O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon domla Islomovning akalari va akasining o'g'illari vafot etgani munosabati bilan u kishining barcha oila a'zolariga va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo, olamdan o'tganlarning barcha solih amallarini o'zlariga hamroh aylab, O'z mag'firatiga olsin.
Haq taolo marhumlarning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq va samimiy muloqotlar fuqarolarning muammolarini bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilishi natijasida ko‘plab masalalar joyida va ijobiy hal etilmoqda.
Xususan, bugun, 4 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Muloqot davomida imom-xatiblar faoliyati, haj va umra ziyoratlari, diniy ta’lim tizimi, oilaviy munosabatlar hamda ijtimoiy ko‘makka oid murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Qabulda oilaviy masalalar yuzasidan kelganlarga shar’iy yechimlar va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz Diniy idora rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu kabi qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari va jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati