakmi yoki navbatdagi bir firqa «etakchi»sining ijtihodigami?» degan savol ko'ndalang bo'laveradi.

 

Soxta «salafiylik»ning tarixi

Salafiylik oqimi XVIII asr o'rtalarida Markaziy Arabistonning Najd va al-Hossa viloyatlari hududida yuzaga kelgan. Ushbu oqimning asoschisi Muhammad ibn Abdulvahhob (1703-1798) dindan chekinuvchilarga qarshi kurash olib bordi. Uning fikricha, nafaqat arab sahrosidagi aholi, balki butun musulmon o'lkalari ham asl Islom ta'limoti bo'lmish tavhiddan uzoqlashgan. O'sha paytda Markaziy Arabiston rasman turk xalifaligi qo'l ostida bo'lsa-da, uning ta'siri bu o'lkada sezilarli ravishda susaygan edi. Chunki imperiyaning o'zida boshlangan inqiroz nafaqat davlat xavfsizligi siyosatida, balki diniy ulamolar faoliyatida ham aks etgan edi.

Jug'rofiy muhit, qabila va tabaqalar o'rtasidagi ziddiyatlar ularning birlashuviga to'sqinlik qilsa, boshqa bir qator iqtisodiy va siyosiy omillar bu hududning birlashuvini taqozo qilar edi. Muhammad ibn Abdulvahhob esa o'lkadagi vujudga kelgan vaziyatni tushunib, ularni yagona mafkura asosida birlashtirish mumkinligini anglab etdi va o'z ta'limotiga asos soldi.

Shu o'rinda ta'kidlash joizki, Muhammad ibn Abdulvahhobning XVIII asrdagi shogird va izdoshlari hamda oqimning keyingi davrdagi tarafdorlari uni yangi ta'limot yaratdi deb ta'kidlashadi. Aslida uning ta'limotidagi asosiy g'oyalar ilgarigi diniy oqim va maktablarda mavjud bo'lgan. Muhammad ibn Abdulvahhob ulardagi ba'zi g'oya va ta'limotlarni rivojlantirgan, ayrimlariga esa urg'u bergan, xolos. Jumladan, tadqiqotchilar tomonidan «salafiy»lik oqimi hanbaliy mazhabi asosida shakllanganligi, ya'ni Muhammad ibn Abdulvahhob Ibn Hanbalning qarashlarini rivojlantirib, unga diniy-siyosiy tus berganligini ta'kidlashadi.

Oqim qarashlari. Muhammad ibn Abdulvahhob bevosita dinni «tozalash», Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam zamonidagi asl islom ta'limotiga qaytish, shirkka olib boruvchi butparastlik marosimlaridan qutulish kabilarga qarshi harakatlar olib borgan. U hatto Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qilishni ham tavhidga zid deb baholadi. Shuningdek, «bid'at»ga alohida urg'u berib, unga qarshi murosasiz kurash olib bordi.

Biroq yuqorida ta'kidlaganimizdek, ushbu o'lkalardagi diniy vaziyat o'ta murakkab bo'lgan. Chunonchi, markaziy va sharqiy Arabistonda shia mazhabining «ibodiya»si, al-Hossa viloyatida «qarmat», Yamanda «zaydiy» oqimi tarafdorlari yashashardi. Tabiiyki, bu oqimlarning barchasida aziz-avliyo hamda qadamjolarni ziyorat qilish keng tus olgan edi. Hususan, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning avlodlarini ortiqcha ulug'lash hamda ularning qadr-qimmatini vafotidan keyin ham e'zozlash hollari mavjud edi. Karbalo, Najd, Diriya, Makka, Madina, Toifdagi muqaddas joylarga ziyoratchilar yil bo'yi kelishib, jonliqlar so'yishar, turli marosimlar qilishardi.

Muhammad ibn Abdulvahhob shu kabi avj olgan marosimlarga qarshi o'ta mutaassiblik ruhida kurash boshladi. U bunday ishlarni keskin qoralar, ularni shirk, bid'at, kufr deb hisoblardi. Muhammad ibn Abdulvahhob ta'limotidagi eng katta qarshiliklarga sabab bo'lgan fikrlardan biri – o'ziga qo'shilmaganlarni dinsiz deb e'lon qilish edi. Shunisi qiziqki, ular boshqa dindagi odamlarga, masalan, yahudiy va nasorolarga nisbatan o'ziga qo'shilmagan musulmonlarga qilgan murosasizlikni qo'llamas edi.

Imon masalasida ular tutgan yo'llar mo'minlar, xususan, mintaqamiz musulmonlari o'rtasida turli kelishmovchiliklar va ko'ngilsizliklarga sabab bo'lgan. Boshqa bir qator mazhab va oqimlar, jumladan, moturidiy ta'limotida kishi Allohga imon keltirishi bilan musulmonlar qatoriga o'tishi ta'kidlangan. Hanbaliy mazhabida esa e'tiqodni amalda tasdiqlash talab qilinadi. Huddi shu xususiyatlar keyinchalik «salafiy»larning yurtimiz musulmonlariga nisbatan turli xil iboralarni ishlatishiga sabab bo'ldi.

Shu bilan birgalikda ular yurtimizda asrlar davomida shakllangan an'anaviy hanafiylik mazhabiga zid ta'timotlarni ham bayon qilishgan. Jumladan, bid'at, tavassul, tasavvuf tariqatlari, tasviriy san'at, mavlidi sharifni nishonlash, o'tganlar ruhiga Qur'on tilovati savobining etishi, qabrlarni ziyorat qilish yoki uning ustiga belgi – qabrtosh qo'yish kabilar bo'yicha qarashlari aholimiz o'rtasida ixtiloflar kelib chiqishiga sabab bo'lgan.

Bu oqim vakillari o'z davridagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sharoitdan kelib chiqib, o'z g'oyalarini ilgari surdilar. Birinchi navbatda Islomga kiritilayotgan yangiliklarga (ijmo'ga), ya'ni Qur'on va hadisda bo'lmagan masalalarni faqihlar fatvosi bilan hayotda qo'llashga qarshi chiqadi. Muhammad Abdulvahhob o'zining Islom jamoalari qarshiligiga uchragan «Kitobut-Tavhid» asarida «Islomga yangiliklar kiritish eng katta gunohdir», deydi.

Muhammad Abduvahhob Islomda faqat Qur'on va Sunnatga itoat etishgina farz deb biladi, imom Abu Hanifa, imom Ahmad ibn Hanbal, imom Molik ibn Anas, imom Muhammad ibn Idris Shofe'iy kabi to'rt mazhab peshvolari ta'limotini e'tirof etsa-da, ularning ko'pini qattiq tanqid qiladi, ulardan boshqa Islom nazariyachilarining, hatto Payg'ambar alayhissalom avlodlarining aytganlari, shuningdek, hadislarda keltirilgan yo'l-yo'riqlarning ko'pi bekordir deb ta'kidlagan, lekin Ibn Taymiya va Ibn Qayyum ta'limotini to'la quvvatlagan.

Uning fikricha, Muhammad alayhissalom muslimlarga faqat Qur'on va Sunnatni qoldirdim deganlar, biroq avlodlarimni, mazhab imomlarini qoldirdim demaganlar.  Demak, musulmon odam sahobalar, ulamolar va muhaddislarnnng fikrlariga qanchalik qarshi chiqmasin, baribir Qur'on va sunnat talablariga muvofiq komil musulmon bo'lib qolaveradi.

Hemperning aytishicha, Muhammad Abduvahhob muhaddislar, ayniqsa imom Buxoriyning «Sahihul-Buxoriy» asariga ancha qattiq hujum qilgan va unda keltirilgan hadislarning yarmi soxta va befoyda deb isbotlashga uringan.

Salafiylarning asl g'oyasi vahdoniyatni mustahkamlash edi. Ular: «Allohdan boshqa hsch kim bandaga marhamat ko'rsatmaydi, madad bermaydi, farishtalar, payg'ambarlar, muqaddas joylar, avliyolar musulmonlarning gunohlari uchun Alloh oldida himoyachi bo'la olmaydi», deb ta'kidlashadi. Ularning fikricha, musulmonlar yakkaxudolikka amal qilmay qo'ygan. Musulmonlar ba'zi ulamolarning qabrini ziyorat qilishga borishadi, u erda sadaqa berishadi, jonliq so'yib, ehson qilishadi, o'sha erlardan yoki o'sha erga danf qilingan odamlardan yordam so'rab, iltijo qilishadilar, chunki bunday joylar bandaga yaxshilik yoki yomonlik keltiradi deb ishonishadi. Hatto ba'zi toshlar, o'simliklarda Allohning qudrati bor deb sig'inishadi. Bu esa tavhidga ziddir. Payg'ambar alayhissalomning sahobalarini va u zotning boshqa safdoshlarini ortiqcha izzat-ikrom qilish shart emas, ularning qabri ustiga maqbaralar qurish shart emas, qabristonlarni obod qilib, ularni sanamlarga aylantirish, qabrlarga yodgorlik qo'yish mushriklikdir deb hisoblashadi.

Shu tariqa bu toifa vakillari «Hamma narsaning yaratguvchisi yakkayu yagona Allohdir. Allohga berilgan 99 ism, payg'ambar, chahoryorlar, avliyolarga sig'inish asli bid'atdir. Dinimizni Muhammad alayhissalom davridagi asl holiga keltirish, arablarni chinakam Islomning yashil bayrog'i ostida birlashtirish lozim. Islomning asosida tavhid yotadi. Shu bois muqaddas joylarni ziyorat qilish, avliyolar va mozorlarga sig'inish, zohidlik ayni kufrdir!» deb jar sola boshlashdi.

Ilk salafiylarning Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga alohida g'arazli munosabati bor edi. Ular u zotni Alloh payg'ambarlik vazifasini yuklagan oddiy odam deb hisoblardilar. U zotning nomi bilan bog'liq joylarni masjidlarga, ziyoratgohlarga aylantirish mumkin emas, kimki bunga amal qilmasa, Allohga shirk keltirgan bo'ladi deb tashviqot qilishardi.

Tez orada bu yangi ta'limot Najd o'lkasi bo'ylab tarqalib, masjid va madrasalarning minbarlarida ovozi baland, yosh mujtahidning va'zlari tez-tez yangray boshladi. Tsvarak-atrofida uniig izdoshlari. shogirdlari ko'paydi.

«Ey musulmonlar! Nega avliyolarning maqbaralarini xojasi etagini o'pgan qullarday ko'z yosh ila tavof etasiz? Axir ular ham siz va biz kabi oddiy musulmonlar-ku! Axir Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yolg'iz Allohgagina najot so'rab murojaat eting demaganmidilar?! Makka va Madinada serhasham ziyoratgohlar nechun? Islomni o'zining g'arazli manfaatlariga moslashtirib olgan soxta avliyolar ta'siridan saqlaning! Ularning kitoblarini o'qimang, ularga ergashmang! Allohgagina ibodat qiling! Islomdagi to'rt mazhabning hammasi bid'at! Ularga ergashganlar kofirdir. Payg'ambarga ibodat qilmang, chunki u siz bilan Alloh o'rtasidagi bir elchi, xolos. Qiyomat kuni kimga qanday jazo berish faqat Allohning ishi. Muhammad sizga faqat shafoat qilishi mumkin, xolos. Allohdan o'zgaga ibodat qilganlar mushrikdir!»

Shu kabi va'zlar ko'plarga ta'sir qila boshladi. Muhamamd ibn Abdulvahhobning izdoshlari sehrgarlik, afsungarlik, duoxonlik, jodugarlik, folbinlik va hokazolarga keskin qarshi edi. Ular turli xil ins-jinsdan, yomon ko'zdan asrovchi tumorlarni taqib yurishga ham qarshi chiqib, shunday deyishardi: «Haqiqiy musulmonlar zeb-ziynat taqmasligi, oddiy kiyinishi kerak. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam odmi, xalqona kiyinganlar. Kamtar-xokisor bo'lish kerak! Aysh-ishrat, dabdabaga berilish kufrdir! Umrini Alloh yo'liga emas, boylik to'plashga bag'ishlaganlarning joyi do'zaxdir! Yolg'iz Allohga ibodat qiling va undan qo'rqing! Musiqa tinglash, qo'shiq aytish, rasm chizish va boshqa engiltakliklar gunohi azimdir!»

Vahhobiylar «Kimki bizga qo'shilsa, barcha majburiyat va qarzlaridan ozod bo'ladi», deb e'lon qilishdi, natijada ularning tarafdorlari ancha ko'paydi. Vahhobiylar tamaki va nasha chekish, musiqa chalish, qo'shiq aytish, raqs tushish, rasm chizishni, ipak kiyimlar kiyish va katta bayramlar o'tkazishni taqiqlab qo'yishdi.

Filologiya fanlari doktori, professor hoji Ismatulloh Abdulloh shunday yozadi: «Vahhobiylar ta'limotida hayotdagi ba'zi salbiy illatlarga qarshi kurashish, mol-dunyo, hirsu havodan voz kechish, Islomga zid urf-odatlardan tiyilish, halollik, poklik kabi ijobiy g'oyalar borligini inkor etish adolatdan emas». Darhaqiqat, har qanday ta'limot xalq orasiga singishi uchun ijobiy xislatlarga ega bo'lishi yoki o'sha muhitdagi jamiyatni boshqarib turgan qatlamning manfaatlariga mos kelishi kerak. Aks holda bu ta'limot beshikdaligidayoq uning janozasi o'qiladi. Vahhobiylik o'z davrida ham ichkaridagi hukmron sinflar, ham tashqaridagi qudratli kuchlar tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Lekin uning ijobiy tomonlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni, ma'naviy yuksalishni, madaniy rivojlanishni bo'g'ib qo'yadigan, eng muhimi, uni niqob qilib, hokimiyatga intilishdan iborat salbiy jihatlar soyasida qolib ketadi.

Muhammad Abduvahhobning akasi Sulaymon uzoq vaqt ukasining g'oyasiga qarshi bo'lib yurdi. Hijoz tarixchisi Ibn Zayni Dahlan shunday yozadi: «Bir kuni Sulaymon ukasi Muhammaddan «Islomda nechta arkon bor?» deb so'raydi. Ukasi beshta deb javob qaytaradi. Shunda Sulaymon «Yo'q, sen oltinchisini yaratding, chunki «Kim menga ergashmasa musulmon emas» deb e'lon qilding», dedi». Ko'rinib turibdiki, ular o'z fanatizmi yo'lida hatto qarindosh-urug'larini, yaqinlarini ham ayashmagan. Ayni paytda o'ziga qo'shilmagan musulmonlardan ko'ra yahudiy va xristianlarga yumshoqroq muomala qilishgan. Ozgina soliq evaziga ularga uylarida ibodat qilishga ruxsat berishgan. Vahhobiylar qayerga hujum qilib, u erni bosib olsa, qabristonlardagi maqbara va yodgorliklarni buzib tashlashdi, egallagan joylarida o'z ta'limotlarini, g'alabalarini mustahkamlashdi, natijada katta tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan ko'plab qimmatli yodgorliklar yo'q bo'lib ketdi. Bundan tashqari, vahhobiylar o'z g'oyalariga to'g'ri kelmagan ko'plab ulamolarning kitoblarini yoqib yuborishdi.

Vahhobiylik g'oyasidagi fanatizm ashaddiy, chidab bo'lmaydigan darajaga etdi. Ular o'zining asosiy dushmani deb hisoblaydigan g'ayridin va mushriklarga o'ta shafqatsiz munosabatda bo'lishdi. Haddan oshgan bu fanatizm vahhobiylarni jipslashtirar, tartib-intizomga tushirar va harbiy jasoratga undardi. Shu tariqa vahhobiy bo'lmaganlarga qarshi muqaddas urush e'lon qilish uchun g'oyaviy zamin yaratildi. Buning uchun mamlakatda siyosiy vaziyat ham etilgan edi. XVII asrning boshlarida Najd vohasining amirligi Saud ibn Muhammad ibn Mikrin (Saudiylar sulolasi asoschisi) qo'liga o'tdi. U 1725 yil vafot etdi. O'zaro urushlar natijasida uning o'g'li Muhammad ibn Saud amir bo'lib qolib, qo'shni qabilalarga qarshi talonchilik urushlarini olib bordi. Amir Muhammad 1747 yilda vahhobiylar aqidasini tan olib, Muhammad ibn Abdulvahhobga murid bo'ldi va ko'p o'tmay oddiy bosqinchidan «din sofligi uchun kurashchi»ga aylandi. Shunday qilib, vahhobiylik ta'limoti g'ayridin va mushriklarga qarshi muqaddas urush g'oyasiga, harbiy ekspansiya va bosqinchilik urushlari mafkurasiga aylandi. 1740 yilda Ibn Saudning maslahati bilan Muhammad Abduvahhob haj payti Makkaga borib, butun dunyodan yig'ilgan hojilar huzurida o'zini tanitib, va'z aytadi, o'z ta'limotlarini sharhlaydi. Huddi shu yili Muhammad ibn Saud Najd o'lkasini davlat deb e'lon qiladi va bu davlatda vahhobiylikning etakchi diniy oqim sifatida rasmiylashtiradi. Yangi diniy oqim badaviylar o'rtasida keng tarqala boshlaydi. Zero, vahhobiylar odamlarni tenglik, birodarlikka chorlar, maishiy hayotdagi dabdabayu as'asaga chek qo'yishni talab qilar, bu g'oyalar esa oddiy savodsiz xalq ongiga yaxshi singardi.

Vahhobiylik bosqinchilik urushlari bayrog'i bo'lsa-da, Arabistonni saudiylar boshchiligida birlashtirish uchun mafkuraviy asos bo'lib xizmat qildi. Ayniqsa, arablarni Islomning yashil bayrog'i ostida birlashtirish g'oyasi o'sha paytda arab erlarida hukmronlik qilayotgan Turkiyaga qarshi qaratilgan edi.

Vahhobiylar bayramlar va unga bog'liq marosimlarni, muqaddas ziyoratgohlarni, avliyolarni inkor qilishdi, o'zlariga yoqmagan mahalliy ruhoniylarni quvg'in qilishdi, egallagan joylaridagi avliyolarning qabrlarini buzishdi. Vahhobiylar Makka va Madinaga, hatto Payg'ambar alayhissalomning qabrini ziyorat qilishga borishni taqiqlab qo'yishdi (hajdan tashqari). Bularning hammasi hanafiy mazhabiga, turk hukmronligiga qarshi qaratilgan edi.

Shu tariqa Markaziy Najd vahhobiylik bayrog'i ostida birlashtirildi va 60-yillarda qo'shni viloyatlarga hujum uyushtirilib, 1773 yillari Riyoz shahri egallandi. Ko'p o'tmay, butun Markaziy Arabiston ushbu ta'limot ta'siri ostida birlashdi.

Ustoz Sayyid Rahmatulloh Termiziy

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   3179   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA