— Keksa buvim yiqilib, oyog'i lat edi. Yurolmay bir joyda yotib qoldi. Shunda onam issiqda qiynalmasin deb buvimning sochini kalta qilib kesib qo'ydi. Lekin eshitishimcha, ayollar sochi ko'kragini yopadigan darajada uzun bo'lishi kerak ekan. Vafot etganda sochi kalta bo'lib ketmasligi kerak ekan. Shu gap qanchalik to'g'ri?
— Erlari bo'lsa, o'sha kishining ruxsati ila bo'ladi. Zaruriy holatlarda ayol kishi g'usl va ba'zi bir narsalarga qiynalgan holatlarda qisqartirish joiz. Qiyomatda qayta tirilganida erkagu ayol yalong'och bo'ladi. Shundan ba'zi kishilar ijtihod qilib ayolning sochlari uzun bo'lsa, ko'kraklarini to'sib turishi kerak, deganlar. Ulamolar ayol kishi sochini kesishiga ruxsat berganlar, faqat quloq yumshog'idan yuqori bo'lib ketmasligi kerak ekanligini ta'kidlaganlar. Soch zararlanganida parvarish uchun, er talab qilganida kesish joiz. Ammo boshqa holatlarda uzun bo'lishi afzal albatta. Vallohu a'lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan Buxoro shahar «Abu Bakr as-Siddiq» jome’ masjidida gapirish va eshitish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy suhbat tashkil etildi. Ushbu suhbatda imom-noib Dilshod domla Xodiyev ma’ruza qilib, «Musulmonning musulmonga nisbatan ehtiromi» mavzusida batafsil tushunchalar berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarning aqidaviy, fiqhiy va diniy-ijtimoiy mavzulardagi savollariga javob berildi. Jarayon malakali surdo tarjimon orqali ishtirokchilarga yetkazilib, ularning to‘liq faol ishtirokini ta’minladi.
Suhbat yakunlangach, homiylar ko‘magida ishtirokchilarga oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.
Yaratgan Haq taolo bu xayrli ishlarni bardavom va samarali aylasin!
O‘MI Buxoro viloyati vakilligi Matbuot xizmati