Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Fevral, 2026   |   7 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:47
Quyosh
07:06
Peshin
12:41
Asr
16:24
Shom
18:11
Xufton
19:23
Bismillah
24 Fevral, 2026, 7 Ramazon, 1447

Muftiy Usmonxon Alimov: Sulton Uvays Qaroniy hazratlari Alloh taoloning valiy zotlaridan, Payg'ambar alayhissalom oshiqlari sardorlaridan bo'lganlar

20.02.2021   2839   2 min.
Muftiy Usmonxon Alimov: Sulton Uvays Qaroniy hazratlari Alloh taoloning valiy zotlaridan, Payg'ambar alayhissalom oshiqlari sardorlaridan bo'lganlar

Habar berganimizdek, bugun, 20 fevral' kuni Namangan viloyati Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi majmuasining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda Sulton Uvays Qaraniyga bag'ishlangan ilmiy anjuman ham o'tkazildi.

Anjuman davomida Muftiy hazratlari nutq qilib, mo'min-musulmon xalqimiz, xususan, Namangan aholisini muborak qadamjoning ochilgani bilan samimiy muborakbod etdilar, so'ng Sulton Uvays Qaroniy hazratlari haqida ta'sirli ma'ruza qilib, jumladan bunday dedilar:

– Darhaqiqat, mo''tabar ulamolarimiz: “Solih insonlar eslanganda Allohning rahmati nozil bo'ladi”, deydilar.

Qur'oni karimda aziz avliyo zotlar xususida bunday marhamat qilinadi: “Ogoh bo'lingizki, albatta, Allohning valiylari (do'stlari)ga xavf yo'qdir va ular tashvish ham chekmaslar” (Yunus surasi, 62-oyat).

Tafsir kitoblarida “Allohning do'stlari”, ya'ni avliyolar xususida juda ham ko'p ma'lumotlar keltirilgan. Jumladan, ular toat-ibodat bilan Allohga yaqin bo'luvchi, Alloh esa ularga fazlu karomati bilan yaqin bo'lgan kishilardir, deb ifodalangan.

Shuningdek, odamlar Qiyomat vahimasidan qo'rqqanda ular qo'rqmaslar, odamlar gunohlaridan tashvish chekkanda ular tashvish chekmaslar, deb ham ta'rif berilgan.
Sulton Uvays Qaroniy hazratlari ana shunday valiy zotlardan bo'lganlar. U zot Islom olamida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga g'oyibona oshiq bo'lganlarning sardori sifatida ham mashhurdir.

Uvays Qaroniy Payg'ambarimiz alayhissalom hayotlik davrlariga etishgani holda, u zot ila ko'risha olmay, g'oyibona imon keltirgan. Sahobai kiromlarning ko'plari bilan ko'rishgan Hazrati Uvays Qaroniy tobeinlarning ulug'laridan bo'lgan. Bu haqda Hazrat Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ora-sira Yaman tarafga yuzlarini burib, bunday der ekanlar: “Yaman tomondan rahmat shabadalari esmoqda. Ehson va ezgulikda tobeinlarning eng yaxshisi Uvays Qaroniydir”.

Alloh taolo Hazrat Uvays Qaroniyga bergani kabi bizning qalbimizga ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xolis muhabbatni jo qilsin.

Muftiy hazratlari ma'ruzasi yakunida ilmiy anjuman ishiga ulkan muvaffaqiyatlar tilab, Alloh taolodan xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka, sihat-salomatlik, elimizni turli balo-ofatlardan asrashini, ushbu majmuani xalqimizga uzoq yillar ma'naviyat va ma'rifat maskani sifatida xizmat bo'lshini so'rab xayrli duolar qildilar.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Janubiy Koreyadagi vatandoshlar bilan Ramazon suhbatlari o‘tkazilmoqda

23.02.2026   2577   1 min.
Janubiy Koreyadagi vatandoshlar bilan Ramazon suhbatlari o‘tkazilmoqda

Mamlakatimiz rahbariyati tashabbusi bilan xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz holidan xabar olish, ular bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida bir guruh taniqli ulamolar va imom-xatiblar xizmat safariga yo‘l olgan edi.
 

Ayni paytda Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib turgan Shahrisabz shahridagi “Hazrati Imom” masjidi imom-xatibi Akmal qori Nizomov vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Jumladan, Mokpo shahrida mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar bilan samimiy muloqotlar tashkil etildi.


Uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — vatandoshlarimizga muborak Ramazon oyini ko‘tarinki ruhda, ibodat va ezgu amallarga boy tarzda o‘tkazishlariga ko‘maklashish, ularning diniy savodxonligini yanada oshirishdan iborat.


Suhbatlar davomida ro‘za tutishning fazilatlari, tarovih namozining ahamiyati, sabr-qanoat, ahillik va o‘zaro hurmat masalalari atroflicha yoritildi. Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, amaliy tavsiyalar taqdim etildi.


Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar xorijdagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning yuksak ma’naviy ruhini mustahkamlash va Vatan bilan bog‘liqlik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Janubiy Koreyadagi vatandoshlar bilan Ramazon suhbatlari o‘tkazilmoqda Janubiy Koreyadagi vatandoshlar bilan Ramazon suhbatlari o‘tkazilmoqda
O'zbekiston yangiliklari