OZ-OZ O'RGANIB DONO BO'LUR...
* * *
ZahiruddinMuhammad Bobur xazinalari
* * *
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI
* * *
IYMON-E_''TIQOD KITOBI
* * *
NAZM
Ishorat iymon sharoyitig'a
Bilki, iymon sharoyiti bordur,
Ahli iymon aro muqarrardur.
Birisi – g'aybqa ketur iymon,
Bo'ldi iymon ya'si bedarmon.
G'ayb olamini xossayi Haq bil,
So'z budur, shar' ichra mundoq bil.
Yana Haqdin kerak umid ila biym,
Muni deb yurma: bor Hudoyi karim.
Yana bilgil halol haqni halol,
Bil haromni ham haromu vubol.
Tengrining dushmanig'a dushman bo'l,
Tengrining sevganini sevgan bo'l.
NASRIY BAYoN
Iymon shartlarining bayoni
Bilginki, iymonning shartlari bordir, (bu shartlar) ahli iymon o'rtasida muqarrar qilingandir. Birinchi, g'aybga iymon keltir. Iymon ya'si, ya'ni umidsizligi bedarmon darddir. G'ayb olamini Haq ta'oloning xos ishlaridan, sirlaridan deb bil. (Muhim) so'z ana shudir, shari'atda (e'tiqod) ana shunday deb bil.
Yana Allohdan umid bilan qo'rquv (xavf va rajo) bo'lishi lozim, Allohim karamli, deb yur(ib g'aflat va halokatga qol)ma.
Yana halol haqni halol deb bil, haromni harom va vabol – gunoh deb e'tiqod qil. Allohning dushmaniga dushman bo'l, Allohning sevganini sevgan bo'l – do'stiga do'st bo'l.
IZOH. Havf va rajo (qo'rquv va umid) iymon qushining ikki qanotidir. Yuqorida aytilganidek, bu ikkisi barobar bo'lishi shartdir. Allohning rahmatidan umid uzish mumkin emasligiga dalil ushbu oyati karimadir:
Zumar surasi, 53-oyat ma'nosi: “Aytingki: «(Alloh bundoq der:) «Ey Mening o'z o'zlariga qarshi (gunoh qilib) haddan oshgan bandalarim! Allohning rahmatidan umid uzmanglar!..»
“Muni deb yurma: bor Hudoyi karim” satri ushbu oyati karimaga ishorat qiladi Luqmon surasi, 33-oyat ma'nosi: «(Ey insonlar!) O'ta aldamchi (shayton va uning do'stlari) ham sizlarni Alloh(ning afvi, karami va marhamati keng, gunohlar qilib yayrab qolaveringlar degan firib) bilan aldab qo'ymasin (gunohga botirib, ibodatdan chalg'itmasin)!».
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK.
Yarmuk – musulmon va Rum qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang. Unda asrlar o‘tsa-da, mangulikka yuz tutgan ajib lavhalar bor. Ularning ba’zilari quyidagilardir:
Urushning ayni qizigan pallasi. Bir kishi Abu Ubayda ibn Jarroh hazratlariga yaqinlashdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Men shahid bo‘lishga astoydil bel bog‘ladim”, dedi. Haligi kishi: “Biror-bir gapingiz bo‘lsa ayting, men Rasululloh bilan ko‘rishgan paytim u zotga yetkazib qo‘yaman”, dedi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: «Ha, u zotga buni yetkaz: “Rasululloh, bizlar Robbimizning va’dasi haq ekanini topdik”», dedilar.
Rum qo‘shinlarining hujumi kuchaygan paytda Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu musulmonlarning orasida: “Alloh taolo meni hidoyat qilmasidan avval men Rasulullohga qarshi jang qilardim, endi bugun Allohning dushmanlaridan qochib ketamanmi!” – deya jar solardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Jahl yana: “Kim o‘limga bay’at qiladi?”[1] – dedi.
Musulmonlarning bir jamoasi u zotga bay’at qilishdi va ularning barchasi birgalikda jang maydoniga kirishdi. Ularning maqsadlari g‘alaba va shahidlik edi. Alloh taolo ularning bay’atlarini qabul qildi va ularning bari Allohning inoyati ila shahidlikka erishdilar.
Tarix zarvaraqlariga e’tibor qarating. Buyuk qo‘mondon Xolid ibn Valid 100 kishilik qo‘shini bilan to‘rt ming kishilik Rum qo‘shinlariga qarshi turdilar. Qarang-a! Yuz kishilik qo‘shin to‘rt mingta askarga qarshi chiqib, ularni yengsa-ya?! Bu ularning qalblari Allohga bo‘lgan iymonlari bilan to‘lib-toshgani ekanining belgisi emasmi?!
Urush biroz tinchib turgan paytda Xolid ibn Validning oldiga Jo‘rja ismli Rum qo‘mondoni keldi va: “Ey Xolid, nimaga da’vat qilyapsan? Ayni paytda Islomni qabul qilgan kishiga ham sizlarga berilgandagi kabi ajru savob nasib qiladimi?” – deb so‘radi.
Sahobiy: “Ha. Undan ko‘prog‘i ham nasib etishi mumkin”, dedi.
“Qanday qilib? Axir sizlar avvaldan musulmon bo‘lib, o‘zib ketgansizlar-ku?!” – dedi Rum qo‘mondoni. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashadik va u zotning mo‘jizalariga guvoh bo‘ldik.
Bizning ko‘rganlarimizni ko‘rib, biz eshitgan narsalarni eshitgan odam Islomni osonlikcha qabul qilishi haqiqat. Lekin sizlar u zotni ko‘rmagansizlar, u zotning gaplarini eshitmagansizlar, bunday holda g‘aybga iymon keltirgan bo‘lasizlar. Agar sizlar niyatingiz, qalbingiz ila Allohga iymonda rostgo‘y bo‘lsalaringiz, sizlarning savoblaringiz buyukroq bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarni eshitgan Rum qo‘mondoni oh urdi va: “Ey Xolid, menga Islomni o‘rgat”, deya o‘zini Xolid roziyallohu anhu tarafga tashladi.
Shunday qilib Rum qo‘mondoni Islomni qabul qildi. Alloh taolo uchun ikki rakat namoz o‘qidi, haqiqatda ikki rakat, bundan boshqacha emas. Ikki taraf yana urushga kirishdi. Jo‘rja endi musulmon askarlar safida shahidlik maqomiga erishish ilinjida jang qilardi.
Ha! O‘sha ikki rakat namoz sababidan Allohning izni ila unga jannat nasib etdi, uning bundan boshqa amali yo‘q edi...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Buning ma’nosi: “Men o‘lgunimcha shu jang maydonidan ortga chekinmayman, to so‘nggi nafasim qolgunicha musulmonlar safida Allohning dushmanlariga qarshi jang qilaman, meni faqatgina o‘lim to‘xtata oladi” (Tarj.).