Mamlakatimizning Bokudagi elchixonasi Ozarbayjon turizm va menejment universitetida tahsil olayotgan vatandoshimiz Mahmud Qorayev ko'magida O'zbekiston sayyohlik salohiyatining onlayn-taqdimotini o'tkazdi. Unda Ozarbayjon turizm va menejment universiteti rahbariyati va talabalari, «Yayra Tour» va «More Tour» sayyohlik kompaniyalari vakillari qatnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Taqdimot ishtirokchilari O'zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, mamlakat turizm sanoatining yangi qiyofasi, uning xalqaro standartlarga javob beradigan rivojlangan infratuzilmasi bilan tanishtirildi.
Shuningdek, mamlakatimiz tarixi, YuNESKO Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Hiva, Shahrisabz va Farg'ona vodiysi shaharlari me'morchiligi va madaniyatining eng qadimiy yodgorliklari haqida ma'lumot taqdim etildi.
Bundan tashqari, ziyorat turizmi salohiyati, yangi viza siyosati, sayyohlik vizalari berishning soddalashtirilgan tartibi, turizm sohasidagi sarmoyaviy imkoniyatlar haqida so'zlab berildi.
Elchixona o'zbekistonlik sayyohlarni Ozarbayjonga va ozarbayjonlik sayyohlarni O'zbekistonga etkazish uchun ikki tomonlama charter aviaqatnovlarini tashkil etishga ko'maklashish orqali O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi sayyohlik oqimini tiklash bo'yicha amaliy choralar ko'rayotgani ta'kidlandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Andijon viloyati Izboskan tumanidagi baxtsiz hodisa ro‘y bergan “Ahmadali hoji” jome masjidini mutasaddilar ishtirokida ko‘zdan kechirdilar. Voqea tufayli ta’ziyali bo‘lgan xonadonlarga hamdardlik bildirdilar. Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, marhumlar haqiga bag‘ishlandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 31 mart kuni (https://t.me/muslimuzportal/40908) masjid tahoratxonasida gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida bir necha fuqaro halok bo‘lib, 10 kishi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa natijasida tahoratxona devor va tom qismiga zarar yetgan, yong‘in sodir bo‘lmagan.
Muftiy hazratlari boshchiligidagi ulamolar vafot etganlarning janoza namozlarida, ma’raka-marosimlarida haqlariga duolar qilishdi. Marhumlarning yaqinlariga moddiy-ma’naviy tasalli berildi. Tan jarohati olib, shifoxonalarda muolaja olayotganlarga tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tilandi.
Halok bo‘lganlarning oila a’zolariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan moddiy yordamlar berildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan moddiy yordam pullari ham to‘lash nazarda tutilgan. Masjidning talafot ko‘rgan qismini qayta tiklash ishlari uchun ham belgilangan tartibda mablag‘lar ajratiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati