Toshkentda "Terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda yoshlarning o'rni" mavzusida xalqaro anjuman bo'lib o'tdi.
Ushbu anjuman o'tkazilishi haqida saytimizda xabar bergan edik.
Anjuman O'zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi, Taraqqiyot dasturi, Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha boshqarmasi, shuningdek, YeHHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori, Osiyoda hamkorlik va o'zaro ishonch choralari bo'yicha kengash, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) kabi xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda ushbu tuzilmalarga a'zo mamlakatlar yoshlari o'rtasida terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishga e'tiborni yanada kuchaytirish, shuningdek, birgalikda samarali faoliyat olib borishga doir masalalar muhokama qilindi.
O'zA xabariga ko'ra, tadbirda ishtirok etgan O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Aziz Abduhakimov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yil – Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e'lon qilinganini qayd etarkan, shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturida yoshlarning jamiyatdagi o'rnini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilganini ta'kidladi. So'nggi uch yilda mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalari soni 60 foizga oshib, ayni damda 116 taga etgani ham ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.
Anjumanda, shuningdek, onlayn tarzda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Bag'dat Amreev, OHIChK Kotibiyati Ijrochi direktori Qayrat Saribay, MDH Ijroiya qo'mitasi Raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, BMT Bosh kotibi o'rinbosari Vladimir Voronkov va boshqa qator nufuzli xalqaro tuzilmalar mas'ul vakillari ham so'zga chiqishdi.
– Bugungi kunga kelib er yuzida istiqomat qilayotgan qariy 8 milliard kishining 2,3 milliardi yoshlar, – deydi A.Abduhakimov. – O'zbekistonda 30 yoshgacha bo'lgan o'g'il-qizlar mamlakat aholisining 55 foizini, ya'ni 18 million nafarini tashkil etadi. Shu ma'noda ko'pgina davlatlarda ekstremizm, terrorizm va radikalizm kabi g'oyaviy tahdidlarning yoshlar ongiga salbiy ta'siri boshqa xavfli omillarga nisbatan birmuncha yuqori. Halqaro hamjamiyat, xorijiy va mintaqaviy tashkilotlar tomonidan jahon miqyosida ushbu xatarlarga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Tabiiyki, ayni yo'nalishda ma'lum ma'noda ijobiy natijalarga ham erishilmoqda.
Videokonferentsiya dasturidan o'rin olgan mavzular bo'yicha 4 ta sho''ba yig'ilishida xalqaro ekspertlar, xorijiy mamlakatlar kuzatuvchilari terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi samarali kurashish bo'yicha o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda odamlarni hayotdan rozi qilish, har bir odamning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda turli soha vakillariga ehtirom ko‘rsatish muhim vazifa etib belgilangan.
Ayniqsa, yon-atrofimizni obod va ozoda qiladigan kasb egalarini qadrlash — insonparvar jamiyatning asosiy belgisidir.
Shu maqsadda, 30 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Hazrati Imom" majmuasida poytaxtimiz obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish xodimlari uchun ehson dasturxoni yozilib, iliq so‘zlar ila hadyalar ulashildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ullari va 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan inson qadrini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va bu har bir hamyurtimiz hayotida o‘z aksini topayotganini alohida ta’kidlash barobarida mazkur kasb egalarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ular tufayli yurtimiz obod, ko‘chalarimiz orasta, atrof-muhitimiz pokiza va qalblarimiz ravshan bo‘lishini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida ana shunday fidoyi insonlar dinimizda yuksak qadrlanishini ta’kidlab, yo‘ldan ozorni ketkazish ham iymondan sanalishini, Islomda poklikka alohida e’tibor qaratilishi uning iymon bilan bog‘langanidan ham yaqqol ko‘rinishini aytib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Poklik iymonning yarmidir”, degan hadislarini yodga oldilar.
Muxtasar qilib aytganda, tadbirda jamiyat farovonligi, avvalo, insonga bo‘lgan e’tibor, uning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishdan boshlanishi ta’kidlandi. Poytaxtimiz obodligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan obodonlashtirish xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik davlatimizda har bir insonning mehnati va qadri e’zozlanishining yaqqol namunasi ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan sohada faollik ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa oziq-ovqat jamlanmalari hadya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati